Isaev Xusan Mansurovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishda bevosita soliqlar ulushini oshirish yo‘llari”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Iqt482.
Ilmiy rahbar: Safarov G‘iyosiddin Abdullaevich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Jo‘raev Abdug‘affor Safarovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Boymurotov Sodiq Rozziqovich, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi doirasida Davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishda bevosita soliqlar ulushini oshirish yuzasidan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
korxonalarning xufiyona faoliyatga bo‘lgan intilishini pasaytirish va foyda solig‘i yukini ish haqi fondidagi yuk bilan muvofiqlashtirish maqsadida foyda solig‘i stavkasini takomillashtirish taklifi ishlab chiqilgan;
foyda solig‘i bo‘yicha berilgan imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqish asosida ta’sirchan bo‘lmagan va samarasiz imtiyozlarni bekor qilish, jumladan, qo‘riqlash xizmati bo‘yicha soliq imtiyozini bekor qilish taklif etilgan;
umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun foyda solig‘ini hisoblashda soliq solish bazasini aniqlashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish taklif etilgan;
soliqqa tortishni adolatliligini ta’minlash maqsadida bozorlar va savdo komplekslari uchun alohida soliq solish rejimining maqsadga muvofiq emasligi aniqlanib, uni bekor qilish taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishda bevosita soliqlar ulushini oshirish yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
korxonalarning xufiyona faoliyatga bo‘lgan intilishini pasaytirish va foyda solig‘i yukini ish haqi fondidagi yuk bilan muvofiqlashtirish maqsadida bevosita soliqlarning asosiy turi hisoblangan foyda solig‘i stavkasini oshirish yuzasidan taklif 2020 yil 1 yanvardan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (yangi tahriri)ga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2020 yil 19 iyundagi 06/04-02-01-32/1569-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni joriy etilishi natijasida 2020 yil yanvar`-may oylarida davlat byudjetiga 593 mlrd.so‘m qo‘shimcha soliq tushumiga erishilgan;
foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqish va samarasiz imtiyozlarni (qo‘riqlash xizmati bo‘yicha soliq imtiyozlari) bekor qilishga doir taklif O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (yangi tahriri)ga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2020 yil 19 iyundagi 06/04-02-01-32/1569-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni joriy etilishi natijasida 2020 yil yanvar`-may oylarida davlat byudjetiga 260 mln.so‘m qo‘shimcha soliq tushumiga erishilgan;
umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun foyda solig‘ini hisoblashda soliq solish bazasini aniqlashning soddalashtirilgan tartibini joriy etishga doir taklif O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (yangi tahriri)ga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2020 yil 19 iyundagi 06/04-02-01-32/1569-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifni joriy qilinishi yakka tartibdagi tadbirkorlarning foyda solig‘i bazasini hisoblab chiqarishning soddalashtirilgan tartibidan foydalanish imkoniyatini bermoqda;
bozorlar va savdo komplekslari uchun alohida soliq solish rejimini bekor qilish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (yangi tahriri)ga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2020 yil 19 iyundagi 06/04-02-01-32/1569-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning kiritilishi natijasida 2020 yil yanvar`-may oylarida bevosita soliqlar ulushi 0,3 foiz bandga ko‘payishga erishilgan.