Yusupov Axmedjon Shonazarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Orolbo‘yi ilk sak qabilalari tarixi”, 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Tar779.
Ilmiy rahbar: Abdullaev Utkir Ismailovich, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Urganch davlat universiteti, PhD.03/30.06.2021.Tar.55.05.
Rasmiy opponentlar: Suleymanov Rustam Xamidovich, tarix fanlari doktori, professor; Koshanov Baxit Abdikerimovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Orolbo‘yi ilk sak qabilalarining tarixini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Orolbo‘yida bronza davridan mil. avv. VI asrga qadar ortiqcha mahsulotni ishlab chiqarish jarayonida chorvachilikning dehqonchilik sohasiga nisbatan yetakchiligi sharoitida Quyi Amudaryo va Quyi Sirdaryo hududlarida o‘troq va yarim ko‘chmanchi saklar madaniyatining rivojlanish tarixi ikki davrda (mil. avv. VII-VI va mil. avv. V-III asrlar) kechganligi asoslangan;
ilk temir davrida sak qabilalarining hududiy joylashishi chegaralarining o‘zgarib borishi, hududlarni o‘zlashtirish darajasi va etnik geografiyasining shakllanishi aholining ko‘payib borishi ta’sirida yangi yaylovlarga ko‘chilishi, metall konlarining o‘zlashtirilishi o‘troq aholi bilan ortiqcha mahsulotlarni ayirboshlash zarurati tufayli yuz berganligi aniqlangan;
ilk saklar jamoalari iqtisodiy asosining o‘z xususiy mulki, ishlab chiqarish vositalari va chorva podalariga ega katta oilalar tashkil etganligi, urug‘-qabila ijtimoiy birlashuvining siyosiy jihatdan o‘ziga xos xususiyatlari, ijtimoiy-iqtisodiy, diniy va harbiy sohalardagi boshqaruv tizimining dastlabki asoslari hamda harbiy ittifoqlar – qabilalar uyushmalarining ilk davlatchilik tipidagi tuzilish jihatlari ochib berilgan;
dasht chorvadorlari va o‘troq vohalar ziroatkorlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar hamda siyosiy va iqtisodiy jarayonlarning o‘zgarishi tashqi migratsiyalarning Orolbo‘yi etnomadaniy tarixi rivojiga ta’sir ko‘rsatishi moddiy va ma’naviy madaniyatda transformatsion o‘zgarishlarga imkon berganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Orolbo‘yi ilk sak qabilalarining tarixiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va tavsiyalar asosida:
Orolbo‘yi ilk sak qabilalari tarixini bronza davridan mil. avv. VI asrga qadar ortiqcha mahsulotni ishlab chiqarish jarayonida chorvachilikning dehqonchilik sohasiga nisbatan yetakchiligi, Quyi Amudaryo va Quyi Sirdaryo hududlarida o‘troq va yarim ko‘chmanchi saklar madaniyatining rivojlanishi aniqlangan hamda ular tarixini ikki davrga (mil. avv. VII-VI va mil. avv. V-III asrlarga) ajratish zaruratiga oid ma’lumotlardan Orolbo‘yi hududlari va Mo‘ynoq shaxrida o‘tkazilgan turli madaniy tadbirlarni tashkil qilish va xorijlik mehmonlarga O‘zbekistonning boy qadimiy tarixi durdonalarini namoyish qilish bilan bog‘liq qo‘rgazmalarda, qadim yurtimizning osori-atiqalarga boy tarixi bilan tanishtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2021 yil 23 iyundagi 01-12-02-3033-son ma’lumotnomasi). Natijalar madaniy merosni saqlash, aholi o‘rtasida o‘z tariximizga bo‘lgan munosabatni yanada yuksaltirish, ularni kelajak avlodga etkazish va tariximizni keng miqyosda targ‘ib qilishda muhim manbaviy asos bo‘lib xizmat qilgan;
ilk temir davri sak qabilalarining hududiy joylashishi chegaralarining o‘zgarib borishi jarayoni, hududlarni o‘zlashtirish darajasi va etnik geografiyasini belgilab bergan ijtimoiy-iqtisodiy sabablar (demografik omillar, aholining ko‘payib borishi ta’sirida yangi yaylovlar, metall konlarini o‘zlashtirish, ortiqcha mahsulot ayriboshlash zarurati) hamda ilk saklar jamoalari iqtisodiy asosini o‘z xususiy mulki, ishlab chiqarish vositalari va chorva podalariga ega katta oilalar tashkil etganligi, urug‘-qabila ijtimoiy birlashuvining o‘ziga xos xususiyatlari, ijtimoiy-iqtisodiy, diniy va harbiy sohalardagi boshqaruv tizimi asoslari hamda harbiy ittifoqlar – qabilalar uyushmalarining tuzilish jihatlari kabi masalalaridan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Xorazm Ma’mun akademiyasida (2016-2017 yy) bajarilgan I-FA-2019-25 “Xorazm shaxarlarining tarixi, madaniy meroslari, obidalari va san’at asarlarining tadqiqotlari asosida SMART texnologiyalarini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 15 dekabrdagi 3/1255-3502-son ma’lumotnomasi, Xorazm Ma’mun akademiyasining 2021 yil 23 avgustdagi 252/1-21-son ma’lumotnomasi). Natijada Orolbo‘yi hududlarida qadimiy obidalarni muhofaza qilish, qayta tiklash va ta’mirlash ishlarida zamonaviy texnologik yutuqlarini hisobga olish virtual muzeylarini tashkillashtirish hamda yodgorliklardan foydalanishni takomillashtirishga xizmat qilgan;
Orolbo‘yi ilk sak qabilalari tarixining manbashunoslik va tarixshunoslik masalalari, Orolbo‘yida chorvachilik xo‘jaligining shakllanishi, sak qabilalarining xududiy joylashish xususiyatlari va tarixiy etnogeografiyasi, ilk temir davri sak qabilalarining xududiy joylashishi chegaralarining o‘zgarib borishi jarayoni xududlarni o‘zlashtirish darajasi va etnik geografiyasini belgilab bergan ijtimoiy-iqtisodiy sabablari (demografik omillar ta’sirida yangi yaylovlar, suv manbalari va metall konlarini o‘zlashtirish zarurati) kabi masalalar yuzasidan ishlab chiqilgan xulosalar va tavsiyalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanali tomonidan efirga uzatilgan Orolbo‘yi mintaqasi hamda sak qabilalari tarixi mavzulariga oid ko‘rsatuvlarni (2021 yil birinchi choragida) tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2021 yil 15 oktyabrdagi 04-15/2030-son ma’lumotnomasi). Natijalar O‘zbekistonning qadimiy tarixi, ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi haqida tinglovchilar fikrlarini shakllanishiga va mavzu doirasida muayyan ilmiy xulosalari shakllanishiga xizmat qilgan.