Zokirova Sanoatxon Xomdomovnaning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Markaziy Farg‘ona qumliklarining agrofizikaviy, agrokimyoviy xossalari, genezisi va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishning ilmiy asoslari», 06.01.03–Agrotuproqshunoslik va agrofizika (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Qx8.

Ilmiy maslahatchi: Yuldashev G‘ulom, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx/B.43.01.

Rasmiy opponentlar: Qurvantoev Raxmontoy, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori; Abdullaev Anvar Xaydarovich, biologiya fanlari doktori; Isashev Anvarjon, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Markaziy Farg‘ona qumliklarining ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va eroziyadan saqlash texnologiyalarini takomillashtirish hamda qishloq xo‘jalik ekinlarini parvarishlashning yangi agrotexnologiyalarini ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor tabiiy ekranli qumli maydonlarda javdar o‘simligi poyasini 14–15 sm qoldirilishi natijasida ularning agrofizikaviy va agrokimyoviy xossalari yaxshilanganligi hamda oziqa rejimi boyiganligi isbotlangan;

mineral va organik o‘g‘itlarni eng samarali me’yorini qo‘llanilganda deflyasiya ta’sirida bo‘lgan do‘ng-barxanli, qumli erlarda g‘o‘za va g‘o‘za majmuidagi ekinlarning hosildorligi yaxshilanishi aniqlangan;

tabiiy va sun’iy ekranlarni hosil qilish orqali qumli erlarni ekologik-meliorativ holatini yaxshilovchi va suv tejovchi texnologiya ishlab chiqilgan;

fermer xo‘jaliklari paxta maydonlarida tabiiy ekran hosil qilinishi natijasida ko‘saklarni 3-4 kunga erta ochilishi aniqlangan;

atrof muhit ekologik holatini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar orqali zovur va ariq chiqindilaridan foydalanish agrotexnologiyasi ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Markaziy Farg‘ona qumliklarining agrofizikaviy, agrokimyoviy xossalari, genezisi va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish borasida olib borilgan tadqiqotlar asosida:

Markaziy Farg‘ona qumli erlarining ishlab chiqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha «Qum tepalik va barxanlarni tekislab, ekin ekiladigan hududlarda shamol eroziyasiga qarshi kurash, suv tejovchi tartiblarni yaratish to‘g‘risida instruktiv ko‘rsatma» tayyorlangan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 3 iyuldagi 02/20-393-son ma’lumotnomasi). Ushbu instruktiv ko‘rsatma Markaziy Farg‘ona hududidagi fermer xo‘jaliklari qumli erlaridan samarali foydalanishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;

qum barxanlari 50 va 70 sm chuqurlikkacha tekislanib tabiiy ekran yaratish agrotexnologiyasi Farg‘ona viloyatining Yozyovon va Qo‘shtepa tumanlari fermer xo‘jaliklarining 2,0 ming gektar ekin maydonlariga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 3 iyuldagi 02/20-393-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida tuproqlarning agrokimyoviy, agrofizikaviy va suv fizik xossalari yaxshilangan, g‘o‘zadan har gektariga 3,0–4,0 sentner qo‘shimcha hosil olishga erishilgan;

qumliklarining agrofizikaviy va agrokimyoviy xossalari ularning genezisini tavsiflash bo‘yicha «Tuproq muhofazasi» darsligi oliy o‘quv yurtlarining 5110400 – biologiya o‘qitish metodikasi, 5110500 – Geografiya o‘qitish metodikasi, 5410500 – Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash va dastlabki ishlash texnologiyasi hamda 5211500 – Geodeziya, kartografiya ta’lim mutaxasisliklariga kiritilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 1 noyabrdagi 89-03-2654-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida «Tuproqshunoslik» va «Ekologiya» fanlarini o‘qitish sifatini oshirishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish