Aminova Dilnoza Xikmatilla qizining
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Internet jurnalistika kontekstida milliy madaniyatlarning o‘zaro ta’siri tendensiyalari va muammolari (O‘zbekiston, Buyuk Britaniya va Xitoy yetakchi internet nashrlari misolida)”, 10.00.09 – Jurnalistika (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.DSc/Fil98.
Ilmiy maslahatchi: Mamatova Yakutxon Muxammadjonovna, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston davlat jahon tillar universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil/Ped.27.01.
Rasmiy opponentlar: Normatov Karim Normatovich, tarix fanlari doktori professor; Xudoyqulov Muxtor filologiya fanlari doktori, professor. Muxamedova Saodat Xudoyberdievna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi internet jurnalistika kontekstida milliy madaniyatlarning o‘zaro ta’siri tendensiyalari va muammolarini O‘zbekiston, Buyuk Britaniya va Xitoy yetakchi internet nashrlari faoliyati misolida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
internet jurnalistikasining ilmiy-nazariy asoslari jahondagi muayyan mintaqa va mamlakat iqtisodiy-texnologik taraqqiyoti hamda internet medialarning faollashuviga mos tarzda rivojlanishi uch mamlakat internet jurnalistikasining O‘zbekistonda – 1996-2002, 2007 2010, 2010-2021 yillarda, Buyuk Britaniyada – 2001-2006, 2009-2011, 2012-2021 yillarda, Xitoyda – 1993-1996, 2000-2021 yillardagi tadrijiy takomili asosida dalillangan;
O‘zbekiston, Buyuk Britaniya va Xitoy yetakchi internet OAVda milliy madaniyatni yoritish tamoyillari, me’yorlari, janr va uslublarini aniqlash orqali internet jurnalisti kompetensiyasining mushtarak (rang, tovush, navigatsiya, foto, audio va video materiallar) va farqli (O‘zbekistonda - voqea tafsilotlari, hissiy so‘z birikma va kechinmalar, Buyuk Britaniyada - aniq faktlar, mul`timedia, keng qamrovli materiallar tafsiloti, Xitoyda - katta hajmdagi vizual va mul`timediaviy imkoniyatlar) jihatlari ochib berilgan;
O‘zbekiston internet OAVning yangi sifat darajasiga ko‘tarilishi tamoyillari (mamlakat ijtimoiy-madaniy yangilanishi 2016-2021 yillar) yetakchi internet nashrlarining ko‘p millatli jamiyatda bag‘rikenglikning qaror topishiga ta’siri ko‘lami, shakl va usullari (kontent, dizayn, matn, ovoz, tasvir, infografika) veb-saytlardagi «Madaniyat» rukni materiallari asosida ochib berilgan;
uch mamlakat internet OAVda janrlar evolyusiyasidagi tamoyil va qonuniyatlar (O‘zbekistonda - fotoreportaj, fotolenta, fotosharh, interv`yu, monitoring, longrid, storitelling, Buyuk Britaniyada - «to‘nkarilgan piramida», tahliliy hisobot, longrid, storitelling, Xitoyda - axborot, fotolenta, fotosharh, kichik maqola, janrlari)ni aniqlash orqali ularning integratsion faoliyatini ta’minlashga qaratilgan ijodiy, tashkiliy va texnologik omillar aniqlangan;
turli madaniyatlar vakillari bo‘lgan internet jurnalistlari ijodiy laboratoriyasining tarkibiy unsurlari (kontent vositasida auditoriya bilan teskari va interfaol aloqa o‘rnatish, til, uslub, yondashuv xususiyatlari, fakt talqini)ni aniqlash orqali O‘zbekiston internet nashrlarining kontent vizuallashuvi, texnologik zahiralar, gipermatnlilik, interfaollik va mul`timediaviylikni faollashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Internet OAVda milliy madaniyatlarning o‘zaro ta’siri tendensiyalari va muammolarini yoritishda olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
internet jurnalistikaning ilmiy-nazariy asoslari, madaniyatlararo kommunikatsiyaning mazmuni, ko‘rinishlari, internet OAVdagi ifodalariga doir ilmiy tadqiqotlarning tanqidiy-qiyosiy tahlili yuzasidan olingan natijalar asosida milliy madaniyatni, O‘zbekistonda madaniy rang-baranglik, millatlararo totuvlikni targ‘ib qilishda Respublika Madaniyat vazirligining 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan rejasiga asosan axborotlarni keng jamoatchilikka etkazishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2020 yil 2 iyundagi 01-12-14-2169-son dalolatnomasi). Natijada vazirlik veb-saytida milliy madaniyat mavzusini samarali yoritishga qaratilgan ilg‘or formatlar va janrlarni qo‘llashga, kontentni vizuallashuviga erishilgan;
internet OAVda milliy madaniyatni yoritish tamoyillari, me’yorlari, janr va uslublari, «Madaniyat» rukni materiallarining tadqiqoti yuzasidan olingan natijalar asosida «Qalampir.uz» axborot-tahliliy internet nashrining milliy va xorijiy kino, san’at, musiqa va teatr masalalariga oid materiallarni chop etish va madaniyat arboblari bilan interv`yu o‘tkazish faoliyatini takomillashtirishda foydalanilgan («Qalampir» MChJning 2020 yil 9 iyundagi Q-09/06-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu internet nashrda milliy madaniyat va milliy o‘zlikni saqlash va rivojlantirishga oid turkum materiallar tayyorlangan va chop etilgan; ularning janriy rang-barangligi, vizual zaxiralarini yaxshilashga erishilgan, kontent tizimiga “Mamlakatlar va madaniyatlar” rukni kiritilgan;
internet OAVda milliy madaniyat mavzusini yoritishda internet jurnalisti mahorati, muallif pozisiyasi, xolislik, bag‘rikenglik, ko‘pfikrlilik tamoyillarining ishlashi masalalari yuzasidan olingan ilmiy natijalardan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi veb-saytida 2019 yilning oktyabr` oyidan 2020 yilning may oyigacha uyushma tashkil etgan amaliy anjumanlar, jurnalistlar va OAV rahbarlari uchun o‘tkazilgan qator forumlar va seminar-treninglarda O‘zbekiston internet OAVda madaniy yangilanish jarayonlarining o‘ziga xosligi, mul`timadaniy jamiyatlar sharoitida Buyuk Britaniya va Xitoy internet jurnalistikasida san’at, madaniyat festivallari xususida axborot taqdim etishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining 2020 yil 9 iyundagi 16/195-son ma’lumotnomasi). Natijada internet jurnalistlari va blogerlar uchun mahalliy va xorijiy axborotlarni berib borish, auditoriyaning bilim darajasini oshiruvchi nazariy-metodologik axborotlarga urg‘u berish, bunda axloqiy tartib-qoidalariga rioya etish, kontentni vizuallashuvi instrumentlari kabi kasbiy indikatorlarni ishlab chiqish imkonini bergan;
internet OAVda janrlar evolyusiyasidagi tamoyil, qonuniyat va tendensiyalar yuzasidan olingan xulosalar asosida mamlakatning milliy madaniyatini saqlash va rivojlantirish bo‘yicha jonbozlik ko‘rsatuvchi O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi veb-saytini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining 2020 yil 3 iyundagi 1-146-son ma’lumotnomasi). Natijada «Milliy tiklanish» Demokratik partiyasi veb-sayti kontentini partiyaning madaniyat jabhasidagi g‘oya va maqsadlarini ommalashtirish, uning saylovoldi kampaniyasi xususidagi materiallarni turli janrlarda berish oriali sifatini oshirishga va boyitishga xizmat qilgan;
xorijiy internet OAVning mul`timediaviy imkoniyatlari, O‘zbekiston internet nashrlarining kontent vizuallashuvi, texnologik zahiralar, gipermatnlilik, interfaollik va mul`timediaviylikni faollashtirishga qaratilgan ijodiy, tashkiliy va texnologik omillarga doir olingan natijalardan O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutining 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan «Kamuflyaj» yopiq innovatsion loyihasi doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari aloqa harbiy institutining 2021 yil 18 yanvardagi 75-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu innovatsion loyiha doirasida O‘zbekiston internet medialari faoliyati samaradorligiga ta’sir etuvchi mezonlarni ishlab chiqishga erishilgan.