Axmedova Nilufar Safarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Obrazli tafakkur va o‘zbek bolalar nutqi”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Fil681.
Ilmiy rahbar: Xudoyberganova Durdona Sidikovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.03.
Rasmiy opponentlar: Mamatov Abdi Eshonqulovich, filologiya fanlari doktori, professor; Muhamedova Saodat Xudoyberdievna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi obrazli tafakkur asosida voqelangan o‘zbek bolalar nutqining lingvistik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bolalardagi obrazli tafakkur, asosan, borliqni o‘rganish va o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi aniqlanib, bunda maxsus tayyorgarlik yoki muayyan maqsad belgilanmasligi bolalar obrazli tafakkurini kattalardagi shunday tafakkurdan farqlovchi eng muhim xususiyat ekanligi asoslangan;
bolalar nutqidagi konnotativ hosilalarning kattalar nutqidagi shunday hosilalarga nisbatan juda jonli va tabiiy, ekspressiv bo‘yoqdor bo‘lishi o‘zbek bolalar nutqi misolida dalillangan;
bolalar nutqida o‘xshatish, mubolag‘a va jonlantirishni yuzaga keltiruvchi ekstralingvistik omillar aniqlanib, mazkur stilistik vosita ob’ektiv reallik haqidagi bilimlarni o‘zlashtirayotgan bolalarning nutqida tashqi olamni bilish, ular uchun yangilik sanalgan jumboqlarga javob topish vazifasini bajarishi, vaziyatni baholash maqsadida qo‘llanishi aniqlangan;
2–4 yosh oralig‘idagi bolalarning so‘z ijod qilish jarayoni faoliyati birliklarini bolalarning ijodiy so‘zi (BIS) termini bilan nomlash maqsadga muvofiq ekanligi asoslanib, bolalar nutqidagi BISlar semantik, sintetik, taqlid, nutqiy moslashish usullari orqali hosil qilinishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiyada erishilgan ilmiy natijalar quyidagi ishlarda joriylangan:
obrazli tafakkur, lisoniy yaratuvchanlik, antropomorfizm, ko‘rgazmali-obrazli tafakkur, lingvokreativ yondashuv, so‘z-ijod, matn ijodkorligi kabi terminlar o‘zbek tilshunosligining zamonaviy tadqiq yo‘nalishiga xos taraqqiyotni ko‘rsatuvchi omillardan biri ekanligi haqidagi xulosalardan O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida 2017-2019 yillarda amalga oshirilgan OT-F1- 78 “Hozirgi globallashuv davrida O‘zbek tili, uning tarixiy taraqqiyoti va istiqbollari (O‘zbek tilining vazifaviy uslublari asosida)” mavzusidagi fundamental loyihaning ilmiy uslub taraqqiyoti yoritilgan o‘rinlarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 9 avgustdagi 3/1255-2199-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu terminlar mustaqillik davri terminologiyasi taraqqiyotini ko‘rsatuvchi omil sifatida qayd etilgan va bu xususidagi nazariy fikrlarning illyustrativ misollar bilan dalillanish darajasi ortgan;
respublikaning turli hududlarida yashovchi bolalar nutqida qo‘llangan cho‘kach, rokko, golpapoq, oxo, shikka, yaya kabi so‘zlardan 2018-2019 yillarda PZ-2017-1024335 “O‘zbek shevalarining lingvokul`turologik tadqiqi” mavzusida bajarilgan innovatsion loyihada nutqiy material sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 9 avgustdagi 3/1255-2199-son ma’lumotnomasi). Pirovardida loyihada ilgari surilgan o‘zbek shevalarining lingvokul`turologik xususiyatlari haqidagi nazariy fikrlarning lisoniy faktlar bilan dalillanish darajasi ortgan;
bolalar tafakkuri va nutqi, ularning o‘ziga xos xususiyatlari haqidagi ilmiy qarashlardan “O‘zbekiston” telekanalining “Tilga e’tibor”, “Oydin hayot – LIVE” ko‘rsatuvining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2019 yil 5 iyuldagi 02-13-1213-son ma’lumotnomasi). Natijada teleko‘rsatuv ssenariysi mazmunan boyigan hamda mukammallashgan.