Davlatova Adiba Raxmatovnaning fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
 
I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Abdulla Oripov she’riyatida poetik tafakkur tadriji”,  10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.DSc/Fil182.
Ilmiy maslahatchi: Jabborov Nurboy Abdulhakimovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Dsc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Miliev Suvonqul, filologiya fanlari doktori; Karimov Bahodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor; Afoqova Nodira Mahmudovna, filologiya fanlari doktori. 
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Abdulla Oripov adabiy merosining kompleks tekshirilishi orqali shoir she’riyatida poetik tafakkur tadriji, ijodkor asarlarining psixobiografik negizlarini ochib berishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
poetik tafakkur tadriji masalasi ijod psixologiyasi, ijodiy laboratoriya, lirik qahramon va shoir birligi asosida tekshirilib, xalq og‘zaki ijodi va mumtoz she’riyat an’analari Abdulla Oripov poetik tafakkuri rivojining adabiy-estetik asosi ekani aniqlangan;
shoir poetik tafakkuri shakllanishi va tadrijida jahon adabiyotining roli masalasi tekshirilib, “Yuzma-yuz” asari Sofokl, Dante Alig`eri, Shekspir singari dunyo e’tirofiga sazovor shoiru adiblar ijodida bo‘lgani kabi taqdir, odam qadri, inson kamoloti kabi azaliy savollarga javob qidirilgani bilan ma’nan yaqin turishi dalillangan;
Abdulla Oripov poetik tafakkurida falsafiy, ijtimoiy mazmun chuqurlasha borgani, shaxsiy hayot voqeligidan o‘zi yashab turgan jamiyat, global dunyo muammolari darajasiga yuksalgani, shuning barobarida, shoir iste’dodi kamolga etgani sari xalq dahosi bilan uyg‘unlashib, xalqning orzu-intilishlari, ko‘ngil kechinmalarini milliy ruhiyat va badiiy tasvir mutanosibligida ifoda etgani aniqlangan;
ijodkor asarlari misolida vazn, janr, band, turoq singari poetik shaklga asoslangan badiiy tasvir vositalari, badiiy nutq masalalari tekshirilib, bir asarning o‘nlab matniy o‘zgarishlari, bir she’r g‘oyasining turli versiyalari, o‘ziga xos original intertekstlar ko‘plab uchrashi aniqlangan, shoir she’riyatida ko‘p qo‘llangan kema, bekat, poezd kabi obrazlarning paydo bo‘lishi, falsafiy mazmuni ochib berilgan; 
Abdulla Oripov she’riyatida lirik qahramon obrazining poetik takomili qiyosiy-tipologik negizda dalillanib, Vatan va xalq obrazlarining poetik yangilanishida individual ijodiy tafakkurning o‘rni dalillangan;
shoir poetik tafakkurining statistik va psixobiografik xususiyatlari aniqlanib, ijod laboratoriyasi, she’r ishlash texnikasi, so‘z qo‘llash mahorati, avtotsenzurasi negizida qariyb oltmish yillik ijodiy jarayon dinamikasi aniqlangan.          
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Abdulla Oripov she’riyatida poetik tafakkur tadriji mavzusi doirasida olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida: 
Abdulla Oripov poetik konsepsiyasi va individual ijodiy tafakkurining genezisi va takomil bosqichlari; shoir asarlarining ilmiy talqini, lirik merosining o‘zbek adabiyotida tutgan o‘rni, falsafiy tafakkuri tadriji; shoir ijodiy laboratoriyasining xos xususiyatlari, she’r ishlash texnikasi, so‘z qo‘llash mahorati, avtotsenzurasi tadqiqi asosidagi qariyb oltmish yillik ijodiy jarayon dinamikasiga doir tahliliy fikr va xulosalardan OT-F1-030 raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyani (7-jild) chop etish” (2017-2020) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 6 dekabrdagi 04/1-2446-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha o‘zbek she’riyatida poetik tafakkur tadrijiga doir ilmiy qarashlar yangi nazariy ma’lumotlar bilan boyitilgan; 
Abdulla Oripov poetik tafakkuri tadrijida Alisher Navoiy axloqiy-falsafiy va irfoniy qarashlarining o‘rni, shoir g‘azallari poetikasi takomilida ulug‘ mutafakkir badiiy-estetik qarashlari zamin vazifasini o‘tagani hamda ijodkor she’riyati obrazlar tizimi mukammallashuvida buyuk salafi ijod laboratoriyasidan olingan saboqlar asosiy omil bo‘lgani haqidagi ilmiy xulosalardan “PZ-20170926459 raqamli  “Navoiyshunoslik tarixi” (XX-XXI asrlar)” (2018-2020) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 9 dekabrda imzolagan 04/1-2445-son ma’lumotnomasi). Natijada Abdulla Oripov poetik tafakkuri takomilida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy badiiy-estetik qarashlarining sintezini aniqlashga doir ilmiy-nazariy tamoyillar ishlab chiqilgan.
Abdulla Oripov she’riyatida globallashuv muammolarining badiiy talqini va zamondosh obrazi talqini, jamiyatda ildiz otgan shaxssizlik (“Ranjkom” dostoni), ijtimoiy tarmoqlarning inson omiliga nojo‘ya ta’siri (“Internet” she’ri), axloqiy tubanlik tanqidi (“Evropa”) kabi global muammolarning kinoyaviy tanqidi bilan bog‘liq ilmiy-nazariy qarashlar hamda shoir she’riyatida milliy ruh tasviri, ijodkorning hayot falsafasi talqiniga doir individual yondashuv konsepsiyasi bo‘yicha chiqarilgan xulosalardan OT-F1-80 raqamli “Globallashuv muammolarining badiiy talqini va zamondosh obrazi” (2017-2020) mavzusidagi fundamental loyihaning nazariy qismida foydalanilgan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektorining 2021 yil 7 dekabrdagi 04/1-2447-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek she’riyatida globallashuv hamda falsafiy-axloqiy muammolarning poetik talqini bilan bog‘liq ilmiy-nazariy qarashlar yangilangan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish