Mo‘minov Xasan Aliqulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G.herbaceum L. va G.arboreum L. g‘o‘za turlari xilma-xilliklarining turichi hamda turlararo filogenetik munosabatlari», 03.00.09–Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/B33.
Ilmiy rahbar: Ernazarova Ziraatxan Abdazamovna, biologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.29.08.2017.V.53.01.
Rasmiy opponentlar: Ibragimov Paridun Shukurovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Boboev Sayfulla G‘afurovich, biologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Gossypium L. turkumining polimorf G.herbaceum L. va G.arboreum L. turlarining yovvoyi, ruderal, tropik va subtropik kenja tur va shakllarining sistematik o‘rni, filogenetik munosabatlari hamda amaliy seleksiyada foydalanish imkoniyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor G.herbaceum L. turining ruderal ssp.pseudoarboreum f.harga shakli va ssp.pseudoarboreum kenja turi o‘rtasida filogenetik yaqin-uzoqlik darajasi aniqlangan va f.hargani kenja tur darajasiga ko‘tarish isbotlangan;
ilk bor G.arboreum L. turining tropik ssp.neglectum f.sanguineum shakli va ssp.neglectum kenja turi o‘rtasida filogenetik yaqin-uzoqliligi aniqlangan va f.sanguineumni kenja tur darajasiga ko‘tarishi isbotlangan;
G.herbaceum L. turining ruderal ssp.pseudoarboreum kenja turi filogenetik jihatdan G.arboreum L. turiga yaqinligi hamda bu turning kenja turlari tarkibiga mansubligi asoslangan;
turichi hamda turlararo F1, F2-o‘simliklarining morfo-biologik va qimmatli xo‘jalik belgilarini irsiylanish xarakteri ochib berilgan hamda ayrim morfologik va xo‘jalik belgilarini o‘zaro korrelyativ bog‘liqlik darajasi aniqlangan;
boshlang‘ich genetik ashyo tanlovini engillashtiruvchi, genetik-seleksiyaviy tadqiqotlarning samarasini oshirishga xizmat qiluvchi G.herbaceum L. va G.arboreum L. turichi xilma-xilliklarining o‘zaro hamda turlararo filogenetik munosabatlari darajasini belgilovchi sxema ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
G.herbaceum L. va G.arboreum L. g‘o‘za turlari xilma-xilliklarining turichi hamda turlararo filogenetik munosabatlari bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:
G.herbaceum L., G.arboreum L. turlari, kenja turlari va shakllarining genetik potensialidan samarali foydalanish bo‘yicha olingan ma’lumotlar Xitoy Fanlar akademiyasining PIFI 2017VBA0017 raqamli loyihasida diploid turlardan duragaylar olish va ularni abiotik stress omillariga chidamligini oshirishda foydalanilgan (Xitoy Fanlar akademiyasining 2017 yil 10 oktyabrdagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar diploid g‘o‘za turlaridan introgressiv shakllar olish va ularning qurg‘oqchilik hamda sho‘rlanishga chidamliligini aniqlash imkonini bergan;
G.herbaceum L. va G.arboreum L. turichi xilma-xilliklarining o‘zaro hamda turlararo filogenetik munosabatlar darajasini belgilovchi natijalar FA-F4-T-102 raqamli «Gossypium L. turkumi turichi xilma-xilliklarining filogenetik munosabatlarini va seleksiyadagi imkoniyatlarini o‘rganish» mavzusidagi loyihasida diploid g‘o‘za turlarining o‘zaro yaqinlik darajasini aniqlash va ayrim xo‘jalik belgilarining irsiylanish xususiyatlarini baholashda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 4 oktyabrdagi FTA-02-11/794-son ma’lumotnomasi). Natijada g‘o‘za turlarining filogenetik munosabatlari va biomorfologik polimorfizmini asoslash va qimmatli xo‘jalik belgilarining nasldan-naslga o‘tishi hamda irsiylanish xarakterini aniqlash imkonini bergan.
G‘o‘za G.herbaceum L. va G.arboreum L. turlarining turichi xilma-xilliklarining o‘zaro va turlararo filogenetik munosabatlari darajasini belgilovchi sxema hamda turichi va turlararo chatishtirish asosida olingan g‘o‘za duragaylari respublikada yetakchi bo‘lgan «G‘o‘za genofondi» noyob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2017 yil 18 oktyabrdagi 4/1255-2195-son ma’lumotnomasi). Namunalar g‘o‘za kolleksiyasi fondini boyitish, g‘o‘za turlari, turichi hamda turlararo xilma-xilliklari bo‘yicha elektron bazasi axborot-tahlil tizimini shakllantirish imkonini bergan.