Xayitova Feruza Buxarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek xalqi etnomadaniyatida ziyorat va ziyoratgohlar tarixi”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi, 07.00.07 – Etnografiya, etnologiya va antropologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Tar975.
Ilmiy rahbar: Ashirov Adhamjon Azimbaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, PhD.03/27.02.2021.Tar.70.05.
Rasmiy opponentlar: Tursunov Saypullo, tarix fanlari doktori, professor; Bo‘riev Ochil, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston san’at va madaniyat instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qashqadaryo vohasi ziyorat va ziyoratgohlari tarixi, ular bilan bog‘liq urf odat va marosimlar hamda voha aholisi aholisi dunyoqarashida ziyoratgohlarning tutgan o‘rnini etnologik aspektda ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Qashqadaryo vohasi ziyoratgoh va qadamjolari paydo bo‘lishi (avliyolar, tarixiy shaxslar va diniy ulamolar bilan bog‘liq, me’moriy obida va yodgorliklar sifatida), joylashuvi (tog‘, adirlik va cho‘l) va tabiiy hamda mo‘jizaviy xususiyatlari (geografik ob’ektlar va tabiat mo‘’jizalari, hayvonlar va jonivorlarni muqaddaslashtirish bilan bog‘liq), ijtimoiy tarkibi (kasblar bilan bog‘liq va ayollar tashrif buyuradigan) dalillangan;
voha ziyoratgohlari “umumiylik” va “o‘ziga xoslik” kategoriyalari kontekstida o‘rganilib, mintaqada jahonga mashhur shaxslar (Amir Temur, Faxrul-islom Bazdaviy, Abul Mu’in an-Nasafiy va boshqalar) nomlari bilan bog‘liq va shifobaxsh xususiyatga ega bo‘lgan (Oqsuv, Xo‘jayi Jarroh, Qo‘tirbuloq ota, Ishoq ota kabi) ziyoratgoh va qadamjolar muhim ziyorat turizmi ob`ektlari ekanligi aniqlangan;
ziyoratgohlar va qadamjolarda ayollar ishtirokida o‘tkaziladigan marosimlar (mushkul kushod, biyi(bibi) seshanba, xudoyi, ehson, sadaqa, is chiqarish, mavlud, chilla saqlash, qushnoch yoki qo‘l olish kabi)da islomiy va islomgacha bo‘lgan diniy e’tiqodlar(totemizm,shomonlik, zardushtiylik, ajdodlar e’xtiqodi, tabiat kul`ti) uyg‘unlashuvi asosidagi marosimiy dunyoqarash simbiozi aks etganligi etnografik materiallari asosida aniqlangan;
voha ziyoratgoh va qadamjo manzillarining ekologik, tibbiy va turistik imkoniyatlari o‘rganilib, viloyatning turli tuman va qishloqlaridagi yangi ziyorat turizmi ob`ektlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek xalqi etnomadaniyatida ziyorat va ziyoratgohlar tarixi mavzusi yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Qashqadaryo vohasi muqaddas ziyoratgohlari va qadamjolarining tarixi, ular bilan bog‘liq urf-odat va marosimlar, vohadagi ziyoratgohlar bilan bog‘liq afsona va rivoyatlarni o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilgan etnografik tadqiqotlar asosida yig‘ilgan ma’lumotlardan foydalanilgan (Xalqaro “Oltin meros” hayriya jamoat fondining 2021 yildagi 4–son ma’lumotnomasi). Bu natija Qashqadaryo vohasi muqaddas ziyoratgohlari va qadamjolarining tarixi, ular bilan bog‘liq urf-odat va marosimlarni tizimli tahlil qilish imkonini bergan;
ziyoragohlarda ayollar ishtirokida o‘tkaziladigan mushkul kushod, biyi(bibi) seshanba, xudoyi, ehson, sadaqa, is chiqarish, mavlud, chilla saqlash, qo‘shnoch yoki qo‘l olish kabi urf odat va marosimlarning vohaga xos mahalliy xususiyatlari dala etnografik materiallaridan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan targ‘ibot materiallarini tayyorlashda qo‘llanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2021 yil 26 maydagi 02/08-599-son dalolatnomasi). Natijada, jahon etnologiyasida bugungi kunda shakllanayotgan ziyorat turizmining rivojlanishini tadqiq etish zamirida muqaddas joylar, ziyoratgohlarning hududiy ta’sirining reallashuvi, ziyoratgohlar bilan bog‘liq urf-odat va marosimlarni tahlil qilish, tarixiy va tabiiy ob’ektlarni mahalliy xususiyatlarini o‘rganish, O‘zbekistonda milliy yuksalish davrida “Madaniy va diniy bag‘rikenglik” g‘oyasi ostida ziyoratgohlar bilan bog‘liq urf-odat va marosimlar ma’naviy-axloqiy asoslariga oid ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalarga asoslangan;
muqaddas ziyoratgohlar, qadamjolar bilan bog‘liq urf-odatlar, tarixiy shaxslar, allomalar va avliyolar bilan bog‘liq ziyoratgohlarning jamiyat ma’naviy hayotida tutgan o‘rni hamda vohada ziyorat turizmini tashkil etish imkoniyatlariga oid ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Etno” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2021 yil 26 apreldagi 03 40 620 son ma’lumotnomasi). Natijalar keng jamoatchilikka Qashqadaryo vohasi muqaddas qadamjolari va ziyoratgohlari tarixi hamda ularda o‘tkaziladigan marosimlar bilan bog‘liq ma’lumotlarni etkazishga xizmat qilgan.