Mahmadiyorova Charosxon Erkinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Almashingan dezoksipeganinlar va ularning kislorodli analoglari sintezi hamda reaksiyalari», 02.00.03 - Organik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/K112.
Ilmiy rahbar: Elmuradov Burxon Juraevich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Qarshi davlat universiteti, O‘simlik moddalari kimyosi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘simlik moddalari kimyosi instituti, DSc.02/30.01.2020.K/T.104.01.
Rasmiy opponentlar: Maxsumov Abduxamid G‘ofurovich, kimyo fanlari doktori, professor; Xodjaniyozov Xamid Utkirovich, kimyo fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mono- va dialmashingan-dezoksipeganinlar, ularni ayrim kislorodli analoglarining takomillashgan sintez usullarini ishlab chiqish, ularning maqsadli kimyoviy modifikatsiyasini amalga oshirish, olingan natijalarni o‘zaro taqqoslash, sintez qilingan birikmalarning tuzilishini, fizik-kimyoviy va biologik xossalarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
dezoksipeganin, dezoksivazisinon va uning ayrim gomologlarini nitrolash reaksiyalari substratlar tuzilishi va nitrolovchi aralashma konsentratsiyasiga bog‘liq holda ketib tegishli mono- yoki dinitro-hosilalar hosil bo‘lishi ko‘rsatib berilgan;
sintez qilingan mono- va dinitro-xinazolinlarni turli sharoitda qaytarish reaksiyalari ularning kislorodli analoglari - nitro-xinazolonlarga nisbatan sekin va qiyinroq ketishi aniqlangan; dezoksipeganinni aromatik al`degidlar bilan reaksiyasi al`degidlarning tuzilishiga qarab ariliden- yoki molekulasida xiral markaz saqlagan birikmalar hosil bo‘lishi asoslab berilgan;
almashingan dezoksivazisinonlar va makinazolinonlar qatorida al`degidlar bilan kondensatsiya reaksiyalarida asosli (TEA) va ishqoriy (NaOH) katalizatorlar ishtirokida faqat ariliden-mahsulotlar hosil bo‘lishi aniqlangan;
dezoksipeganinning molekulyar brom bilan ta’sirlashishi uning kislorodli analoglariga o‘xshash tarzda ketishi isbotlangan;
ilk bor turli tabiatli o‘rinbosar tutgan makinazolinonlar misolida kristall tuzilishlarida molekulyar o‘zaro ta’sirlar aniqlangan;
ilk marotaba brom atomi va amino guruhlari saqlagan xinazolonlar va xinazolinlar ishtirokida kross-birikish va diazotirlash/kross-birikish reaksiyalari borishi kuzatilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Almashingan trisiklik xinazolinlar, xinazolonlar va ularning yangi hosilalarini sintez qilish, kimyoviy o‘zgarishlarini, olingan birikmalarni tuzilishini va biologik xossalarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
(4-nitrofenil)(1,2,3,9-tetragidropirrolo[2,1-b]xinazolin-3-il) metanol monogidrat, 2-amino-6,7,8,9-tetragidro-11N-pirido[2,1-b]xinazolin-11-on va 2-nitro-6,7,8,9-tetragidro-11N-pirido[2,1-b]xinazolin-11-onlarning RTT natijalari Kembridj markaziy kristallografik ma’lumotlar bazasiga kiritilgan (The Cambridge Structural Database, https://www.ccdc.cam, CCDC 834525, 2074781, 2074782). Natijada bazaga kiritilgan yangi birikmalar o‘xshash moddalarni tuzilishini aniqlash imkonini bergan;
aminodezoksipeganinlar sintezi va ularni atsillash usullari VA-FA-F- 11-110 raqamli “Asetilaminobenzimidazol asosida yuqori samarali antigel`mint preparat olish texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi innovatsion loyihada aminobenzimidazolning 2-atsetil- va -benzoil- aminohosilalarini sintez qilishda foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2021 yil 22 sentyabr №4/1255-2597 sonli ma’lumotnomasi). Natijada biologik faol 2-almashingan-aminobenzimidazollarni sintez qilishning samarali usullarini yaratish imkonini bergan;
1,2,3,9-tetragidropirrolo[2,1-b]xinazolin-7-sul`fonamid, 9-okso-1,2,3,9- tetragidropirrolo[2,1-b]xinazolin-7-sul`fonamid, 9-okso-1,2,3,9-tetragidro- pirrolo[2,1-b]xinazolin-7-sul`fonilxloridlarni metall konstruksiyalar va qurilmalar biokorroziyasiga qarshi ingibitor sifatida “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” MChJ da amaliyotga joriy etilgan (Muborak gazni qayta ishlash zavodining 2021 yil 23 iyuldagi №732/GK-07-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, metall konstruksiyalari va qurilmalarining ekspluatatsion xossalarini oshirish imkonini bergan.