Sayt test rejimida ishlamoqda

Boqiev Anvar Axmedovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Oks sivilizatsiyasining ijtimoiy xarakteri”, 07.00.01– O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Tar.601.
Ilmiy rahbar: Shaydullaev Shopo‘lat Bozorovich, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Tar.78.02.
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Utkir Ismailovich, tarix fanlari doktori (DSc), dotsent; Allaeva Nigora Ashirovna, tarix fanlari doktori, katta ilmiy xodim. 
Etakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Oks sivilizatsiyasi rivojlanish bosqichlarini va ijtimoiy xarakterini yozma va arxeologik manbalar asosida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston tarixini davrlashtirishda arxeologik, xronologik, etnografik, sulolaviy, formatsion hamda sivilizatsiyaviy yondashuvlar taqqoslanib, ijtimoiy va moddiy hayotning evolyusion taraqqiyotini ko‘rsatuvchi, ushbu jarayonlarda xalq ommasining tutgan o‘rnini yaqqol ochib beradigan sivilizatsiyaviy usulning maqbulligi asoslangan;
Oks sivilizatsiyasining ijtimoiy va moddiy belgilari aniqlanib, uning Qadimgi Sharq sivilizatsiyalaridan farq qiluvchi o‘ziga xos jihatlari, jumladan me’morchilikda yirik g‘ishtlardan uylar, saroy hamda ibodatxonalar bunyod etilganligi, fortifikatsiyada uch qatorli mudofaa devorlarining labirint tizimda qurilganligi (Sopollitepa, Dashtli), gips, tuproq va somon qorishmasidan pol yasash va devorlarni suvash an’anasining kuzatilganligi, taqinchoqlar yasashda texnik jihatdan keskin farq qiluvchi usullar hamda jinsiy differensiya, mayitlarga munosabatdagi doimiy innovatsiyalarning qabul qilinganligi ochib berilgan;
Oks sivilizatsiyasining tadrijiy taraqqiyotida mahalliy ildizlar va migratsiyalarning katta rol` o‘ynaganligi, miloddan avvalgi III ming yillik oxiri-II ming yillik davomida Murg‘ob, Surxon, Dashtli, Vaxsh hamda Kafirnihon vohalarining o‘zlashtirilganligi va bu aholining o‘ziga xos yuqori moddiy madaniyat yaratganliklari, Mesopotamiya va Hindiston bilan yaqin madaniy aloqada bo‘lganliklari, Janubiy Turkmanistonning Oltintepa va boshqa bir qator yodgorliklarida Oks sivilizatsiyasining mahalliy ildizlari vujudga kelganligi dalillangan;
Oks sivilizatsiyasi aholisi o‘rtasida miloddan avvalgi 1600-1500 yillardan boshlab ashyoviy yozuvning keng tarqalganligi, Shimoliy Afg‘onistonning Dashtli, Janubiy Turkmanistonning Axaltekin va Murg‘ob vohasidagi Namozgoh VI davri va Janubiy O‘zbekistonning Sopollitepa (29 ta belgi), Jarqo‘ton (52 ta belgi), Arabuloq, Tillabuloq hamda G‘oz yodgorliklarida aniqlangan piktografik belgilar asosida Markaziy Osiyoda yozuvning bronza davrida shakllanganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Oks sivilizatsiyasi ijtimoiy xarakteri mavzusi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot ishi asosida:
Oks sivilizatsiyasining moddiy va ijtimoiy belgilari aniqlanib, uning Qadimgi Sharq sivilizatsiyalaridan farq qiluvchi o‘ziga xos jihatlari qiyosiy tahlil qilish asnosida qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar Surxondaryoning turistik ob’ektlari bo‘yicha tayyorlangan targ‘ibot materiallarini yangi ma’lumotlar bilan boyitib borishda hamda yangi tadqiqotlar natijalariga bag‘ishlangan ilmiy ko‘rsatuvlarni yoritishda keng foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2020 yil 4 sentyabrdagi 05-16/4084-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘rta Osiyo mintaqasining janubiy hududlarida bronza davri jamoalarining migratsiyasi, o‘troq turmush tarzi, xo‘jalik hayoti, piktografik belgilar haqidagi ma’lumotlar tahlili bronza davrida mintaqa aholisi hayotida qo‘llanilgan qadimgi yozuv to‘g‘risida tomoshabinlarda qo‘shimcha ma’lumotlar o‘zlashtirilishiga xizmat qilgan;
O‘zbekiston tarixida bronza davri madaniyatlariga ilk sivilizatsiyalashuv jarayonlari kechgan davr sifatida va arxeologiya fanida Sopolli, Namozgoh, Dashtli kabi nomlar bilan atalayotgan madaniyatlarga nisbatan sivilizatsiya nuqtai nazardan qarash tushunchalari bo‘yicha berilgan ma’lumotlardan «O‘zbekiston tarixi» telekanalining «Mavzu» va «Taqdimot» ko‘rsatuvlarining ssenariylarini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston teleradiokanali» DUKning 2021 yil 30 apreldagi 02-40-660-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu ko‘rsatuvlar keng jamoatchilik o‘rtasida O‘rta Osiyoning strategik jihatdan qulay o‘rnini ishg‘ol etgan O‘zbekiston hududlarida ilk shahar-davlatlar vujudga kelishining tarixiy omillari, Oks sivilizatsiyasining shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari hamda inqirozga yuz tutishi sabablarini kengroq tushunishga imkon bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish