Rafieva Feruza Umidulloevnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G.mustelinum Miers ex Watt turining boshqa poliploid g‘o‘za turlari bilan filogenetik munosabatlarini o‘rganish asosida yangi donorlar olish», 03.00.09–Umumiy genetika (biologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/V35.

Ilmiy rahbar: Rizaeva Safiya Mamedovna, biologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.29.08.2017.V.53.01.

Rasmiy opponentlar: Ibragimov Paridun Shukurovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Sultonov Amad Saidkarimovich, biologiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: G.mustelinum Miers ex Watt turining G.hirsutum L. va G.barbadense L. turlari turichi xilma-xilliklari vakillari hamda G.darwinii Watt. turi bilan o‘zaro filogenetik munosabatlarini aniqlash, turlararo duragaylash asosida yangi irsiy asosga ega donorlar olishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

G.mustelinum Miers ex Watt turini Karpas Raf. kenja turkumiga mansub boshqa poliploid turlar - G.hirsutum L. va G.barbadense L. turlari va ularning turichi xilma-xilliklari vakillari hamda G.darwinii Watt turi bilan filogenetik munosabatlari aniqlangan va ularning yangi filogenetik sxemasi ishlab chiqilgan;

G.mustelinum Miers ex Watt turining G.hirsutum L.turiga mansub madaniy-tropik (ssp. glabrum var. marie-galante) shakliga filogenetik qarindoshlik jihatidan yaqinligi isbotlangan;

G.mustelinum Miers ex Watt turini duragaylashda onalik shakl sifatida foydalanilganda ko‘sakda to‘liq urug‘lar tugilish darajasining past bo‘lishi uning endemikligi va evolyusiya jarayonida chetdan changlanishi chegaralangan tur ekanligi bilan bog‘liqligi ochib berilgan;

turlararo F1 duragaylarida tola uzunligi qisman dominantlik, o‘suv davri davomiyligi, tola chiqimi, bitta ko‘sakdagi paxta vazni va 1000 dona chigit vazni salbiy va ijobiy dominantlik holatida irsiylanishi aniqlangan;

F2 va F1V1 duragaylarida tola chiqimi, bitta ko‘sakdagi paxta vazni va 1000 dona chigit vazni bo‘yicha ijobiy transgressiya holati aniqlangan;

G.mustelinum Miers ex Watt turining madaniy tropik ssp. euhirsutum («Beshqahramon» navi) shakli ishtirokidagi turlararo F1 duragaylarida kun uzunligiga talabchanlik belgisi bo‘yicha navning ijobiy dominantligi ochib berilgan;

F2 duragaylarida kun uzunligiga talabchanlik belgisi polimer genlarning nokumulyativ ta’sirida 15:1 nisbatda irsiylanishi va bu belgining namoyon bo‘lishi G.mustelinum Miers ex Watt turida resessiv, madaniy navda esa dominant genlar ta’siri ostida nazorat qilinishi isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

G.mustelinum Miers ex Watt turining Karpas Raf. kenja turkumiga mansub boshqa poliploid turlar va turichi xilma-xilliklari vakillari bilan filogenetik munosabatlarini tadqiq qilish bo‘yicha olingan natijalar asosida:

G.mustelinum Miers ex Watt turining Karpas Raf. kenja turkumiga mansub boshqa poliploid turlar va turichi xilma-xilliklari vakillari bilan filogenetik munosabatlarini tadqiq qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar «Qurg‘oqchilik sharoitlarida noan’anaviy o‘g‘itlardan foydalangan holda texnik ekinlarning etishtirish texnologiyalarini takomillashtirish» mavzusidagi loyihada madaniy navlarning genotiplarini boyitish va tashqi muhitning biotik va abiotik stress omillariga chidamli yangi barqaror g‘o‘za liniyalari va navlarini yaratish maqsadlarida foydalanilgan (Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jalik vazirligi Ilmiy-texnologik siyosat va ta’lim Departamentining 2017 yil 30 oktyabrdagi 3442/07-01-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar «PGSSX-1», «PGSSX-7», «Vostok» (VK)-11» duragay shakllari va «L-396 b7», «L-214», «L-501», «ML-114» tizmalarining morfobiologik va qimmatli xo‘jalik belgilarining irsiylanishi va o‘zgaruvchanlik xarakterini aniqlash imkonini bergan;

noyob transgressiv rekombinant shakllar FA-A8-T019 raqamli «G‘o‘zaning yangi adaptiv, qimmatli xo‘jalik belgilarini o‘zida mujassam etgan, tezpisharlik, hosildorlik va tola sifati ustuvorligida navlar yaratish va ko‘paytirish, konkurs nav sinovini o‘tkazish» mavzusidagi loyihada tola chiqimi va uzunligi yuqori hamda IV tipga mansub tizma va navlar olishda boshlang‘ich manbalar sifatida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2017 yil 31 oktyabrdagi 4/1255-2298-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar yangi sintetik genotiplar majmuasi bilan boyitilgan g‘o‘za tizmalarini yaratish imkonini bergan;

G.mustelinum Miers ex Watt turining boshqa poliploid turlar va turichi xilma-xilliklari bilan o‘zaro filogenetik munosabatlarini belgilovchi sxema asosida xamda turlararo duragaylash natijasida olingan transgressiv shakllar respublika «G‘o‘za genofondi» noyob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2017 yil 31 oktyabrdagi 4/1255-2297-son ma’lumotnomasi). Ushbu noyob shakllar g‘o‘zaning dunyoviy genofondini boyitish hamda g‘o‘za turlari va ularning turichi xilma-xilliklari bo‘yicha elektron bazasini shakllantirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish