Nizomova Maxsuda Usmonqulovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston sharoitida gidroponika usuli bilan pomidor etishtirish texnologiyasini ishlab chiqish», 06.01.02–Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Qx9.
Ilmiy rahbar: Shamsiev Akmal Sadirdinovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Isaev Sabirjon Xusanbaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Niyazaliev Begali Irisalievich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot nomi: Andijon qishloq xo‘jalik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: gidroponika usuli bilan pomidor etishtirishda mahalliy sanoatda ishlab chiqarilayotgan mineral o‘g‘itlar va gidroponika materiallarini tanlash hamda ular asosida pomidor etishtirish texnologiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor gidroponika usulida pomidorni mineral oziqa moddalariga bo‘lgan fiziologik talabidan kelib chiqqan holda mahalliy sanoatda ishlab chiqilgan (kal`siy nitrat, kaliy sul`fat, korbomid, magniy sul`fat, ammafos) o‘g‘itlaridan asosiy va ishchi eritmalar tayyorlash usullari ishlab chiqilgan;
issiqxona sharoitida gidroponika usuli bilan pomidor etishtirish uchun mahalliy prelit tolasi va opilka+go‘ng aralashmasidan tayyorlangan gidroponika materiallari tanlangan hamda ularning maqbul namligi, harorati ES, pH ko‘rsatkichlari aniqlangan;
tomchilatib sug‘orish usuli bilan gidroponika sharoitida etishtirilgan pomidorning maqbul sug‘orish soni, muddatlari, mavsumiy va nisbiy suv sarfi hamda gidroponika materiallaridan chiqadigan oqava suv me’yorlari aniqlangan;
gidroponika sharoitida qo‘llaniladigan tomchilatib sug‘orish tizimining avtomatlashtiririlgan modeli yaratilgan;
gidroponika usuli bilan pomidor etishtirishda o‘simlikning o‘suv fazalariga o‘tish davomiyligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Gidroponika usuli bilan pomidor etishtirish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
issiqxonalarda pomidorni gidroponika usuli bilan etishtirish bo‘yicha «Gidroponika usulida pomidor etishtirish texnologiyasi» tavsiyanomasi ishlab chiqilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 10 noyabrdagi 02/22-582-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyanoma respublikamizda namunaviy loyihalar asosida tashkil etilgan gidroponika issiqxonalarida qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
gidroponika usulida pomidor etishtirishda mahalliy sanoatda ishlab chiqarilgan mineral o‘g‘itlardan kal`siy nitrat, magniy sul`fat, nitrat kislotasi (suyuq o‘g‘it), ammafos va korbamidlar bilan tomchilatib sug‘orish tizimida suvda erigan holda oziqlantirish texnologiyasi Toshkent viloyati, Qibray tumanidagi «Gidroponika markazi»da 0,5 gektar hamda Yuqori Chirchiq tumanidagi «Agroinnovatsiya» davlat unitar korxonasi gidroponika issiqxonasida 0,5 gektar jami 1,0 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 10 noyabrdagi 02/22-582-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu mahalliy mineral o‘g‘itlar gidroponika sharoitida pomidor etishtirishda umumiy o‘g‘itlar sarfining 60 foizini tashkil etgan, chetdan keltiriladigan o‘g‘itlar miqdori kamayishi hisobiga mahsulot ishlab chiqarish xarajatlari 20-25 foizgacha tejalgan.