Xodjanova Shaxnoza Iskandarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yurak ishemik kasalligi mavjud bemorlarda trombotsitlar gemostazi va aspirin rezistentligiga ta’sir etuvchi omillar», 14.00.05 – Ichki kasalliklar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tib869.
Ilmiy rahbar: Alyavi Anis Lutfullaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc 04/30.12.2019.Tib 30.02.
Rasmiy opponentlar: Shodiqulova Gulandom Zikriyaevna, tibbiyot fanlari doktori, dotsent; Turaqulov Rustam Ismatullaevich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Asetilsalisil kislotani qisqa va uzoq muddat qabul qiladigan yurak ishemik kasalligi turg‘un zo‘riqish stenokardiyasi II-III funksional sinfi bilan og‘rigan bemorlarda trombotsitlar funksional holatini baholash va aspirin rezistentlikka ta’sir etuvchi xavf omillarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor yurak ishemik kasalligida spontan va ADF-indusirlangan trombotsitlar agregatsiyasi ko‘rsatkichlari va agregatsiya egriliklaridagi o‘zgarishlarni aniqlash orqali aspiringa rezistentlik holati aniqlangan;
yurak ishemik kasalligida aspirin bilan davolashning 5 yildan ortiq davom etishi trombotsitlar agregatsiya ko‘rsatkichlarining oshishi aspiringa rezistentlik xavfi bilan o‘zaro bog‘liqligi aniqlangan;
kardiovaskulyar xavf omillarining gemostaz tizimiga bevosita kompleks ta’siri natijasida qonda trombotsitlar agregatsiyasi o‘zgarishlari bilan semizlik, dislipidemiya va yondosh qandli diabet orasida o‘zaro bog‘liqlik borligi asoslangan;
aspiringa rezistentlik mavjud yurak ishemik kasalligi bilan og‘rigan bemorlarda yallig‘lanish oldi sitokinlari Il-1β va Il-6 titrlarining yuqoriligi va ularning giperagregatsiya darajasi bilan o‘zaro bog‘liqligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
YuIKda trombotsitar gemostaz holati va aspiringa rezistentlikka ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni aniqlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
YuIKda aspiringa rezistentlik bo‘yicha olingan natijalar asosida ishlab chiqilgan «YuIKda aspiringa rezistentlikning diagnostika usuli» nomli uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 24 maydagi 8n-r/419-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma kardiologiya va terapiya amaliyotida tashxis qo‘yish, kompleks davolashda antiagregant preparatlardan foydalanishning aspiringa rezistentlik holatini inobatga olish orqali bemorlarda davo samarasini oshirish imkonini bergan;
YuIKda antiagregant davoga muvofiqlikni aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan «YuIKda aspiringa muvofiqlikni aniqlovchi so‘rovnoma usuli» nomli uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 24 maydagi 8n-r/420-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma kardiologiya va terapiya amaliyotida YuIKda antiagregant davo samarasiga ta’sir etuvchi omillarni erta aniqlash va bartaraf etish orqali kasallik asoratlarini kamaytirish imkonini bergan;
YuIK bilan og‘rigan bemorlarda trombotsitlar gemostazi va aspiringa rezistentlikka ta’sir etuvchi omillarni aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Toshkent shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi kardiologiya bo‘limi hamda Navoiy shahridagi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi klinikasi amaliyotiga joriy qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 19 noyabrdagi 08-09/17922-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalarning amaliyotga tatbiq etilishi YuIKda davo samaradorligini oshirish hamda yurak qon-tomir o‘tkir asoratlari va o‘lim ko‘rsatkichlarini kamaytirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish