Azimov Saidumar Saidovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Kameral soliq tekshiruvini tashkil etishda tashqi manba ma’lumotlaridan samarali foydalanish», 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Iqt1504.
Ilmiy rahbar: Niyazmetov Islambek Masharipovich, iqtisodiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/10.12.2019.1.16.01.
Rasmiy opponentlar: Burxanov Aktam Usmanovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Nurullaev Abdulaziz Sirojiddinovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Kameral soliq tekshiruvini tashkil etishda tashqi manba ma’lumotlaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
korxonada xodimlar sonining yashirilish holatlarini oldini olish
va soliqlarni to‘g‘ri hisoblash maqsadida Davlat xizmatlari markazi tomonidan lisenziyalar berishda ish beruvchilar tomonidan xodimlarning soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) va Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami (JShShIR) yozilishini joriy etishning maqsadga muvofiqligi asoslangan;
korxona ta’sischilarining ulushi sotilishi, tekinga berilishi, hadya qilinishi, garovga qo‘yilishi bo‘yicha soliq majburiyatlarini nazorat qilish maqsadida Davlat xizmatlari markazlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan ta’sis ulushlari o‘zgarishlarini Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalash taklif etilgan;
xufyona faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub’ektlarining manzillarini aniqlash maqsadida Davlat xizmatlari agentligi orqali ularni ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida kadastr raqamlarini hamda korxonalarning faoliyat yuritish manzillarini ko‘rsatish talabini joriy etishning maqsadga muvofiqligi asoslangan;
xo‘jalik sub’ektlari tomonidan topshiriladigan (soliq, statistika va mehnat) hisobotlarning ma’lumotlaridagi tafovutlarni bartaraf etish maqsadida o‘xshash va bir-birini takrorlovchi axborotlarni birlashtirish hamda yagona elektron tizim orqali yuborish taklif etilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kameral soliq tekshiruvi uchun tashqi manba ma’lumotlaridan samarali foydalanishni tadqiq qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
korxonalarda xodimlar sonining yashirilish holatlarini oldini olish va soliqlarni to‘g‘ri hisoblash maqsadida Davlat xizmatlari markazi tomonidan lisenziyalar berishda ish beruvchilar tomonidan xodimlarning soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) va Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami (JShShIR) yozilishini joriy etish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Davlat soliq qo‘mitasi hamda Adliya vazirligi o‘rtasidagi 2020 yil «Yo‘l xaritasi»da tasdiqlangan va shu asosida tashkilotlar o‘rtasida ma’lumotlar bazalari integratsiya qilingan (Davlat xizmatlari agentligining 2020 yil 15 yanvardagi 3/6-66/6-son ma’lumotnomasi). Natijada xo‘jalik sub’ektlari xodimlari ma’lumotlarini raqamlashtirish orqali kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilishiga zamin yaratilgan. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘zida 1 yilda 5 ta yo‘nalishda 150,1 mln so‘m byudjetga qo‘shimcha daromad manbalari aniqlangan;
korxona ta’sischilarining ulushi sotilishi, tekinga berilishi, hadya qilinishi, garovga qo‘yilishi bo‘yicha soliq majburiyatlarini nazorat qilish maqsadida Davlat xizmatlari markazlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan ta’sis ulushlari o‘zgarishlarini Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalash taklifi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi davlat xizmatlari markazi va Davlat soliq qo‘mitasi o‘rtasida tuzilgan yo‘l xaritasida o‘z aksini topgan (Davlat xizmatlari agentligining 2020 yil 15 yanvardagi 3/6-66/6-son ma’lumotnomasi). Taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida mazkur yo‘nalishda ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilib, birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘zida 1 yilda o‘rtacha 187 ta yuridik shaxslar bo‘yicha 779,2 mln so‘mlik byudjetga qo‘shimcha daromad manbalari aniqlangan;
xufyona faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub’ektlarining manzillarini aniqlash maqsadida Davlat xizmatlari agentligi orqali ularni ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida kadastr raqamlarini hamda korxonalarning faoliyat yuritish manzillarini ko‘rsatish talabini joriy etish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 iyuldagi «Elektron hukumat tizimini yanada rivojlantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining o‘z faoliyati bo‘yicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berishi tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 444-son qarori bilan tasdiqlangan «Ma’lumotlarni boshqarish axborot tizimi orqali davlat organlari va tashkilotlari ma’lumotlarini yig‘ish, qayta ishlash va tahlil qilish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomda o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2020 yil 3 sentyabrdagi 44-8/5050-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi xo‘jalik sub’ektlarining soliq va boshqa tashkilotlarga yuboradigan hisobotlari soni qisqarishi, shuningdek, mazkur ma’lumotlardan samarali foydalanish orqali yuqoridagi holatlarni avtomatlashtirilgan holda tahlil etish va soliq riskini qisqa muddatda aniqlash imkoniyatlarini yaratgan;
xo‘jalik sub’ektlari tomonidan topshiriladigan (soliq, statistika va mehnat) hisobotlarning ma’lumotlaridagi tafovutlarni bartaraf etish maqsadida o‘xshash va bir-birini takrorlovchi axborotlarni birlashtirish hamda yagona elektron tizim orqali yuborish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 martdagi PF-5953-son Farmoni bilan tasdiqlangan «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi»ning 139-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruv milliy agentligining 2020 yil 13 maydagi 01-61-son ma’lumotnomasi). Taklif qilingan mexanizmning joriy qilinishi natijasida davlat soliq va statistika organlari ma’lumotlaridagi tafovutlarni bartaraf etish orqali kameral soliq tekshiruvi samaradorligini oshirish imkoniyati yaratildi. Buning natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘zida 1 yilda o‘rtacha 685,7 mln so‘m qo‘shimcha daromad manbalari aniqlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish