Kasimov Nosirbek Adxamovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mexanik sariqlik fonida jigar etishmovchiligida plazmosorbsiya usulini takomillashtirish va uning samaradorligini tajribada baxolash», 14.00.27 – Xirurgiya (tibbiyot fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Tib1972.
Ilmiy rahbar: Xakimov Dilshodbek Mamadalievich tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Andijon davlat tibbiyot instituti PhD.04/30.12.2019.Tib.95.01.
Rasmiy opponentlar: Maxmudov Ulugbek Ma’rufdjanovich, tibbiyot fanlari doktori; Salaxiddinov Kamoliddin Zuxriddinovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga muvofiq.
II. Tadqiqotning maqsadi: plazmosorbsiya usulini takomillashtirish va uning biologik xavfsizligini xamda samaradorligini eksperimental asoslash orqali mexanik sariqlik fonidagi jigar etishmovchiligida ekstrakorporal detoksikatsiya natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mexanik sariqlik fonidagi jigar etishmovchiligida bilirubin fraksiyalarini sorbsiyalash samaradorligini oshiruvchi, qon plazmasini lazerli nurlantirish bilan birgalikda mahalliy uglerodli nanoporoz gemosorbent yordamida plazmosorbsiyaga asoslangan ekstrakorporal detoksikatsiya usuli takomillashtirilgan;
eksperimental gistomorfologik tadqiqot natijalari asosida uglerodli nanoporoz gemosorbentning qorin bo‘shlig‘iga ta’siri fonida hayvonlarning a’zo va to‘qimalarida distrofik, nekrobiotik va yallig‘lanishli o‘zgarishlarning kuzatilmasligi isbotlangan;
mexanik sariqlikning eksperimental modelini shakllantirish va jigar etishmovchiligi sindromini davolashning turli usullari samaradorligini baholash uchun ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish imkoniyatini yaratuvchi umumiy o‘t yo‘lini boshqariladigan obstruksiyasini modellashtirish usuli takomillashtirilgan;
yangi mahalliy nanoporoz gemosorbent yuqori adsorbsiya xususiyatiga egaligi, plazmosorbsiya jarayonida zaharli metabolitlarni samarali singdirishi va poralarning ma’lum kattaligi tufayli oqsil fraksiyalarining ortiqcha cho‘kishiga olib kelmasligi isbotlangan;
plazmosorbsiya jarayonida uglerod gemosorbent orqali o‘tuvchi plazmani impul`sli rejimda lazerli nurlantirish, patologik metabolitlarning so‘rilishiga nisbatan, sorbent granulalarining adsorbsion faolligini oshirishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Jigar etishmovchiligida ekstrakorporal detoksikatsiya usulini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
eksperimental mexanik sariqlikda jigar etishmovchiligini davolashning yangi usulini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy tadqiqotning natijalari asosida ishlab chiqilgan «Tajribada nanoporoz gemosorbent orqali plazmosorbsiya va lazerli nurlantirishdan foydalangan holda mexanik sariqlikdagi jigar etishmovchiligini davolash usuli» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 26 noyabrdagi 08-09/18470-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tavsiyalar umumiy oqsil darajasiga sezilarli darajada ta’sir qilmagan xolda, obstruktiv sariqlik fonida jigar etishmovchiligi sindromining toksik ko‘rinishlarini samarali ravishda kamaytirishga imkon bergan;
mexanik sariqlikni modellashtirishning yangi usulini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy tadqiqotning natijalari asosida ishlab chiqilgan «Tajribada mexanik sariqlikni modellashtirish va ekstrakorporal detoksikatsiyada qo‘llash imkoniyatlari» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 26 noyabrdagi 08-09/18470-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan tavsiyalar jigardan tashqari o‘t yo‘llariga zarar etkazmagan xamda safro chiqishini tiklash uchun hayvonlarga takroriy tashrixni o‘tkazmagan xolda umumiy o‘t yo‘lining obstruksiya darajasini etarli darajada boshqarishga imkon bergan;
jigar etishmovchiligida ekstrakorporal detoksikatsiya sifatini yaxshilash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlashning amaliy faoliyatiga, jumladan, Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi va Andijon viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining amaliyotiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 26 noyabrdagi 08-09/18470-son ma’lumotnomasi). Tajribada mexanik sariqlikni modellashtirish bo‘yicha taklif etilgan tavsiyalar va ekstrakorporal detoksikatsiya o‘tkazish usuli xolestaz darajasini korreksiya qilishga, jigar etishmovchiligi sindromini davolash samaradorligini baholash uchun ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazishga, usulning umumiy bilirubin, kreatinin va ammiak miqdorining kamayishi bilan isbotlangan sorbsion ta’sirini kuchaytirishga imkon bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish