G‘aybullaev G‘ulom Saydalimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yumshoq bug‘doyning intensiv navlarini yaratish va urug‘larni ekinboplik sifatlarini yaxshilash yo‘llari», 06.01.08–O‘simlikshunoslik va 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Qx76.
Ilmiy rahbar: Xalilov Nasriddin, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti, PhD.27.06.2017.Qx.12.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Atabaeva Halima Nazarovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Mamatqulov Tursunqul, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sug‘oriladigan erlar uchun intensiv tipdagi, don sifati yuqori hamda qimmatli bug‘doy talablariga javob beradigan kuzgi yumshoq bug‘doy navlarini yaratish, urug‘lik uchun ekilgan kuzgi bug‘doy hosildorligini oshiradigan, urug‘larning ekinboplik sifatlarini yaxshilaydigan agrotexnologiyani ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor yumshoq bug‘doy seleksiyasi uchun dastlabki ashyo sifatida foydalaniladigan nav namunalari jahon kolleksiyasidan ajratib olingan;
qimmatli xo‘jalik-biologik xususiyatlarga ega nav va nav namunalari o‘rtasida duragaylash o‘tkazilib, duragay populyasiyalari ichidan yangi tizmalar tanlab olingan va intensiv tipdagi yangi «Jasmina», «Farboma», «Amira» navlari yaratilgan;
agrotexnologik omillarga bog‘liq holda urug‘lik chiqimining o‘zgarishi aniqlangan;
sug‘oriladigan erlarda maqbul ekish va o‘g‘it me’yorlarining kuzgi yumshoq bug‘doy urug‘lik hosili, ekinboplik sifatlari yuqori urug‘lik olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Yumshoq bug‘doyning intensiv navlarini yaratish va urug‘larni ekinboplik sifatlarini yaxshilash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
kuzgi bug‘doyni etishtirish va uning urug‘chiligini tashkil etish bo‘yicha «Yangi yaratilgan bug‘doy navlarining agrotexnikasi» va «Sifatli urug‘lik don etishtirish texnologiyasi» tavsiyanomalari ishlab chiqilib, fermer xo‘jaliklariga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 16 oktyabrdagi 02/21-544-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida «Jasmina» navidan gektariga 76,2 sentner don hosili olinib, rentabellik darajasi 150,8 foizni tashkil etgan;
kuzgi yumshoq bug‘doyning «Jasmina» va «Farboma» navlari yaratilgan, «Jasmina» navi 2016 yilda asosiy nav, «Farboma» navi 2017 yilda istiqbolli nav sifatida Davlat reestriga kiritilgan (Davlat nav sinash komissiyasining 2016 yil 28 martdagi 549-son ma’lumotnomasi). Ushbu bug‘doy navlaridan ilg‘or g‘allachilik fermer xo‘jaliklarida gektaridan 80–90 sentnergacha hosil olishga erishilgan;
Zarafshon vodiysi sharoitida sug‘oriladigan erlarda kuzgi bug‘doyning intensiv tipidagi «Jasmina» va «Krasnodarskaya 99» navlari uchun yuqori hosil va sifatli urug‘ olishning maqbul agrotexnologiyalari urug‘chilik xo‘jaliklarida 605 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 16 oktyabrdagi 02/21-544-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida «Krasnodarskaya 99» navidan gektariga 74,6 sentner don hosili olingan va rentabellik darajasi 143,6 foizni tashkil etgan.