Po‘latov Muhiddin Egamberdievichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Intellektual kapital hisobi va auditi metodologiyasini takomillashtirish», 08.00.08–Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit (iqtisodiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:B2017.1.DSc/Iqt22.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017.I.17.01.

Rasmiy opponentlar: Ibragimov Abdugapur Karimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Qurbanov Ziyat Niyazovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Karimov Ne’matulla Fatxullaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotningmaqsadi: intellektual kapital hisobi va auditi metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-nazariy va amaliy yo‘nalishdagi taklif hamda tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

gudvill tarkibida hisobga olinayotgan qiymatlar hisobini alohida yuritish hamda gudvillga doir amaldagi hisob yuritish tizimini mutanosiblik tamoyillari asosida takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan;

iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish talablaridan kelib chiqqan holda «Nomoddiy aktivlar» (0400) schyotini «Intellektual kapital» deb yuritish asoslangan hamda uning tarkibini inson kapitali, tarkibiy kapital va iste’mol kapitali uchun alohida schyotlar tashkil etilishi negizida restrukturizatsiyalash bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan;

intellektual kapitalning tarkibiy tuzilmasi, uning buxgalteriya hisobi va audit ob’ekti sifatida qaralishi, ularni «kapital» sifatida tan olishning mezonlar tizimi va baholanish tartiblari takomillashtirilgan;

intellektual kapitalni shakllantirishga yo‘naltiriladigan investisiyalar buxgalteriya hisobining ko‘p bosqichli xususiyatlari asoslangan, intellektual kapital haqidagi axborotlarni tashqi foydalanuvchilarga taqdim etishga mo‘ljallangan hisobot shaklining tuzilishi va ko‘rsatkichlari hamda aks ettirish tizimi takomillashtirilgan;

intellektual kapital biznes auditini amalga oshirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlari va ular o‘zaro bog‘liqligining takomillashgan zanjiri, intellektual kapital haqidagi ma’lumot manbalari auditini amalga oshirish ketma-ketligi asoslangan;

intellektual kapital auditini biznes faoliyatga ta’sirini baholash va uning umumiy biznes jarayoniga miqdoriy-sifat jihatdan ta’sirini prognozlashtirish uslubiyati takomillashtirilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Intellektual kapital hisobi va auditi metodologiyasinitakomillashtirishbo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:

gudvill tarkibiga kiruvchi noaniq nom, qiymat va samaradorlikka ega bo‘lgan aktivlarning alohida tan olinishi, aktivlar tarkibi aniqlashtirilishi, qiymatlarining belgilanishi va ulardan olinayotgan samaradorlik darajasi aniq baholanishi, intellektual kapital tarkibiy komponentlari, ularni shakllantirishga yo‘naltirilgan investisiyalar buxgalteriya hisobi tayanch tamoyillari va qoidalarini takomillashtirishga oid natijalar Moliya vazirligining tegishli buyrug‘i (05.09.2016y., №66) bilan tasdiqlangan «Nomoddiy aktivlar» nomli 7-son BHMSni yangi tahrirda tasdiqlash jarayonida foydalanilgan (Moliya vazirligining 2017 yil 9 iyundagi MM/04-04-37-08/377-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish gudvill tarkibida noo‘rin hisobga olib kelinayotgan hisob ob’ektlarining alohida sintetik va analitik schyotlarda hisobga olinishiga, ulardan ko‘rilayotgan samaradorlikning aniq baholanishini tashkil etishga xizmat qilgan;

korxonalar moliyaviy hisobotlar tizimini isloh qilish tamoyillari, jumladan intellektual kapital haqidagi hisobot shakli va unda ma’lumotlarni aks ettiruvchi ko‘rsatkichlar tizimiga doir ilmiy natijalar Moliya vazirligining tegishli buyrug‘i (19.10.2016y., №80) bilan tasdiqlangan «Moliyaviy hisobot shakllari va ularni to‘ldirish bo‘yicha qoidalar»ga qo‘shimchalar kiritishda foydalanilgan (Moliya vazirligining 2017 yil 9 iyundagi MM/04-04-37-08/377-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish intellektual kapital haqidagi iqtisodiy ma’lumotlardan foydalanuvchilarga qulayliklar yaratish, ma’lumotlar tizimining uzluksizligini ta’minlab, investorlarga maqsadli qarorlar qabul qilishida sharoitlar yaratilishiga imkon bergan;

korxonalar va audit institutlari o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, xususan intellektual kapital tarkibiga kiruvchi inson kapitali, tashkiliy kapital va iste’mol kapitali xususiyatlariga bog‘liq holda «Biznes auditi» tushunchasi, «Biznes auditini tashkil etish sxemasi», intellektual kapital auditini amalga oshirish ketma-ketligiga oid ilmiy natijalar Moliya vazirligining tegishli buyrug‘i (19.10.2016y., №81) bilan tasdiqlangan «Auditorlik faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumot shakli va uni to‘ldirish qoidalar»iga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritishda foydalanilgan (Moliya vazirligining 2017 yil 9 iyundagi MM/04-04-37-08/377-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish intellektual kapital auditi biznes ko‘lamini to‘liq qamrab olish, uning istiqbolga qaratilganligini inobatga olgan holda, auditor uchun ishlar samaradorligi, audit rejasining optimal tuzilishi va dasturni amalga oshirishda sezilarli engilliklarga ega bo‘lishiga, auditning «javobgarlik ko‘lamini» nafaqat biznesning moliyaviy ko‘lamiga, balki butun biznes tizimini kengaytirishga imkon bergan;

engil sanoat tarmog‘ida inson kapitalini inobatga olgan holda ishlab chiqarish samaradorligi holati ekonometrik usul bilan baholanib, tarmoqda yalpi ishlab chiqarishni jadallashtirish uchun innovatsion omillarga ko‘proq e’tiborni qaratish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi ilmiy natijalardan «O‘zbekengilsanoat» aksionerlik jamiyati faoliyatini 2017–2021 yillarda rivojlantirish dasturi»ni ishlab chiqishda foydalanilgan («O‘zbekengilsanoat» AJning 2017 yil 10 yanvardagi 2-son bayonnomasi, 2017 yil 17 yanvardagi BS-12-135-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning joriy qilinishi engil sanoat tarmog‘ida mehnat xarajatlarini qo‘shimcha ravishda 1% ga oshirish tarmoqni qo‘shimcha ravishda 0,25% ga, fizik kapitalni qo‘shimcha ravishda1% ga oshirish tarmoqni qo‘shimcha ravishda 0,3% ga oshirish hamda engil sanoat tarmog‘ida inson kapitaliga xarajatlarni 1% ga oshirish tarmoqning qo‘shimcha ravishda 0,55% ga o‘sishga olib kelgan;

uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishning barqarorligini ta’minlash maqsadida ko‘p variantli va ko‘p omilli dispersion va korrelyasion tenglamalardan foydalanish metodologiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan respublikada inson kapitaliga kiritilayotgan umumiy investisiyalar ko‘lamining yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlariga ta’sirini prognoz qilish amaliyotida foydalanilgan (Davlat statistika qo‘mitasining 2017 yil 14 iyuldagi 5-son Hay’at yig‘ilishi bayonnomasi, Davlat statistika qo‘mitasining 2017 yil 17 iyuldagi 01/1-04-16/2-33 son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy natijalarning joriy qilinishi sohada intensiv o‘sish omillarini nafaqat miqdor, balki sifat ko‘rsatkichlarda ham baholash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish