Ibaydullaev Temur Gaybullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Libos – milliy madaniyat taraqqiyotining muhim fenomeni sifatida”, 09.00.02 – Ong, madaniyat va amaliyot shakllari falsafasi (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Fal258.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax politexnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.F.02.02
Ilmiy rahbar: Qoraboev Usmon Hosilovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Aymatov Aminjon Qudratovich, falsafa fanlari doktori (DSc), dotsent; Arzimatova Inoyatxon Madimarovna, falsafa fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat chet tillar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi asrlar davomida shakllangan va tarixiy qadriyatlar zaminida vujudga kelgan libosni milliy madaniy taraqiyotning muhim fenomeni sifatida falsafiy jihatdan tahlil qilish hamda kiyinish an’analarining evolyusiyasi, hozirgi ahvoli, muammolari va ularning echimini aniqlashga qaratilgan taklif-tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
libos xalqlarning urf-odatlari, ramzlari, madaniyat elementlari, e’tiqodlari, estetikasi, hayot quvonchlari va qayg‘ularini o‘zida aks ettiruvchi hamda insonning ijtimoiy toifasini bildiruvchi muhim mezon sifatida millat ma’naviy qiyofasini shakllantirib kelgan tendensiyalari ochib berilgan;
milliy liboslar etnik tafakkurning tarixiy in’ikosi va milliy qiyofani aks ettiradigan muhim elementlaridan biri sifatida madaniy taraqqiyotni takomillashtirib boradigan o‘ziga xos fenomen ekanligi isbotlangan;
ma’lum bir millat yashaydigan joy geografiyasi, tabiiy iqlimi, ob-havosi, tarixi, turmush tarzi, ongi, ruhiyati, madaniyati, mashg‘ulotlari, an’analari, diniy e’tiqodlari asosida vujudga kelgan milliy liboslar tarixiy evolyusiyasining yangi turkumi aniqlangan;
har qanday libosning inson ichki va tashqi dunyosi bilan bog‘liqligi, o‘zaro emotsional uyg‘unligi o‘zbek an’anaviy libos madaniyati va hududiy xususiyatlari kontekstida falsafiy jihatdan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mamlakatimiz xalqlari hayotida libosni milliy madaniyat taraqqiyotining muhim fenomeni sifatida tadqiq etish asosida:
libos xalqlarning milliy o‘ziga xosligini, milliy urf-odatlar, ramzlar, madaniyat elementlari, e’tiqodlari, estetikasi, hayot quvonchlari va qayg‘ularini o‘zida aks ettiruvchi, insonning qaysi ijtimoiy toifaga mansubligini bildiruvchi muhim mezon ekanligiga oid taklif va tavsiyalaridan “Milliy g‘oya: O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi” nomli darslikning “Jamiyat mafkurasida milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi” deb nomlanuvchi III bobidagi “Milliy g‘oyada milliy va umuminsoniy qadriyatlar” mavzusini va “Globallashuv davrida axborot makoni va g‘oyaviy-mafkuraviy kurashlar” deb nomlanuvchi VII bobidagi “Madaniyatning globallashuvi” mavzusini tayyorlashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim Vazirligining 2020 yil 18 dekabrdagi 89-03-5351-son ma’lumotnomasi). Natijada, xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odat va an’analarini umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashtirish orqali milliy va zamonaviy libos madaniyatini takomillashtirishga xizmat qilgan;
milliy liboslar milliy qiyofani aks ettiradigan muhim elementlaridan biri bo‘lib, u millatning tashqi qiyofasini rivojlantirib, o‘zgartirib, takomillashtirib boradigan o‘ziga xos fenomen ekanligiga doir ilmiy yangilik va nazariy xulosalaridan Jizzax viloyati tojik milliy-madaniy markazining 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan “Forish qadriyatlari, an’analari, urf-odatlari, udumlarini saqlash va ular bilan keng jamoatchilikni tanishtirish” mavzusidagi 63-11/41-sonli grant loyihasidagi “Aholining ma’naviy boyliklarini, urf-odatlari an’analari, udumlarini saqlash va ular bilan keng jamoatchilikni tanishtirish va uni rivojlantirish bo‘yicha seminar, davra suhbati va konferensiya o‘tkazish” nomli 3-rejasining ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-qo‘vvatlash Jamoat fondining 2020 yil 17 dekabrdagi 18/1-521-son ma’lumotnomasi). Natijada, millatlar va elatlarning urf-odatlari, qadriyatlari, an’analarini saqlash, ular bilan keng jamoatchilikni tanishtirish hamda madaniyatini rivojlantirish borasida o‘tkazilgan tadbirlarda liboslarning o‘rni va ahamiyati, uni xalq madaniy turmush tarziga singdirishdagi aksiologik xususiyatlarini aniqlashtirishda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan;
milliy liboslar ta’sirida shakllangan milliy qiyofaning millat yashaydigan joy geografiyasi, tabiiy iqlimi, ob-havosi, millat tarixi, turmush tarzi, millat ongi, ruhiyati, madaniyati, mashg‘ulotlari, an’analari, diniy e’tiqodlari asosida vujudga kelishiga doir taklif va tavsiyalardan “Milliy g‘oya va millatlararo munosabatlar” nomli o‘quv qo‘llanmaning “Mustaqillik yillarida millatlararo munosabatlarni yaxshilashga bo‘lgan e’tiborning ortib borishi” nomli bobining “Ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan ma’naviy merosning va urf-odatlarimizni millatlararo munosabatlarni yaxshilashga ko‘rsatadigan ta’siri” deb nomlangan mavzusini va “Millatlararo munosabatlarning madaniy – ma’naviy omillari” deb nomlanuvchi bobining “Millatlar madaniyatini bir-biriga ta’siri turli xalqlarning, turli millat kishilarining ma’naviy – axloqiy boyishiga xizmat qilishi” nomli mavzusini tayyorlashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim Vazirligining 2020 yil 22 dekabrdagi 89-03-5422-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘quv qo‘llanma mazmunini takomillashtirishga xizmat qilgan;
libosning inson ichki va tashqi dunyosi bilan estetik bog‘liqligi, o‘zaro emotsional uyg‘unligi hamda o‘zbek an’anaviy libos madaniyatining gender va hududiy xususiyatlariga oid taklif va tavsiyalaridan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan 2019-2020 yillarda Respublika miqyosida o‘tkazilgan “Milliy libos – ma’naviyat ko‘zgusi” va “Buvijonim kiygan liboslar” mavzusidagi tanlovlar dasturi ssenariylarini ishlab chiqishda foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2020 yil 13 noyabrdagi 02/07-976-son ma’lumotnomasi). Natijada, fuqarolarni turli g‘oyaviy va mafkuraviy tahdidlardan himoyalashni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash, shuningdek, yoshlarda libos madaniyati tamoyillarini shakllantirishda amaliy jihatdan xizmat qilgan.