Todjixodjaev Muso Muydinbaevichning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «O‘zbek mumtoz adabiyoti namunalari Martin Xartmann tarjimasi va talqinida», 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Fil.349.
Ilmiy rahbar: Homidov Hamidjon, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Namangan davlat universiteti, PhD.03/31.03.2021.Fil.76.05.
Rasmiy opponentlar: Hallieva Gulnoz Iskandarovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Qaxarov Qobil Shuhrat o‘g‘li, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tili va adabiyoti namunalarining Evropada tadqiq va targ‘ib qilinishi, Alisher Navoiy, Boborahim Mashrab, Xo‘janazar Huvaydo kabi mutasavvif shoirlar asarlarining Germaniya va boshqa mamlakatlarda qilingan tarjimalarining asliyatga muqobillik darajasini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Navoiy g‘azallari namunalarning badiiy xususiyatlari hamda uning yuksak umumbashariy mohiyati Evropa sharqshunosligida xolis e’tirof etilishi va ilmiy muomalaga kiritilishi Martin Hartmann tadqiqotlari asosida asoslanib, ushbu jihat mazkur olimning “Chig‘atoy tili darsligi” tadqiqot-xrestomatiyasining yaratilishi bilan bog‘liqligi dalillangan;
Martin Xartmanning «Chig‘atoy tili» darsligi yozilishi sabablari, uning manbalari va omillari asoslanib, darslikdagi Navoiy asarlarining asliyatdan nemis tiliga tarjimalari sifatiga xolis baho berilgan hamda o‘zbek adabiyotining jahon xalqlari adabiyotida egallagan yuksak nufuzi dalillangan;
Boborahim Mashrabning hali O‘zbekistonda noma’lum bo‘lgan arab imlosidagi «hanuz» radifli o‘zbekcha g‘azali va uning nemischa tarjimasi topilgan, g‘azalning nemis adabiyotida turli janrlarda tarjima qilinganini ko‘rsatish orqali Boborahim Mashrab asarlarining jahon xalqlari she’riyati rivojidagi hissasi tayin qilingan, «Qissai Mashrab» manoqibidagi ko‘plab purma’no hikoyatlar nemis tiliga Sharq hikmatlari sifatida qabul qilingani dalillangan;
Martin Xartmanning «Mashrab – dono telba va avliyo dahriy» maqolasini «Qissai Mashrab», «Devoni Mashrab» kabi manoqiblar bilan qiyoslash orqali tarjimonning o‘zbek tili va mumtoz adabiyoti bilimdoni ekani asoslangan, manoqibning qisqartirib tarjima qilingani sababli yuzaga kelgan kamchiliklari ko‘rsatilgani holda yangi adekvat tarjima zarurati dalillangan, shuningdek, tarjima jarayonida o‘zbek tilidan nemis tiliga ko‘plab so‘z, atama va iboralar o‘zlashgani hisobiga nemis tili lug‘at boyligi oshgani isbotlangan;
Xo‘janazar Huvaydo devonining 1902 yili Istanbulda chop etilgan nusxasini, ilk bora, O‘zbekistonda nashr etilgan ishonchli nusxalar bilan solishtirish jarayonida devonlarda ko‘plab matniy o‘zgarishlar yuzaga kelgani aniqlangan, xorijiy noshirlarning devonlar tuzishga o‘ta ijodiy yondashuvlari tufayli yuzaga kelgan kamchiliklar ko‘rsatilgan va ularni bartaraf etish yo‘llari haqida tavsiyalar berilgan;
«Devoni Huvaydo»ning Istanbul nusxasidagi Xartmann tomonidan tanlab olingan 11 g‘azal haqida muxtasar ma’lumotlar berish orqali o‘zbek mumtoz adabiyotining xorijiy tadqiqotchilari ijodiga xolis baho berilgan hamda Huvaydoning munojot (hamd) g‘azali nemischa tarjimasidagi mutarjimning islomiy-ma’rifiy asarlar o‘girmasidagi mahorati isbotlangan, ularning yuzaga kelish sabablari aniqlanib, shoir g‘azallarining G‘arbiy Evropa adabiyotiga kirib borish tarixi oydinlashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek mumtoz adabiyoti namunalarining Martin Xartmann tomonidan nemis tiliga tarjimalari sifatini tahlil qilish jarayonida olingan natijalar asosida:
o‘zbek allomalari asarlarining nemis tiliga tarjimalari haqidagi xulosalaridan OT-F1-69-raqamli Sankt-Peterburg qo‘lyozmalar instituti va Toshkent davlat sharqshunoslik institutidagi «Sharq qo‘lyozmalari markazi»da saqlanayotgan «Xorazm adabiy manbalarining kompleks tadqiqi» mavzusidagi fundamental loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 7 oktyabrdagi 89-03-3771-son ma’lumotnomasi). Natijada, ilmiy loyiha Evropada o‘zbek tili va adabiyoti darsliklarini yaratish bilan shug‘ullangan evropalik olimlar tadqiqotlari bilan boyigan;
Sharq hikmatlarining tarjima vositasida nemis tiliga kirib borishi va jahon adabiyotining o‘zbek mumtoz shoirlari hikmatlari hisobiga boyigani haqidagi xulosalar Namangan viloyat teleradiokompaniyasining «Diyor» informatsion-axborot va «Oltin zamin» radiosi dasturlaridagi «Nigoh» radiojurnalida efirga uzatilgan «Navoiy hikmatlari nemis tilida» mavzusidagi ko‘rsatuv va eshittirishlarda namoyish qilingan (Namangan viloyat teleradiokompaniyasining 2019 yil 13 martdagi 08-01-170-son ma’lumotnomasi). Natijada, tadqiqot ob’ekti qilib olingan manbalar ko‘rsatuv va eshittirishning ilmiy dalillarga boy va ommabop bo‘lishini ta’minlagan;
«O‘zbek mumtoz adabiyoti namunalari Martin Xartmann tarjimasi va talqinida» mavzusidagi dissertatsiya ishi natijalaridan Deutsch-Usbekische Wissenschaftliche Gesellschft (Olmon-o‘zbek ilmiy jamiyati) tomonidan 2019 yil 25 iyunda bo‘lib o‘tgan olmon-o‘zbek adabiy aloqalariga bag‘ishlangan ilmiy seminarda foydalanilgan (Deutsch-Usbekische Wissenschaftliche Gesellschft–DUWG (Olmon-o‘zbek ilmiy jamiyati)ninig 2019 yil 25 iyuldagi ma’lumotnomasi). Natijada, Navoiy g‘azallarining nemischa tarjimalari xususidagi xulosalar tadbir mazmunini boyitishda va ikki xalq o‘rtasidagi adabiy aloqalarni mustahkamlashda asos bo‘lgan;
«Boborahim Mashrab asarlarining nemis tiliga tarjimalari tarixi» mavzusida tilga olingan Mashrab hikoyatlaridagi islomiy-ma’rifiy g‘oyalar tahlilidan kelib chiqadigan xulosalaridan 2019 yil 16 aprel` kuni Namangan viloyati «Yoshlar markazi»da o‘tkazilgan «Boborahim Mashrab badiiy tafakkuri – ma’naviyatimiz sarchashmasi» hamda Namangan davlat universitetida 2019 yil 21 may kuni o‘tkazilgan «Boborahim Mashrab asarlari xorijiy tillarda» mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirda, shuningdek, 2019 yil 7 iyulda Namangan viloyati Axborot-resurs markazida o‘tkazilgan ilmiy seminarda Alisher Navoiy, Boborahim Mashrab va Xo‘janazar Huvaydo asarlari hamda ularning xorijiy tillarga tarjimalari tahliliga oid tadqiqot natijalaridan foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2019 yil 11 iyuldagi 02/09-950-19-son ma’lumotnomasi). Natijalardan mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 5 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshinchi yo‘nalishi hamda «Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasi» targ‘ibotini amalga oshirishda foydanilayotgani tasdiqlangan.