Bakaev Ilhom Izatovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek tili so‘z shakllarini morfologik tahlil qilish modellari va algoritmlari», 05.01.04 – «Hisoblash mashinalari, majmualari va kompyuter tarmoqlarining matematik va dasturiy ta’minoti» (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/T2374.
Ilmiy rahbar: Ravshanov Normaxmad, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/30.12.2019.T.07.01.
Rasmiy opponentlar: Muxamedieva Dilnoz Tulkunovna, texnika fanlari doktori, professor; Norov Abdisait Muradovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD). 
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tilining so‘z shakllarini morfologik tahlil qilish modellari, algoritmlari va vebga yo‘naltirilgan dasturiy vositalarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
o‘zbek tili orfografiyasi, punktuatsiyasi va  lingvistik xususiyatlarini hisobga olgan holda so‘z yasalishining algoritmlari hamda so‘z shakllarining morfem modellari ishlab chiqilgan;
o‘zbek tilidagi affiksatsiya usuli bilan yasalgan so‘z shakllarini morfem tahlil qiluvchi, o‘zak morfemalarini aniqlovchi algoritmlar ishlab chiqilgan;
o‘zbek tilidagi so‘z asoslari leksikoni va grammatik teglardan foydalanish asosida leksemalarni tanib olish algoritmi ishlab chiqilgan;
chekli avtomatlar to‘plamidan iborat produksion qoidalar asosida o‘zbek tilidagi matnlardan tokenlarni tanib oluvchi bilimlar bazasi ishlab chiqilgan;
o‘zbek tilidagi so‘z shakllarini morfologik tahlil qilish dasturiy tizimini loyihalashtirish modeli, funksional IDEF0 modeli, informatsion IDEF1x modeli, ob’ektga yo‘naltirilgan sinflar modeli, REST arxitekturasi asosidagi kommunikatsiya modeli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilidagi so‘z shakllarini morfologik tahlil qilish modellari, algoritmlari hamda veb- dasturiy vositadan foydalanish asosida:
elektron kutubxona tizimida axborot resurslarini izlashda o‘zbek tilidagi matnli so‘rovlarni morfologik tahlil qilish uchun modellar, algoritmlar va dasturiy ta’minot Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro viloyati Axborot-kutubxona markazida hamda Buxoro davlat universiteti Axborot-resurs markazida joriy qilingan. (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agenligining 2021 yil 22 sentyabrdagi 11-3885-son ma’lumotnomasi). Natijada imlo xatolarini avtomatik tuzatish va so‘zlar imlosining to‘g‘ri variantlarini berish orqali elektron katalog tizimida o‘zbek tilidagi hujjatlarning bibliografik tavsiflarini tuzish operatsiyalarini bajarishda vaqt va mehnat sarfini 9-11 % kamayish imkonini bergan;
o‘zbek tilidagi so‘z shakllarini morfologik tahlil qilish modellari, algoritmlari va dasturiy ta’minoti O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga joriy etildi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agenligining 2021 yil 22 sentyabrdagi 11-3885-son ma’lumotnomasi). Natijada morfem tahlil aniqligi hisobiga bibliografik yozuvlar elektron katalogi va to‘liq matnli hujjatlar elektron kutubxonasi tizimlarida axborot resurslarini qidirish natijalarining muvofiqligini oshishga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish