Yuldoshov Laziz Tolibovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Ishlab chiqarish va qishloq xo‘jalik korxonalari oqava suvlarini tozalashning biotexnologik asoslari», 03.00.12 - Biotexnologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/V348.
Ilmiy rahbar: Bo‘riev Sulaymon Bo‘rievich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.V.72.02.
Rasmiy opponentlar: Axmedova Zaxro Raxmatovna, biologiya fanlari doktori, professor; Jumaev Farhod Hojiqurbonovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Xorazm Ma’mun akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ishlab chiqarish, qishloq xo‘jalik korxonalari oqava suvlarida yuksak suv o‘simliklaridan pistiya (Pistiya stratiotes L.) va kichik ryaskani (Lemna minor L.) o‘stirish, ko‘paytirish hamda oqava suvlarni organo-mineral moddalardan tozalash darajasini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor ishlab chiqarish va qishloq xo‘jalik korxonalari oqava suvlarini biotexnologik uslublar asosida Pistiya stratiotes L. o‘simligi 1m2 suv yuzasida 100-120 dan 800-900 gramm gacha biomassa to‘plashi hamda oqava suvlarni organo-mineral moddalardan tozalash darajasi 90-95% gacha etganligi aniqlangan;
Lemna minor L. o‘simligi neftni qayta ishlash zavodi, parrandachilik va suvoqava korxonalari oqava suvlarida jadal rivojlangan hamda 1m2 suv yuzasida 100-150 dan 500-623 gramm, suvdagi har xil organo-mineral moddalardan tozalanish darajasi 92-96% gacha bo‘lishi asoslangan;
kichik ryaska (Lemna minor L.) o‘simligi suvoqava korxonasi biologik hovuzlari oqava suvlarida ko‘paytirish natijasida oq amur balig‘i mahsuldorligi nazoratga nisbatan 25-30% gacha oshishi aniqlangan;
neftni qayta ishlash zavodi oqava suvlarini organo-mineral moddalardan tozalash samaradorligi baholanganda makrofit o‘simliklardan pistiya (Pistiya stratiotes L.) ning tozalash darajasi kichik ryaska (Lemna minor L.) o‘simligiga nisbatan yuqoriligi aniqlangan;
Pistiya stratiotes L. o‘simligini biomassasi jadal hosil bo‘lishini hisobga olgan holda, undan biogumus tayyorlashda xomashyo sifatida foydalanish mumkinligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Ishlab chiqarish va qishloq xo‘jalik korxonalari oqava suvlarini tozalashning biotexnologik asoslari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Pistiya stratiotes L. va Lemna minor L. turlari parrandachilik, chorvachilik, kommunal xo‘jalik korxonalarining oqova suvlarini tozalashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2020 yil 2 fevraldagi 03-02/3-271-son ma’lumotnomasi). Natijada, suvda erigan kislorod 95% oshganligi va ammiak, nitrit, nitratlar 94-97% ga kamayganligi hamda tozalash samardorligi 96% ga oshish imkonini bergan;
Lemna minor L. o‘simligi “Buxoro Belamur” fermer xo‘jaligida oq amur baliqlariga oziqa sifatida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining 2020 yil 12 fevraldagi 08/164-son ma’lumotnomasi). Natijada, baliq mahsuldorligini qo‘shimcha 25-30 % foizga oshirish imkonini bergan.