Zaripov Rafiqjon Ergashboy o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda til siyosati: bilingvizm va pluralingvizm”, 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: №B2020.4.PhD/Fil1484.
Ilmiy rahbar: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.60.02.
Rasmiy opponentlar: Nabieva Dilora Abduhamidovna, filologiya fanlari doktori, professor; Abdurahmonova Muqaddas Tursunalievna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi o‘zbek tilining davlat tili sifatida shakllanish, amal qilish va rivojlanish yo‘llarini, lisoniy vaziyat, bilingvizm va pluralingvizm hodisalarining lingvistik jihatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
globallashuv sharoitida dunyoning lisoniy qiyofasini aniqlash, jahon tillari holatini o‘rganish, tillar haqidagi aniq ma’lumotlarni olish, lingvistik xaritalar tuzish, tillarning o‘zaro munosabatini aniqlash, tillarning internet uchun mo‘ljallangan versiyalarini shakllantirishda til taraqqiyotini, shu tilda so‘zlashuvchilar, yoshlar nutqi, vaziyat, real holatlar bilan uyg‘unlashtirish zarurati lingvistik jihatdan asoslab bilan dalillangan;
globallashuv va sivilizatsiya jarayonida o‘zbek tili o‘z mavqeini ilmiy, qonuniy mustahkamlab, yangicha mezonlar asosida taraqqiy etayotganligi lingvistik asoslanib, til siyosatining tolerantlik, inson manfaatlari ustuvorligi, milliy me’zonlar va huquqiy asosga ega modeldagi ko‘rinishda shakllanayotganligi dalillangan;
mukammal bo‘lmagan alifboni qo‘llashning millat hayotidagi savodxonlik, imlo muammolari bilan bog‘liq til me’yorsizligi kabi salbiy oqibatlari asoslanib, imlo me’yorlarini takomillashtirishning lingvistik, grafik, orfografik va punktuatsion zarurati ochib berilgan;
bilingv, pluralingvlarning jamiyatidagi individual afzalliklari kognitiv rivojlanish, til bilimi, kommunikativ kompetensiya, akademik ko‘rsatkichlar, ijtimoiy-madaniy, iqtisodiy manfaatlarda ekani, jamoaviy ustunligi esa ijtimoiy-madaniy muvofiqlashuv, rivojlanish va umumijtimoiy o‘sishda ko‘rinishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda til siyosati: bilingvizm va pluralingvizm tadqiqi yuzasidan erishilgan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekistonda til siyosatining zamonaviy modellarining shakllantirilishi va o‘zbek tili taraqqiyotining innovatsion strategiyalarini yaratishning nazariy asoslari ishlab chiqilishi yuzasidagi xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyatida tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda samarali foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamentining 2020 yil 4 dekabrdagi 30-15-08-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 dekabrdagi “Davlat tilini rivojlantirish departamenti to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 984-son, 2020 yil 11 martdagi “O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 139-son qarorlarida belgilangan masalalarning ijrosi ta’minlangan;
respublikamizdagi lisoniy vaziyatning sotsiolingvistik o‘rganilishi; O‘zbekistonda yangi til siyosatining shakllanishi; “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi, ahamiyati va takomillashtirilishi yuzasidagi xulosalarda qo‘llangan atamalardan 2017–2018-yillarda amalga oshirilgan OT-A1-018 “O‘zbek tili va uning tarjimasi bilan bog‘liq elektron va bank-moliya terminlarining ko‘p tilli lug‘atlarini yaratish” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 15 dekabrdagi 89-03-5283-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu terminlar lug‘atning boyitilishiga va qiymatining oshishiga xizmat qilgan;
o‘zbek tili taraqqiyoti, o‘zbek tilining davlat tili maqomiga ega bo‘lishi, davlat tilining millat hayotida tutgan o‘rni, til siyosati va o‘zbek tilining ilmiy tadqiqiga doir xulosalardan 5221000 – Filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) bakalavr ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun yozilgan, 2018-yilda “Tafakkur bo‘stoni” nashriyotida nashr qilingan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan darslik sifatida tavsiya etilgan “Hozirgi o‘zbek tili” darsligida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 15 dekabrdagi 89-03-5283-son ma’lumotnomasi). Natijada til va nutqning o‘zaro munosabatga kirishuvi milliy mezonlar asosida yoritilgan, zamonaviy modellar bilan taraqqiy etayotgan o‘zbek tili, uning birliklarining til va nutq munosabatidagi ahamiyati manbada keltirilgan faktlar asosida ochib berilgan;
o‘zbek tilini rivojlantirishning ustuvor yo‘llari, milliy tilimizga bo‘lgan e’tiborning kuchaytirilish omillari, til taraqqiyotining sivilizatsiya jarayonidagi yangicha modellarini shakllantirilish tamoyillari, respublikamizda kompyuter lingvistikasini taraqqiy ettirish zarurati yuzasidagi xulosa va qarashlardan bajarilishi 2018-2020-yillarga mo‘ljallangan BV-Atex-2018-(143) raqamli “Ko‘zi ojiz shaxslar uchun kompyuter texnikasidan foydalanish, matnlarni o‘qish va yozish imkonini beruvchi o‘zbek tiliga asoslangan gapiruvchi dasturiy ta’minot va ovoz sintezatorini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy grant loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 7 sentyabrdagi 04/1-1488-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek tilining rivojida, milliy tilimizga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirishda, til taraqqiyotining sivilizatsiya jarayonidagi yangicha modellarining shakllantirilishida respublikamizda kompyuter lingvistikasining rivojlanishi, nutqni matnga, matnni nutqqa aylantiruvchi dasturlarning yaratilishi muhim ahamiyat kasb etishi asoslab berilgan;
sivilizatsiya jarayonida olamning lisoniy manzarasi, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi, globallashuv jarayonida o‘zbek tilini rivojlantirish tamoyillari yuzasidagi xulosalardan 2020 yil 21 oktyabr` kuni “O‘zbekiston 24” radiokanali orqali efirga uzatilgan “21-oktyabr` – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun” eshittirishining bayram sonida manba sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston 24” teleradiokanali” davlat unitar korxonasining 2020 yil 11 dekabrdagi 01-09-550-son ma’lumotnomasi). Natijada globalizatsiya jarayonida tillarning rivoji, taraqqiyotning tilga ta’siri, tilning rivojlanishga ta’siri, sivilizatsiya jarayonida olamning lisoniy manzarasi, globallashuv jarayonida o‘zbek tilini rivojlantirish masalalari haqidagi ma’lumotlar jamoatchilikka etkazilgan.