Ochilov Fariddun Izatulloevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtissoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga tabiiy-ilmiy bilimlarni kompetensiyaviy yondashuv asosida o‘rgatish metodikasi (“Atrofimizdagi olam” va “Tabiatshunoslik” darslarida)”, 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (tabiiy fanlar) (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Ped727.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti.
Ilmiy rahbar: [Yo‘ldoshev Jo‘ra G‘anievich], pedagogika fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti, DSc.03/30.04.2021.Ped.82.03.
Rasmiy opponentlar: Raximov Atanazar Karimovich, pedagogika fanlari doktori, dotsent; Nigmatov Askar Nigmatullaevich, geografiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi “Atrofimizdagi olam” va “Tabiatshunoslik” darslarida o‘quvchilarga tabiiy-ilmiy bilimlarni kompetensiyaviy yondashuv asosida o‘rgatish metodikasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida olam va odam haqidagi yaxlit tasavvurlar (kuzatish, tushunish, taqqoslash, amalga oshirish)ni shakllantirish asosida ularga tabiiy-ilmiy bilimlarni o‘rgatish jarayoni kompetensiyaviy yondashuvning modulli ta’lim maqsadlarini taksonomik ko‘rinishda (bilish, tushunish, qo‘llash, analiz, sintez, baholash) loyihalashning didaktik imkoniyatlari (optimallashtirish, jadallashtirish, pragmatiklik) maqbulligini ta’minlash orqali aniqlashtirilgan;
“Atrofimizdagi olam” va “Tabiatshunoslik” darslarida o‘quvchilarning amaliy faoliyatini takomillashtirish imkoniyatlari tabiiy-ilmiy bilimlarni integrativlik tamoyiliga ustuvorlik berish orqali aralash ta’lim elementlarini shaxsiy tajribaga asoslangan tadqiqiy faoliyatga intensiv qo‘llash metodikasini ishlab chiqish orqali takomillashtirilgan;
boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida tabiiy-ilmiy savodxonlikni shakllantirishning metodik tuzilmasi interfaollikni ta’minlashga xizmat qiluvchi refleksiv va kooperativ topshiriqlarni xalqaro baholash dasturlari bilan adaptiv tarzda strukturalash orqali takomillashtirilgan;
o‘quvchilarga tabiiy-ilmiy bilimlarni kompetensiyaviy yondashuv asosida o‘rgatish metodikasining tashkiliy komponenti variativlik va individuallikni ta’minlashga xizmat qiladigan ijodiy, izlanishli, evrologik layoqatlarni mustaqil bilish faolligi bilan qayta aloqaga kirishuv darajasi produktivligini ta’minlash orqali takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga tabiiy-ilmiy bilimlarni kompetensiyaviy yondashuv asosida o‘rgatish bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan:
boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida olam va odam haqidagi yaxlit tasavvurlarni shakllantirish asosida ularga tabiiy-ilmiy bilimlarni o‘rgatish jarayoni kompetensiyaviy yondashuvning metodologik tahlil qilish imkoniyatlariga doir taklif va tavsiyalardan P3-2014-0910185149 – raqamli “Umumiy o‘rta ta’lim tizimida o‘quvchilarning kompetensiyalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyalari” (2015-2017 y.y.) nomli amaliy tadqiqot loyihasi doirasida o‘quvchilarga tabiiy-ilmiy bilimlarni o‘rgatish modelini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutining 2020 yil 19 martdagi 01/15-09/81-son ma’lumotnomasi). Natijada kompetensiyaviy yondashuv asosida “Atrofimizdagi olam”, “Tabiatshunoslik” darslarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini tabiiy-ilmiy bilimlardan foydalanishga o‘rgatish usul va metodlari takomillashtirilgan;
“Atrofimizdagi olam” va “Tabiatshunoslik” darslarida o‘quvchilarning amaliy faoliyatini takomillashtirish imkoniyatlari tabiiy-ilmiy bilimlarni o‘rgatish hamda “Atrofimizdagi olam” va “Tabiatshunoslik” darslarida o‘quvchilarga kompetensiyaviy yondashuv asosida tabiiy-ilmiy bilimlarni o‘rgatish modeli shaxsning motivatsion-irodaviy, ijodiy, intellektual xususiyatlari bilan bevosita uyg‘unligini aniqlashtirish asosida takomillashtirishga oid takliflardan P3MV-2014-0902125611 – davlat qayd raqami bilan ro‘yxatdan o‘tgan “Maktab pedagogik jamoasining o‘zini o‘zi rivojlantirishi uchun madaniy-ijodiy muhitni yaratish va loyihalash metodidan foydalanish” (2015-2017 y.y.) nomli amaliy tadqiqot loyihasi doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutining 2020 yil 19 martdagi 01/15-09/81-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quvchilarga kompetensiyaviy yondashuv asosida tabiiy-ilmiy bilimlarni o‘rgatish modeli shaxsning motivatsion-irodaviy, ijodiy, intellektual xususiyatlari bilan bevosita uyg‘unligini aniqlashtirish asosida ishlab chiqilgan.
boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga tabiiy-ilmiy bilimlarni kompetensiyaviy yondashuv asosida o‘rgatish metodikasini takomillashtirishga oid ilgari surilgan takliflardan umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun yaratilgan “Tabiiy fanlar” milliy o‘quv dasturini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining 2021 yil 6 dekabrdagi 01/11-01/9-1696-son ma’lumotnomasi). Natijada boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga tabiiy-ilmiy bilimlarni o‘rgatishning metodik xususiyatlari ular egallashi lozim bo‘lgan kompetensiyalar (sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, tirik organizmlarga oqilona munosabatda bo‘lish) tarkibini aniqlashtirish asosida takomillashtirilgan.