Jumanov Yusuf Qurbonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Oltintog‘ kaolinlarini pishishidagi fizik-kimyoviy jarayonlar va “kaolin-kvars-dala shpati” sistemasida nafis keramik materiallar sintezi», 02.00.15 – Silikat va qiyin eriydigan nometall materiallar texnologiyasi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/K316.
Ilmiy rahbar: Eminov Ashrap Mamurovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti huzuridagi DSc.02/30.12.2019.K/T.35.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Sidiqov Abdujalol Sidiqovich, kimyo fanlari doktori, professor; Babaev Zabibullo Kamilovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Oltintog‘ koni kaolinlarini pishishidagi fizik-kimyoviy jarayonlarni aniqlash va “kaolin-kvars-dala shpati” uchkomponentli sistemasida nafis keramik materiallar sintezi asosida past haroratda pishadigan chinni buyumlari olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Oltintog‘ kaolini, Ko‘kayoz kvars qumi, Pitov dala shpati konlarining yangi xomashyolariga yuqori haroratda ishlov berilganda sodir bo‘ladigan fizik-kimyoviy jarayonlar natijasida hosil bo‘lgan kristall fazalarning chinni texnologik hususiyatlariga ta’siri har tomonlama o‘rganilib, mullit, kristobalit kristallarini nisbatan past haroratda hosil bo‘lishi zamonaviy fizik-kimyoviy usullar bilan aniqlangan;
«kaolin-kvars-dala shpati» sistemada 1000-1300oS harorat oralig‘ida geterogen fazadagi pishish jarayonida sintez qilingan chinni namunalarida mullit, kvars va kristobalitlarning kristall fazalarining hosil bo‘lishi isbotlangan;
yangi tarkibdagi chinni namunasi fazaviy mikrostrukturasi shakllanishining o‘ziga xos xususiyatlari, hamda sintez qilingan chinni namunalari an’anaviy xomashyodan olingan maishiy-xo‘jalik chinni buyumlari bilan taqqoslaganda yuqori mexanik va estetik xususiyatlarga ega ekanligi aniqlangan;
chinni fazaviy tarkibida hosil bo‘lgan mullit kristallarining ignasimon (ikkilamchi) morfologiyasi an’anaviy xomashyodan olingan chinnida hosil bo‘lgan mullitga nisbatan to‘liq shakllanganligi aniqlangan;
chinni massasi tajriba namunalariga termik ishlov berishda “tarkib-struktura-xossa” funksional bog‘liqligiga “kaolin-kvars-dala shpati” sistemasida disperslik darajasining pishish harorati pasayishiga ijobiy ta’siri aniqlangan;
ikki komponentli “kaolin-kvars”, “kaolin-dala shpati” va “kaolin-kvars-dala shpati” alyumosilikat sistemalarida past haroratda pishadigan namunalarni sintezi natijasida suyuqlanish haroratining evtektik nuqtalari va maqbul tarkiblar sohasi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Oltintog‘ koni kaolinlarini pishishidagi fizik-kimyoviy jarayonlarni tadqiq etish va «kaolin-kvars-dala shpati» sistemasida nafis keramik (chinni) materiallari sintezi orqali mahalliy xomashyolardan foydalanib, past haroratda pishadigan tarkiblarni ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
noan’anaviy mahalliy xomashyolar asosida ishlab chiqilgan tarkib №P3- 20170920189 “Noruda xomashyo va ikkilamchi resurslar asosida issiqlikni himoyalovchi olovbardosh va keramika materiallarining import o‘rnini bosuvchi tarkiblari va olish texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyihada qo‘llanma material sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 19 martdagi 4/1255-843-son ma’lumotnomasi). Natijada, uch komponentli sistema asosidagi yangi keramik massaning maqbul komponent tarkiblaridan tayyorlangan chinni namunalarini past haroratda pishishidagi fazaviy o‘zgarishlar, kristall faza va chinni strukturasini hosil bo‘lishlari, pishish jarayonida boradigan qattiq fazadagi kimyoviy reaksiyalar loyiha doirasida ilmiy asoslangan fundamental ma’lumotlar olish imkonini bergan;
kaolin, kvars, dala shpati asosida ishlab chiqilgan keramik massa tarkibi “ART GLOSS GALLERY” QKning «2023-2024 yillarda amaliyotga joriy joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan (“ART GLOSS GALLERY” QKning 2021 yil 2 dekabrdagi 15/12-2021-6–son ma’lumotnomasi). Natijada, amaldagi standart talablariga javob beruvchi, energiya tejamkor mahsulotlar olish imkonini beradi.

Yangiliklarga obuna bo‘lish