Yandashova Tursunoy Rustam qizining falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek va ingliz tillarida “go‘zallik” konseptining ifodalanishi va lingvopoetikasi”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Fil1471.
Ilmiy rahbar: Qurbonova Muhabbat Matyakubovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01 (bir martalik).
Rasmiy opponentlar: Siddiqova Iroda Abduzuhurovna, filologiya fanlari doktori, professor; Andaniyozova Dilrabo Ro‘ziqulovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi lingvomadaniy birliklardan biri “go‘zallik” konseptining o‘zbek va ingliz tillaridagi lisoniy ifoda vositalarini chog‘ishtirma aspektda ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
go‘zallik tushunchasining jahon xalqlari madaniyatida tutgan o‘rni va milliy-mental dunyoqarashlarda aks etishi ilk marotaba aniqlanib, go‘zallik universaliya sifatida baholangan va shaxs milliy tafakkuri uchun tabiatan yoki orttirilgan hodisa ekanligi dalillangan;
qiyoslanayotgan tillarda go‘zallik konsepti va uni ifodalovchi fonetik-fonologik, leksik-semantik, morfologik-sintaktik vositalar alliteratsiya, assonans, geminatsiya, sintaktik parallelizm, farqlash, sintaktik gradatsiya kabi poetik vositalar yordamida yanada ta’sirchan va bo‘yoqdor tus olishi ikki til badiiyatiga tegishli poetik matnlar misolida asoslangan;
o‘zbek va jahon xalqlari milliy madaniyatida go‘zallikka nisbatan ilmiy-falsafiy yondashuvlarning tabiiy, diniy, sun’iy talqinlari borligi, o‘zbek xalqi lingvomadaniyatida go‘zallik axloqiy barkamollik sifatlari bilan o‘lchanishi, shuningdek, go‘zallikda nomutanosiblik xunuklikka olib borishi, har ikki til lingvomadaniyatida ham sub’ektiv baho – “o‘zimniki”, “begona” tushunchalari amal qilishi isbotlangan;
o‘zbek va ingliz lingvomadaniyatidagi go‘zallik konsepti aks etgan o‘xshatish, metafora, paremiya, frazemalar ingliz so‘zlashuv nutqida deyarli farqlanmasligi, maqol va frazemalarni ham metaforik birliklar tarkibida tekshirilishi, bunda uchchala til birligining ham obrazli ifoda vositasi ekani, ikki til lingvomadaniyatidagi o‘xshash-noo‘xshash va universal jihatlari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek va ingliz tillarida go‘zallik konseptining ifodalanishi va lingvopoetikasi tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
inson fe’l-atvori, tabiat va milliy timsollar tasvirini yoritish, erkak va ayollar tashqi ko‘rinishiga xos leksik-semantik birliklarni izohlash hamda milliy go‘zallik ramzlarining tarixiy taraqqiyot bosqichlaridagi tadrijiy takomiliga doir ilmiy xulosalardan IOT-2019-42 raqamli “O‘zbek va ingliz tillarining elektron (inson qiyofasi, fe’l-atvori, tabiat va milliy timsollar tasviri) poetik lug‘atini yaratish” (2019-2020) mavzusidagi innovatsion loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 9 apreldagi 01-618-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha go‘zallik konsepti yadro va periferik maydonida mavjud tashqi qiyofa va fe’l-atvorni ifodalovchi lingvistik vositalarning ingliz va o‘zbek tillaridagi qiyosiy tadqiqi natijasida o‘zbek va ingliz muloqot shakllariga oid nazariy va amaliy ma’lumotlar bilan boyitilgan;
xalq dostonlari va ertaklarida go‘zallikni ifodalovchi o‘ziga xos tasvir ifodalarining maqol va naqllarda uchrashi va ularni lingvistik tadqiqot ob’ekti sifatida o‘rganish hamda lug‘atlarda berish tamoyillarini yaratishga doir ilmiy xulosalardan FA-A1-G007 raqamli “Qoraqalpoq naql-maqollari lingvistik tadqiqot ob’ekti sifatida” (2012-2014) mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2021 yil 20 avgustdagi 17.01/193-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihaning tadqiq ob’ekti sifatida go‘zallik konseptini aks ettirishda milliy xalq maqol va matallarining, metafora va o‘xshatishlarning uslubiy imkoniyatlarini tilshunoslik nuqtai nazaridan o‘rganilishi mukammallashgan;
o‘zbek va ingliz tillarida go‘zallik konseptining ifodalanishi va lingvopoetikasi tadqiqiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Mavzu” va “Taqdimot” ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2021 yil 19 apreldagi 02-13-597-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu teleko‘rsatuvlarning mazmuni o‘zbek va ingliz lingvomadaniyatiga xos ilmiy dalillar bilan boyitilgan.