Xomidov Xayrillo Xudoyorovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek qissa va romanlarining turkcha tarjimalarida milliylik, badiiylik va lisoniy adekvatlik masalalari”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.DSc/Fil343.
Ilmiy maslahatchi: Mannonov Abdurahim Mutalovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Xallieva Gulnoz Iskandarovna, filologiya fanlari doktori, professor; Shirinova Raima Xakimovna, filologiya fanlari doktori, professor; Kenjaeva Poshshajon Umidovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek qissa va romanlarining turkcha tarjimalari materialiga asoslanib, yaqin tillardan tarjimaning o‘ziga xosliklari, asarlarda aks etgan milliylik va badiiylikni aks ettirish vositalarini aniqlash, lisoniy adekvatlik, turkcha o‘girmalarning badiiy saviyasini baholash, muammolarning sabablarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
A.Qodiriyning «O‘tkan kunlar» va «Mehrobdan chayon», Oybekning «Navoiy», O.Yoqubovning «Adolat manzili» romanlari, O‘.Hoshimovning «Dunyoning ishlari» qissasining turk tiliga tarjimalari qiyosiy tahlili asosida ilk bor asarlarning asl nusxalarga badiiy jihatdan muvofiqlik darajasi aniqlangan;
tarjimalarda muallif uslubining saqlanishi, asarlarda qo‘llanilgan o‘xshatish, metafora va jonlantirish kabi vositalar, realiyalarning asliyatga moslik darajasi, personajlar nutqi, portret va tabiat tasvirini adekvat qayta yaratish yo‘li ochib berilgan;
asliyat obrazlariga xos emotsionallik, davr ruhini berishda so‘zma-co‘z tarjimaga yo‘l qo‘yilishi muallif uslubining g‘alizlashuviga olib kelganligi dalillangan;
o‘zbek va turk tillaridagi so‘zlarning shakliy jihatdan o‘xshashligi va semantik jihatdan farqliligi, badiiy matn tuzishda tillarning o‘zaro leksik-semantik munosabatga kirishuvi masalasi asoslangan;
tarjimalarda ma’nolari etarlicha ochib berilmagan, muqobillari muvaffaqiyatsiz tanlangan yoki ma’nosi anglashilmay qolgan maqol («O‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan» – Her gördüğünüz sarıklıyı hoca, her gördüğünüz sakallıyı babanız zannetmeyin – «Har ko‘rgan sallalikni domla-imom deb, har ko‘r¬gan soqollikni otam deb o‘ylamang») va frazeologizmlar («itning kunini boshiga solmoq» – köpek yavrusunu başına sarmak» – «itning bolasini boshiga o‘ramoq») aniqlangan, to‘g‘ri variantlari («O‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan» – «Davacın hakimse, yardımcın Allah olsun»; «itning kunini boshiga solmoq» – «dünyayı başına yıkmak») taklif etilib, kelajakda ushbu asarlarning qayta tarjima qilish kerakligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek qissa va romanlarining turkcha tarjimalarida milliylik, badiiylik va lisoniy adekvatlik masalalari bo‘yicha olib borilgan tadqiqotning ilmiy natijalari asosida:
o‘zbek qissa va romanlarining turkcha tarjimalarida milliylik, badiiylik va lisoniy adekvatlik masalalari bilan bog‘liq amaliy natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida 2017-2020 yillarda amalga oshirilgan OT-F1-78 «Hozirgi globallashuv davrida o‘zbek tili, uning tarixiy taraqqiyoti va istiqbollari (vazifaviy uslublar tahlili asosida)» mavzusidagi fundamental ilmiy loyihaning globallashuv davrida badiiy uslub taraqqiyoti yoritilgan qismlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutining 2021 yil 15 sentyabrdagi 1/340-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha tadqiqotda bayon qilingan o‘zbek adabiyoti namunalarining turk tiliga tarjimalarida milliylik, yuksak badiiylik va adekvatlik xususidagi tahliliy fikrlar, yangi ilmiy dalillar bilan boyigan;
o‘zbek adabiyotidagi eng sara asarlarning turkcha tarjimasida adekvatlikka erishish bo‘yicha ilmiy tadqiqot natijalari asosida: o‘zbek qissa va romanlari turkcha tarjimalarining asliyatga muqobillik darajalari hamda asardagi leksik-frazeologik birliklarning turk tiliga tarjimasiga oid xulosalardan «Turk tili» darsligining «Leksikologiya» bobini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 28 dekabrdagi 676-son buyrug‘i). Natijada, tadqiqot materiallari zamonaviy tarjimashunoslikning dolzarb muammolari va tahlil metodlarini batafsilroq o‘rganishga zamin yaratgan;
o‘zbek xalqining milliy o‘ziga xosligi, asarlarning badiiy qiymati masalalariga oid amaliy natijalardan Turkiya Respublikasi G‘oziy universitetida o‘tkazilgan o‘zbek qissa va romanlarining turkcha tarjimalariga bag‘ishlangan onlayn taqdimotda foydalanilgan (Turkiya Respublikasi G‘oziy universitetining 2021 yil 08 sentyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada, tadqiqot materiallari hozirgi kunda va kelajakda Turkiyada olib boriladigan ilmiy va akademik tadqiqotlarda foydalanilishi mumkin bo‘lgan manbalar qatoridan o‘rin olgan va o‘zbek adabiyotiga oid qimmatli qissa va romanlarning turk tiliga tarjima qilinishi, asar mualliflarining so‘z tanlash mahorati va ularga xos uslubning tarjimada qayta yaratilishi, tarjimonlarning tilga ustuvor darajada sohib bo‘lishlari haqida ma’lumot berish nuqtai nazaridan ahamiyat kasb etgan;
o‘zbek adabiyoti namunalarining Turkiyada targ‘ib qilinishi, o‘zbekcha asarlardagi yuksak badiiylik masalalariga bag‘ishlangan tahliliy fikrlar va xulosalardan Turksoy turk madaniyati xalqaro tashkilotida o‘zbek adibi Said Ahmad tavalludining 100 yilligi munosabati bilan adib asarlarini turkchaga tarjima qilib, Turksoy tomonidan nashr etilgan «Said Ahmad. Tanlangan hikoyalar» («Said Ahmet. Seçme Hikayeler») kitobi taqdimoti dasturini tayyorlashda foydalanilgan (Turksoy turk madaniyati xalqaro tashkilotining 2020 yil 30 oktyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada, tadqiqot materiallari so‘nggi yillarda o‘zbek adabiyoti namunalarining turk tiliga tarjimalari o‘zaro adabiy aloqalarning yanada mustahkamlanishi, o‘zbek adabiyotining jahon adabiy jarayonidagi o‘rni ilmiy dalillarga boy, ommabop va yanada ishonchli bo‘lishini ta’minlashga xizmat qilgan;
o‘zbek xalqiga xos milliylikning tarjimada berilishi, asarlardagi badiiylik va adekvatlik masalalariga bag‘ishlangan tahliliy fikrlar va nazariy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston» teleradiokanali DUK «Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar» muharririyati tomonidan tayyorlangan «Ta’lim va taraqqiyot» hamda «Adabiy jarayon» kabi turkum radioeshittirishlarni tayyorlashda foydalanilgan («O‘zbekiston» teleradiokanali DUKning 2021 yil 02 iyundagi O4-25-887-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘zbek adabiyoti durdonalarining turk tiliga tarjima qilingan variantlariga muqobilligi, tarjimonlar mahorati haqidagi ma’lumotlar, shuningdek mualliflar frazeologiyasining o‘ziga xos jihatlari bilan bog‘liq tahliliy fikrlar radioeshittirish mazmunini boyitishga xizmat qilgan.