Axatova Maxbuba Salimovnaning fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tili tasavvuf leksikasi”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.DSc/Fil344.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Dadaboev Hamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor; Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor; O‘rozboev Abdulla Durdievich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi tasavvufiy leksikani sistemali tekshirish, asosiy fondi, mavzuiy guruhlari, semantikasi, shakllanish va taraqqiyot yo‘llari, boyish manbalari, o‘zbek tilida tutgan o‘rnini belgilash, yasalish usullari, boshqa leksik tizimlardagidan farqli jihatlari, ma’nodoshlik, zid ma’nolilik, ko‘p ma’noli leksemalar ma’nolarining ko‘chish yo‘llari va usullarini aniqlash, lug‘atlarda tasavvufiy so‘zlar talqinidagi uslubiy, mantiqiy g‘alizliklarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tasavvufiy tushunchalarni ifodalovchi istilohlar to‘planib, ularning yaxlit leksik qatlam sifatida muayyan sistemani tashkil etishi monografik tarzda asoslangan, ularning yasalish usullari, o‘ziga xos nomlanish xususiyatlari, morfologik va semantik tarkiblari, istilohlarning lug‘aviy manbasi, o‘z va o‘zlashma qatlami ochib berilgan;
ma’nodoshlarning tasavvufdagi birlashtiruvchi, farqlanuvchi nozik ma’no qirralari ko‘rsatilgan hamda zid ma’noli leksemalarning semalari tafovutlar evolyusiyasiga urg‘u berilgan holda genetik tarkibi tekshirilgan;
ko‘p ma’noli leksemalar ma’nolarining rivojlanishi uchun turtki bo‘lgan ob’ektiv sabablar, shakldoshlardan farqli jihatlari ko‘rsatilgan, ma’no ko‘chish yo‘llari va usullari aniqlangan;
tasavvufiy tushunchani ifodalovchi leksemalarning asosiy lug‘atlarda qay tarzda ifodalanganligi, izohlardagi uslubiy g‘alizliklar va ularni tuzatish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqilgan;
tasavvuf va she’riyat munosabatlari mumtoz adabiyot namunalarida qo‘llangan tasavvufiy so‘zlarning leksik-grammatik xususiyatlari ochib berilib, sohada mavjud muammolarni bartaraf etish masalasi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tili tasavvufiy leksikasining sistem tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Boborahim Mashrab va Ahmad Yassaviyning komil inson g‘oyasi bilan sug‘orilgan she’riy asarlari tahliliga doir ilmiy-nazariy xulosalardan 5.1.17 raqamli «Sharq mumtoz adabiyotida komil inson konsepsiyasi» (2003-2007) mavzusidagi fundamental loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 12 noyabrdagi 89-03-4613-son ma’lumotnomasi). Natijada Boborahim Mashrab va Ahmad Yassaviyning komil inson g‘oyasi bilan sug‘orilgan she’riy asarlari zamonaviy tahlili, milliy adabiyotimiz tarixidagi mumtoz asarlar markazida turgan komil inson konsepsiyasining ulug‘ shoirlar she’riyatida takomillashishiga oid muammolar echilishiga xizmat qilgan;
sharq mumtoz so‘z san’ati komil inson konsepsiyasi tarixini asoslash, genetik tarkibini belgilashga doir ilmiy ma’lumotlardan OT-F8-002 raqamli «Hozirgi zamon sivilizatsiyasining inson ijtimoiy qiyofasiga ta’siri» (2007-2011) mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 12 noyabrdagi 89-03-4613-son ma’lumotnomasi). Natijada sharq mumtoz so‘z san’ati komil inson konsepsiyasi tarixini asoslash bo‘yicha muayyan xulosalar chiqarish imkonini bergan va loyihadagi ba’zi tushunchalar izohiga aniqlik kiritilishiga xizmat qilgan;
“Shaxs ifodalovchi istilohlar lug‘ati” va “Tasavvufiy leksika ma’nodoshlari lug‘ati”dan “Islom ensiklopediya”si (2015-2017) amaliy loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qumitaning 2020 yil 09 dekabrdagi 6216-son dalolatnomasi). Natijada islom enseklopediyasining birinchi nashri amalga oshirilgan, ahli haq, bada’, kubroviylik, nabiy, solik kabi tushunchalarning izohlaridagi kamchiliklarni tuzatish, chashmai Ayyub, xirqa, taqvo, tashbih, zohid, Bilqis kabi tushunchalarni izohlashda muhim manba bo‘lib xizmat qilgan;
“Alisher Navoiy asarlarida halollik talqini” yo‘nalishidagi muhim ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Mahalla radiokanalida «Munavvar soatlar» eshittirishi ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2020 yil 07 fevraldagi 22-4-35-78-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlar ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyitilib, ularning ilmiy-ma’rifiy saviyasi oshgan.