Hasanov Abdumannon Majidovichning falsafa doktori (PhD)dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
 
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek adabiy tilidagi leksik lakunalarning dialektal asoslari”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Fil1263.
Ilmiy rahbar: Tog‘aev To‘lqin Mamanazarovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Muxamedova Saodat Xudoyberdievna, filologiya fanlari doktori, professor; Usmanova Shoira Rustamovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi adabiy til leksikasidagi lakunalarni to‘ldirishda sheva imkoniyatlarini aniqlash, leksik lakunalarning dialektal so‘zlar bilan to‘ldirish me’yorlari va mezonlarini ishlab chiqish, o‘zbek adabiy tilining boyishi va ifoda imkoniyatlari oshishida sheva so‘zlarining ahamiyatini hamda adabiylashish imkoniyatlarini ochib berishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek adabiy tili leksikasidagi bo‘shliqlarning sheva so‘zlari bilan to‘ldirilish jarayonlari adabiy til leksikasining so‘nggi yuz yillikdagi tadriji misolida ochib berilgan va mazkur jarayonda amal qiladigan qonuniyatlar aniqlangan;
tilshunoslikda lakuna hodisasining voqelanishi, uning yondosh tushunchalardan, xususan, realiyadan farqlanishiga oydinlik kiritilgan, leksik lakunalarning tilda doim uchrab turishi, ularning anglanishi va to‘ldirilishi til leksikasining to‘kislashuviga xizmat qilishi til va tafakkurning birgalikda rivojlanishiga bog‘liq tarzda ochib berilgan;
adabiy tildagi leksik lakunalarni shevalar leksikasiga qiyosan aniqlash  me’yorlari belgilangan hamda mazkur lakunalarni dialektal so‘zlar bilan to‘ldirish mezonlari ishlab chiqilgan; 
shevalarda faol qo‘llaniluvchi maishiy turmush va kundalik xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq muhim dialektal so‘zlarning adabiy til leksikasidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish imkoniyatlari asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Adabiy til va shevalar leksikasini qiyoslashda aniqlangan leksik lakunalar va ularni to‘ldirishga munosib dialektal so‘zlar tahlili bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sohaviy terminlarni o‘zbekchalashtirish, ayniqsa, soha leksikasida hali ommalashib ulgurmagan tushunchalarni o‘zbekcha nomlashga doir amaliy va nazariy xulosalardan FZ - 202001063  raqamli “Xoreografik terminlar  izohli  lug‘ati  va uning mul`timedia shaklini  yaratish” mavzusidagi (2020-2021) amaliy loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 25 sentyabrdagi 04/1-1729-son ma’lumotnomasi). Natijada xoreografik tushunchalarni nomlovchi  jaqqu, mokki, muqomlar, sildirma, chag‘alak kabi so‘zlar xoreografik terminlar izohli lug‘atiga kiritilgan va shu orqali sohaga oid ayrim tushunchalarning o‘zbekcha nomlanishiga erishilgan;
adabiy til va shevalar leksikasining farqlanishi, ularning o‘zaro ta’sirlashuvi borasidagi ilmiy-nazariy xulosalaridan PZ-2017-1024335 raqamli “O‘zbek shevalarining lingvokul`turologik tadqiqi” mavzusidagi (2018-2019) amaliy loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 25 sentyabrdagi 04/1-1729-son ma’lumotnomasi). Natijada nashr etilgan monografiya damkach, kampiro‘ldi, biqtirma, g‘ilmindi, bolg‘ishtak kabi dialektal so‘zlarning adabiylashuv imkoniyatlari, lingvomadaniy xususiyatlariga doir ilmiy ma’lumotlar bilan boyitilgan; 
adabiy tildagi leksik lakunalar va ularni to‘ldirishga munosib sheva so‘zlari haqidagi ilmiy xulosalar va materiallardan “O‘zbekiston” teleradiokanali DUK “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyati tomonidan efirga uzatilgan “Millat va ma’naviyat”, “Adabiy jarayon”, “Ta’lim va taraqqiyot” radioeshittirishlari ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DUKning 2021 yil 20 maydagi 04-25-769-son ma’lumotnomasi). Natijada radioeshittirishlarning faktik materiallar bilan boyitilishiga va mazmunli bo‘lishiga erishilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish