Toshxujaeva Shoiraxon G‘anievnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Erkin A’zam asarlari lingvopoetikasi», 10.00.01–O‘zbek tili.

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Fil4.

Ilmiy rahbar: Hakimov Muxammad Xo‘jaxonovich, filologiya fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.27.06.2017Fil.05.02.

Rasmiy opponentlar: Ulug‘ov Nosirjon Muhammadalievich, filologiya fanlari doktori, professor; Yuldashev Ma’rufjon Muhammadjonovich, filologiya fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot nomi: Andijon davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: lingvopoetikaning nazariy va amaliy masalalarini yoritish, uning tadrijiy takomilini asoslash orqali Erkin A’zam asarlarida umumiy lingvopoetik qonuniyatlarning xususiy voqelanish omillarini belgilashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

adib asarlarining lingvopoetik xususiyati sifatida poetik takror, individual neologizmlar, iboralarning o‘zgarishli qo‘llanishi hamda iste’mol doirasi chegaralangan qatlamga oid dialektizm, varvarizm, vulgarizmlardan foydalanish mahorati ochib berilgan;

adib ijodida qofiya, alliteratsiya, vazn talabiga ko‘ra tovush tushishi yoki ortishi, tovushlarning o‘zaro o‘rin almashishi, unlilarning cho‘zib talaffuz qilish kabi fonetik vositalar nasriy asar poetik nutqiga,  she’riyatga xos ohangdorlik, jozibadorlik sifatlarini olib kirganligi asoslangan;

muallif asarlarida so‘zlarning ma’no ottenkalari, nutq vaziyati bilan bog‘liq variantlari, invariant strukturasidagi mavjud ma’nolari kabi leksik vositalarning badiiy-pragmatik (yashirin) ma’no va lingvopoetik mohiyat kasb etishi isbotlangan;

ko‘plik, kichraytirish, erkalash affikslari kabi morfologik vositalar yordamida e’zoz, o‘kinch, achinish, iltijo, kinoya, kesatiq, iltimos, yalinish, suyish, ardoqlash, poetik ta’kid, piching, kamsitish singari ma’no ifodalarining adib tomonidan yaratilganligi aniqlangan;

badiiy takror, ritorik so‘roq gaplar kabi sintaktik vositalar misolida adib asarlarining lisoniy-badiiy imkoniyatlari, estetik funksiyalari ochib berilgan.

IV. Tadqiqotning amaliyotga joriy etilgan ilmiy natijalari:

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam asarlarining lingvopoetik xususiyatlarini ochib berish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

yangi tahrirdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da keltirilgan leksik va frazeologik birliklarning ma’nolarini izohlashda tadqiqot davomida ilmiy asoslangan bosinqi, bosinqiramoq, botinan, dangal, da’vo, chizimcha, choyxona/choyxona palov, pakka, patarat, poklamoq, qaymoqlashmoq, qasava, taraddud, tarrak/tarrakdek qotmoq, tezob, tus/tus olmoq, to‘liqmoq, salt-suvoy, sannamoq, serbar, siniq, suvlatmoq, shikasta, yaxlit, yomon, yuzko‘rdi singari  60 dan ortiq so‘z va so‘z birikmalarining semantik izohidan foydalanilgan. (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 21 oktyabrdagi FTK-0313/704-son ma’lumotnomasi) Ilmiy natijalar asosida lug‘aviy birliklarning ma’nolari boyigan, izohlari mukammallashgan;

tadqiqot natijalaridan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi o‘tkazayotgan turli adabiy-ma’rifiy tadbirlarda, xususan, zamonaviy o‘zbek nasri, yozuvchi uslubi va badiiy asar tili masalasiga doir ilmiy-amaliy seminar materiallarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2016 yil 24 oktyabrdagi 21-son ma’lumotnomasi). Natijada adib ijodi tadqiq etilgan dissertatsiyada ilgari surilgan xulosalar orqali ona tilimizning boyligi va undagi lisoniy birliklarning badiiy estetik imkoniyatlari ko‘rsatib berilgan;

bugungi adabiy jarayon, unda Erkin A’zamning munosib o‘rni, yozuvchi ijodidagi xalqona uslub va uni ta’minlagan leksik-grammatik vositalar xususidagi xulosalardan Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining 2016 yil 16 sentyabr` kuni efirga uzatilgan «Adabiy muhit» ko‘rsatuvi hamda «Ma’naviyat-qalb ko‘zgusi», «Buyuklikning ramzisan - Vatan» nomli radioeshittirishlar ssenariysida foydalanilgan (Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining 2016 yil 14 oktyabrdagi 46–47-sonli ma’lumotnomalari). Natijada ushbu teleko‘rsatuv va eshittirishlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukallashgan, ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish