Ortiqov Yosin Abdulboqievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston dunganlarining etnomadaniy o‘zlikni anglashi”. 07.00.07 – Etnografiya, etnologiya va antropologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2021.4.PhD/Tar.372.
Ilmiy rahbar: Adhamjon Azimbaevich Ashirov, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.02/30.12.2019.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Doniyorov Alisher Xudoyberdievich, tarix fanlari doktori, professor; Valixonova Gulnora Komiljonovna, tarix fanlari bo‘yicha PhD, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Fanlar akademiyasi Milliy Arxeologiya markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston madaniy muhitida dunganlarining etnomadaniy o‘zlikni anglashi va uni saqlab qolish omillarini elshunoslik ma’lumotlari asosida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:  
Xitoydan ko‘chib kelgan shensilik dunganlar O‘zbekistonda o‘zbek tilini bilmaganligi sababli o‘lka aholisiga aralashmay yashaganligi o‘z tilini saqlashga xizmat qilgan bo‘lsa, gansulik dunganlarning mahalliy tilni bilishi va tarqoq joylashuvi o‘z tilini qisqa fursatda unutishiga sabab bo‘lgani aniqlangan;
O‘zbekistonda yashayotgan dunganlarning etnomadaniy o‘zlikni anglashi dungan tili (gansu va shensi lahjasi), moddiy madaniyat (etnonim, taom, oshxonalar, kiyim, soch turmagi), marosimlar (sovchilik, kuyov salom) asosida shakllanganligi elshunoslik materiallari asosida dalillangan;
etnik o‘zlikni anglashdagi o‘zgarishlar Farg‘ona vodiysi dunganlarida muntazam, Toshkent shahri  va viloyatida sust kechganligi ularning an’anaviy mashg‘ulotlari, oila qurish an’analari, tilining o‘zgarishlari asosida aniqlangan;
o‘zbek milliy taomlarida soya sirkasi, dungan qalampiri, kraxmalli ugra, janduq, dungan turp, rediska kabi  yangi taom va mahsulotlarning kirib kelishi dunganlar migratsiyasi bilan sodir bo‘lgan tig‘iz etnomadaniy aloqalar natijasi mahsuli ekanligi etnografik materiallar asosida isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston dunganlari etnomadaniy o‘zlikni anglashini etnologik jihatdan o‘rganish bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif hamda xulosalar asosida:
respublikadagi Milliy madaniy markazlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlarda tadqiqotdagi ilmiy xulosalardan xususan, O‘zbekistonda yashayotgan dunganlarning etnomadaniy o‘zlikni anglashi dungan tili (gansu va shensi lahjasi), moddiy madaniyat (etnonim, taom, oshxonalar, kiyim, soch turmagi), marosimlar (sovchilik, kuyov salom), boshqa diasporalarning tarixi, madaniyati va an’analarining qirralarini tahlil qilishda, “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi ustuvor yo‘nalishi hamda 2019–2021 yillarda Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi”ning 2020 yil 20 noyabrdagi 01-07-1416-son dalolatnomasi). Bu O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va hamjihatlikni rivojlantirish, yoshlarni milliy qadriyatlar hamda diniy bag‘rikenglik g‘oyalari asosida tarbiyalashga xizmat qilgan;
o‘zbek milliy taomlarida soya sirkasi, dungan qalampiri, kraxmalli ugra, janduq, dungan turp, rediska kabi  yangi taom va mahsulotlarning kirib kelishi dunganlar migratsiyasi bilan sodir bo‘lgan tig‘iz etnomadaniy aloqalar natijasi mahsuli ekanligi kabi xulosalardan Respublika yoshlari o‘rtasida dinlararo bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va o‘zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash bo‘yicha 2020 yil 7 fevralda Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanining qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh hududida joylashgan Nanay qishlog‘ida o‘tkazilgan “Ma’naviyat” festivalida hamda, 2020 yil 18 sentyabrda “Nodirabegim” nomidagi Namangan viloyati “Axborot-resurs” markazida tashkil etilgan “Millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va ahil qo‘shnichilik munosabatlari” mavzusidagi tadbir ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazining 2021 yil 6 yanvardagi 03/07-05-son dalolatnomasi). Bu esa mintaqada millatlararo totuvlik, do‘stlikni tarixiy asoslari va Farg‘ona vodiysiga xos xususiyatlarni keng ommaga targ‘ib qilishga xizmat qilgan;
dunganlarning etnomadaniy o‘zlikni anglashidagi o‘zgarishlar, xususan, etnolingvistik jarayonlar XX asrda sodir bo‘lgan tarixiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy o‘zgarishlar bilan bog‘liq tarzda yuz berganligi, dungan xalqi turmush tarzida milliy hamda diniy urf-odatlar uyg‘unlashuviga oid xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston tarixi” telekanali orqali efirga uzatilgan “Etno” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2020 yil 16 dekabrdagi 01-40-1303-son dalolatnomasi). Bu mamlakatimizda yashovchi 130 dan oshiq xalqlar va diasporalar tarixi, madaniyati hamda turli etnoslarga xos milliy qadriyatlarini keng ommaga etkazishda muhim ilmiy asos bo‘lgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish