Kuldashev Nuriddin Abduganievichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ichki ishlar organlari delikt munosabatlar sub’ekti sifatida», 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.DscYu/75.
Ilmiy rahbar: Kamalov Oybek Axmatovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ichki ishlar vazirligi akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Samarxodjaev Botir Bilalovich, yuridik fanlar doktori, professor; Topildiev Baxromjon Raximjonovich, yuridik fanlar doktori, professor; Axmedov Azizjon Dil`shodovich, yuridik fanlar doktori.
Yetakchi tashkilot: Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ichki ishlar organlarining delikt munosabatlar sub’ekti sifatidagi xususiyatlarini o‘rganish, ularning bu munosabatlarda davlat organi hamda yuridik shaxs sifatida ishtiroki hamda delikt javobgarlik masalalarini fuqarolik huquqi nuqtai nazaridan yaxlit (kompleks) tarzda tadqiq etish, ushbu munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini ilmiy tahlil qilish, ularni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan xulosa, taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ichki ishlar organlari ishtirokidagi delikt munosabatlar deliktning alohida turi ekanligi asoslantirilib, o‘ziga xos jihatlari yoritilgan;
ichki ishlar organlari ishtirokidagi deliktlarda etkazilgan zararning qiymatini uni qoplash vaqtidagi bozor narxidan kelib chiqqan holda baholash; zararni naqd yoki pul o‘tkazish, teng qiymatdagi mulkni berish yo‘li bilan yoki natura tarzida, shikastlangan mulkni ta’mirlash orqali qoplash; shuningdek ichki ishlar organlari tomonidan bartaraf etilgan zararni aybdor shaxslardan regress tartibida undirish haqida takliflar berilgan;
ichki ishlar organlari tomonidan tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanganlik natijasida qilingan xarajatlar yoki etkazilgan zararni, shuningdek uning o‘rnini va miqdorini aniqlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi, agar zarar ichki ishlar organlari xodimining noqonuniy xatti-harakatlari tufayli etkazilgan bo‘lsa, IIVning byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanib, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirish zarurligi asoslantirilgan;
ichki ishlar organlari xodimi yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga xodim xizmat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan etkazilgan zararning o‘rnini qoplash zarurligi asoslantirilgan;
ichki ishlar organlarining qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan hujjat chiqarishi, shuningdek ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan zararni qoplashning moliyaviy manbalarini aniq belgilash kerakligi asoslab berilgan;
ichki ishlar organlari tomonidan etkazilgan mulkiy zararni jabrlanuvchining roziligi bilan naqd yoki pul o‘tkazish, teng qiymatdagi mulkni berish yo‘li bilan, uni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni inobatga olgan holda natura tarzida qoplash mumkinligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ichki ishlar organlari delikt munosabatlar sub’ekti sifatida olingan ilmiy natijalar asosida:
IIV Akademiyasi kunduzgi va sirtqi ta’lim fakul`tetlarining kursant hamda tinglovchilari uchun “Fuqarolik huquqi” darsligining majburiyat huquqiga bag‘ishlangan 3-bobi tayyorlangan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 4 oktyabrdagi 892-son buyrug‘i, 892-130 raqamli guvohnomasi). Darslik “Yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar, kursant va tinglovchilar, magistrantlar, ilmiy tadqiqotchilarning, shuningdek fuqarolik huquqini qo‘llovchi amaliyot xodimlarining bilim va ko‘nikmalari rivojlanishiga hissa qo‘shgan. Darslikda ichki ishlar organlari ishtirokidagi delikt munosabatlar deliktning alohida turi ekanligi asoslantirilib, ularning o‘ziga xos jihatlari yoritilgan;
ichki ishlar organlari ishtirokidagi deliktlarda etkazilgan zararning qiymatini uni qoplash vaqtidagi bozor narxidan kelib chiqqan holda baholash, zararni naqd yoki pul o‘tkazish, teng qiymatdagi mulkni berish yo‘li bilan yoki natura tarzida, shikastlangan mulkni ta’mirlash orqali qoplash, shuningdek ichki ishlar organlari tomonidan bartaraf etilgan zararni aybdor shaxslardan regress tartibda undirish haqida takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 24 aprel` 2017 yildagi 234-son qarori bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organi xodimining yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda etkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 13, 14, 17-bandlarida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi IIV 2020 yil 26 avgustdagi 2/2851-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning qabul qilinishi Fuqarolik kodeksining “Zarar etkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar” nomli 57-bobining normalari huquqni qo‘llash amaliyotida to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlashga hamda ichki ishlar organlari ishtirokidagi delikt munosabatlarning huquqiy tartibga solinishi takomillashuviga xizmat qilgan;
ichki ishlar organlari tomonidan tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanganlik natijasida qilingan xarajatlar yoki etkazilgan zarar, shuningdek uning o‘rnini va miqdorini aniqlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi, agar zarar ichki ishlar organlari xodimining noqonuniy xatti-harakatlari tufayli etkazilgan bo‘lsa, IIVning byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanib, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibda undirish zarurligi haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 24 apreldagi 235-son qarori bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlari tomonidan tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanganlik natijasida qilingan xarajatlar yoki etkazilgan zarar, shuningdek transport vositasining egasiga etkazilgan mulkiy zararning o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 2 bandida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2020 yil 26 avgustdagi 2/2851-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning qabul qilinishi ichki ishlar organlari va ularning xodimlari tomonidan xizmat vaqtida jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan zararni qoplashning moliyaviy manbalarini belgilashga xizmat qilgan;
ichki ishlar organlari xodimi yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga xodim xizmat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan etkazilgan zararning o‘rnini qoplash zarurligiga oid takliflar 2016 yil 16 sentyabrda qabul qilingan “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-407-son O‘zbekiston Respublikasi qonunining 39-moddasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2021 yil 4 iyundagi 06/1-05/2646-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning qabul qilinishi ichki ishlar organlari xodimi xizmat o‘tayotgan vaqtda uning va yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga etkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi qoida belgilanishiga xizmat qilgan;
ichki ishlar organlarining qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan hujjat chiqarishi, shuningdek ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan zararni qoplashning moliyaviy manbalarini aniq belgilash to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 15 moddasiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2021 yil 4 iyundagi 06/1-05/2646-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning qabul qilinishi ichki ishlar organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan zarar qaysi hollarda ichki ishlar organlarining byudjetdan tashqari mablag‘laridan va qaysi hollarda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishini aniqlashga xizmat qilgan;
ichki ishlar organlari tomonidan etkazilgan mulkiy zararni jabrlanuvchining roziligi bilan naqd yoki pul o‘tkazish, teng qiymatdagi mulkni berish yo‘li bilan, uni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni inobatga olgan holda natura tarzida qoplash mumkinligi haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 24 apreldagi 235-son qarori bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlari tomonidan tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanganlik natijasida qilingan xarajatlar yoki etkazilgan zarar, shuningdek transport vositasining egasiga etkazilgan mulkiy zararning o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 18-bandida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2020 yil 26 avgustdagi 2/2851-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning qabul qilinishi ichki ishlar organlari tomonidan etkazilgan zararni qoplash masalasi sud tartibida ko‘rilmasdan, zarar etkazuvchi bilan jabrlanuvchi o‘rtasidagi kelishuv asosida ham hal qilinishini ta’minlashga xizmat qilgan.