Umarov Farrux Ulugbekovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona vodiysi qorinoyoqli mollyuskalari (Mollusca: Gastropoda)ning ekologiyasi», 03.00.10 – Ekologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/V470.
Ilmiy rahbar: Pazilov Abduvaeit, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/27.02.2020.V.01.15.
Rasmiy opponentlar: Alimjanova Xolisxon, biologiya fanlari doktori, professor; Izzatullaev Zuvaydullo, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysi hududida tarqalgan qorinoyoqli mollyuskalarining ekologiyasini ochib berish, kamyob turlarni aniqlash va ularni muhofaza qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Farg‘ona vodiysi hududida suv qorinoyoqli mollyuskalarning 29 turi, quruqliq mollyuskalarining 34 turidan iborat taksonomik ro‘yxati tuzilgan hamda fan uchun 1 tur (Pseudonapaeus kuchbayvi) va tadqiqot hududi faunasi uchun 5 tur (Acroloxus lacustris, Fruticicola perlucens, Monacha cartusiana, Macrochlamys schmidti, Helix lucorum) aniqlangan;
suv havzalari va balandlik mintaqalaridagi turli biotoplarda qorinoyoqli mollyuskalarning taqsimlanish xususiyatlari ochib berilgan;
mollyuskalarni biotop va statsiya moslashuvchanligiga ko‘ra ekologik guruhlarga ajratilgan;
ilk bor Farg‘ona vodiysida qorinoyoqli mollyuskalarining Shennon indeksi bo‘yicha bioxilma-xillik ko‘rsatkichlari aniqlangan;
abiotik omillarning qorinoyoqli mollyuskalar tarqalishiga va ulardagi konxologik o‘zgaruvchanlikka ta’siri isbotlangan;
suvlarning saproblik darajasini belgilashda qorinoyoqli mollyuskalarning indikatorlik xususiyatlari ochib berilgan;
muhofazaga muhtoj mollyuskalarning cheklovchi omillari isbotlangan va ularni muhofaza qilishga oid tavsiyalar hamda tarqalishi bo‘yicha geoaxborot ma’lumotlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Farg‘ona vodiysi qorinoyoqli mollyuskalarining ekologiyasi, tarqalishi va bioxilma-xilligi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Farg‘ona vodiysi qorinoyoqli mollyuskalarining tarqalish hududlari, muhofazaga muhtoj turlarining populyasion holati va ularni saqlab qolish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Andijon viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Xo‘jaobod tumani inspeksiyasining faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining 2021 yil 4 oktyabrdagi 10-11/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, Xo‘jaobod tumanida tarqalgan quruqlik mollyuskalarning tur tarkibini aniqlash, ularning geoaxborot ma’lumotlarini shakllantirish, tabiiy ekosistemalarda bioxilma-xillikni va noyob mollyuska turlarini saqlab qolish hamda hayvonot dunyosi davlat kadastrini yuritish imkonini bergan;
Lymnaeidae, Physidae va Planorbidae oilalariga mansub suv qorinoyoqli mollyuska turlarining indikatorlik xususiyatlari asosida suv havzalarining saproblik darajasini aniqlash bo‘yicha tavsiyalar Andijon viloyatining Ulug‘nor tumanidagi «Bahriddin Ota Xon Balig'i» baliqchilik fermer xo‘jaligi faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2021 yil 14 oktyabrdagi 03-02/8-1590-son ma’lumotnomasi). Natijada, baliq hovuzlaridagi suvlarni saproblik darajasini aniqlash va ekologik baholash imkonini bergan;
Farg‘ona vodiysi qorinoyoqli mollyuskalarining tarqalishi to‘g‘risidagi geoaxborot ma’lumotlar va noyob mollyuska turlarini saqlab qolish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligining “Sherqo‘rg‘on”, “Imom ota” va “Lo‘g‘umbek” o‘rmon uchastkalari faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2021 yil 7 oktyabrdagi 04/21-4066-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘rmon uchastkalarida tarqalgan quruqlik mollyuskalarning tur tarkibini aniqlash, ularning geoaxborot ma’lumotlarini shakllantirish, o‘rmon uchastkasida bioxilma-xillikni va noyob mollyuska turlarini saqlab qolish imkonini bergan.