Komilova Gavharoy Ro‘zimovnaning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilidagi maqollarning aksiolingvistik tahlili”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Fil1319.
Ilmiy rahbar: Xolmanova Zulhumor Turdievna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor; Iskandarova Sharifa Madalievna, filologiya fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klor instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi maqollarda aks etgan baho va qadriyatning lingvistik omillarini yoritish, qadriyat va aksqadriyatdagi olam lisoniy manzarasi, shaxs omili va lisoniy imkoniyatlar uyg‘unligini asoslash, til birliklarining aksiologemalar, aksiologik mazmun ifodalashdagi qiymatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
aksiologik mazmun ifodalovchi vositalarning lisoniy funksiyalari tekshirilgan va uning milliy, ijtimoiy, madaniy xarakterda bo‘lishi, til egalari lisoniy ongini aks ettirishi, konnotatsiyaga asoslanishi, mazkur konnotatsiya boshqa millat vakillariga tushunarli bo‘lmasligi dalillangan;
qadriyat va aksqadriyat ifodalangan matnlar orqali faol aksiologik konseptlar aniqlanib, tilda qadriyatlar va baho ifodalanishining o‘zbek maqollaridagi olamning qadriyat manzarasi singari xususiyatlari ochib berilgan;
baho va qadriyat ifodasida maqollarning o‘rni, imkoniyatlari, lingvistik va pragmatik omillari lisoniy vositalar orqali asoslangan, implisit usulda voqelangan qadriyat va baho talqinlarida leksemalarning ma’lum bir semalari aksiologik markerga aylanishi, tilning qadriyat manzarasida alohida semantik maydon hosil qilishi isbotlangan;
maqollarda aks etgan baho, qadriyat va aksqadriyat darajasini aniqlash uchun ilk bor aksiologik shkala mezoni ishlab chiqilib, baholash vositalarini umumlashtirish, o‘zaro qiyoslash imkonini berishi, tilshunoslikning aniq va tabiiy fanlar bilan integratsiyasini ta’minlashga xizmat qilishi, baholash shkalalari shu qadriyat asosidagi aksiosferani yuzaga keltirishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilidagi maqollarning aksiolingvistik tahlili bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
maqollarning umuminsoniy va milliy qadriyatlarni ifodalash imkoniyatlari, tilning tarkibiy qismi sifatida til ta’limi jarayonida qadriyatlarning singdirilishiga ham e’tibor qaratilishi, tilning to‘plash vazifasini o‘zida namoyon etuvchi barqaror birikmalar – maqollar qadriyatlarni etkazish vositasi ekanligi, aksiolingvistik mazmun nutqda ma’lum vositalar, leksik birliklar orqali reallashishi, ulardan eng faoli sifatida mavhum so‘zlar va antonim birliklarning keltirilishi; mavhum so‘zlar insoniyatning, xalqning dunyoqarashi, tafakkur tarzi, etik, estetik, madaniy, ma’naviy tushuncha va me’yorlarini nomlashi, antonim hamda mavhum so‘zlarning semantik tahlillariga oid ilmiy xulosalardan “Development of the interdisciplinary master program on Computational Linguistics at Central Asian Universities” nomli ERASMUS CLASS loyihasining nazariy qismida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 4 oktyabrdagi 01/4-1811-son ma’lumotnomasi). Natijada til ta’limini qadriyat sifatida anglash tilga davlat, jamiyat va shaxs munosabatini aks ettiruvchi ilmiy hamda amaliy faoliyatni ishlab chiqish, keng yoyishning ahamiyati haqidagi ilmiy qarashlarning boyishiga asos bo‘lgan;
o‘zbek tilshunosligiga yangi yo‘nalish sifatida kirib kelayotgan aksiolingvistika, uning vujudga kelish an’analari, paydo bo‘lish omillari, bahoning lisoniy birliklarda aks etishi, rivojlanish shart-sharoitlari tadqiqi haqidagi nazariy xulosalardan PZ-20170927147 raqamli “Qadimgi davrlardan XIII asrgacha bo‘lgan turkiy yozma manbalar tadqiqi” mavzusidagi ilmiy-amaliy loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 28 sentyabrdagi 01/4-1766-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘p asrlik o‘zbek tilining shakllanish va rivojlanish bosqichlarida muhim omil hisoblangan qadimgi yozma manbalarning bugungi kun milliy-adabiy tafakkuriga, hozirgi qadriyatlar tizimiga ta’siri, ahamiyatini asoslash bo‘yicha xulosalar chiqarishga asos bo‘lgan;
borliq, narsa-hodisa, ijtimoiy voqelik insonning ehtiyoji, jismoniy holati va ruhiyati nuqtai nazaridan baholanishi; baho insonning maqsadi, munosabati va anglash darajasi bilan bevosita aloqadorligi; baholash va qiymat xususiyatlari shaxs va jamiyat munosabatining asosiy belgilari hisoblanishi; qadriyatlar milliy-madaniy hayot tarzi, til va madaniyat munosabatiga bevosita aloqador bo‘lishi; xalqning turmush darajasi, qarashlari, madaniy taraqqiyot ko‘rinishlariga muvofiq tarzda o‘zgarib, rivojlanib borishi haqidagi ilmiy-nazariy xulosalardan “O‘zbekiston” telekanalining “Assalom O‘zbekiston” ko‘rsatuvi ssenariysini yozishda foydalanilgan (O‘zMTRK “O‘zbekiston teleradiokanali” DUKning 2021 yil 14 oktyabrdagi 01-02-1629-son ma’lumotnomasi). Natijada dastur uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni nazariy va amaliy ma’lumotlar bilan boyitilgan.