Djumaniyazova Muxayya Xusinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Talabalar diniy dunyoqarashining ijtimoiy-psixologik xususiyatlari”, 19.00.05 – Ijtimoiy psixologiya. Etnopsixologiya (psixologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/P200.
Ilmiy rahbar: Muxamedova Dilbar Gafurdjanovna, psixologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.P.01.07.
Rasmiy opponentlar: Jabborov A’zim Meylikulovich, psixologiya fanlari doktori, professor; Jalilova Sabohat Xalilovna, psixologiya fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi talabalar diniy dunyoqarashining ijtimoiy-psixologik o‘ziga xosligini aniqlash asosida ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
talabaning muloqotdagi tipologik yo‘nalganlik maqomini aniqlashda uning diniy dunyoqarashini shakllanishiga jamoaviy muhit, ambivalent hissiy kechinmalar, sotsium bosimi, individning yosh xususiyatlari va shaxsiy motivlar asosiy ta’sir etuvchi ijtimoiy-psixologik omil ekanligi isbotlangan;
talabaning ijtimoiy yoshi fiziologik yoshiga qaraganda ilgarilab ketgani, oilaning tarbiyaviy ta’siri pasayishi, qabul qilinayotgan axborot hajmining oshgani, yangi ehtiyojlarning paydo bo‘lishi, ruhiy turg‘unlikning barqaror emasligi inobatga olinib, ularda sog‘lom diniy dunyoqarashni shakllantirishda ijtimoiy etuklikka erishganlik, mustaqil kasbiy faoliyatning boshlanishi, muayyan mutaxassislikni egallash motivatsiyasi muhim ekanligi asoslangan;
ayrim talabalar diniy-ma’rifiy tafakkurida oqilona yondashuvdan ko‘ra ibodat, farz va amallarga ko‘proq e’tibor qaratish kuzatilayotgani, bu jamiyatning ijtimoy-siyosiy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, talaba ongida dinning asl mazmun – mohiyati hamda jamiyat taraqqiyotidagi pozitiv rolini anglashda ba’zi (rasmiy din xodimlari va’zlariga emas, balki virtual fatvolarga ergashish) murakkabliklarni yuzaga keltirayotgani asoslangan;
hozirgi murakkab, o‘zgaruvchan va tasodiflarga boy davrda muloqotda tipologik yo‘nalganlik bo‘yicha jinsiy determinantlar mavjud emasligini inobatga olgan holda talabada sog‘lom diniy e’tiqodni shakllantirishda ta’lim muassasasi va diniy tashkilotlar o‘rtasidagi (“Muloqot soatlari”, “Etnopsixologiya va din psixologiyasi”fani doirasida, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ) hamkorlikning samarali mexanizmini ishlab chiqish zarurati aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Talabalar diniy dunyoqarashining ijtimoiy – psixologik xususiyatlari yuzasidan olingan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
talabaning muloqotdagi tipologik yo‘nalganlik maqomini aniqlashda uning diniy dunyoqarashni shakllanishiga jamoaviy muhit, ambivalent hissiy kechinmalar, sotsium bosimi, individning yosh xususiyatlari va shaxsiy motivlar asosiy ta’sir etuvchi ijtimoiy-psixologik omil ekanligiga doir xulosadan Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi Psixologiya o‘quv-ilmiy Markazining 2020 yil 01iyuldagi
P-M-7b - son buyrug‘i bilan psixologlarni tayyorlash rejasiga kiritilgan “Ijtimoiy psixologiya” moduli mazmuniga singdirilgan (Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi Psixologiya o‘quv-ilmiy Markazining 2020 yil 01 iyuldagi P-M-7b-son ma’lumotnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2021 yil 18 martdagi 03-07/1715-son ma’lumotnomasi). Natijada, ta’lim sohasi uchun tayyorlanadigan psixologning zaruriy muloqot tipologiyasini shakllantirish bo‘yicha profilaktika ishlarini tashkil etishning namunaviy rejasi ishlab chiqilgan;
talabaning ijtimoiy yoshi fiziologik yoshiga qaraganda ilgarilab ketgani, oilaning tarbiyaviy ta’siri pasayishi, qabul qilinayotgan axborot hajmining oshgani, yangi ehtiyojlarning paydo bo‘lishi, ruhiy turg‘unlikning barqaror emasligi inobatga olinib, ularda sog‘lom diniy dunyoqarashni shakllantirishda ijtimoiy etuklikka erishganlik, mustaqil kasbiy faoliyatning boshlanishi, muayyan mutaxassislikni egallash motivatsiyasi muhim ekanligiga doir amaliy xulosa va tavsiyadan Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi Psixologiya o‘quv-ilmiy Markazining 2020 yil 01iyuldagi P-M-7b-son buyrug‘i bilan psixologlarni tayyorlash rejasiga kiritilgan “Etnopsixologiya va din psixologiyasi” moduli mazmuniga singdirilgan (Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi Psixologiya o‘quv-ilmiy Markazining 2020 yil 01 iyuldagi P-M-7b-son ma’lumotnomasi). Natijada, Markazning ilmiy-amaliy ta’minoti kuchaytirilib, ta’lim sohasi uchun tayyorlanadigan psixologlarning kasbiy ahamiyatli tayanch kompetensiyalarini shakllantirish hamda kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirish sohasida sifat jihatdan o‘sishga erishilgan;
ayrim talabalar diniy-ma’rifiy tafakkurida oqilona yondashuvdan ko‘ra ibodat, farz va amallarga ko‘proq e’tibor qaratish kuzatilayotgani, bu jamiyatning ijtimoy-siyosiy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, talaba ongida dinning asl mazmun – mohiyati hamda jamiyat taraqqiyotidagi pozitiv rolini anglashda ba’zi (rasmiy din xodimlari va’zlariga emas, balki virtual fatvolarga ergashish) murakkabliklarni yuzaga keltirayotganiga doir xulosadan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi ta’lim muassasalarda o‘qitiladigan “Pedagogika va psixologiya” fani o‘quv dasturini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Musulmonlar idorasining 2021 yil 26 fevraldagi 640-son ma’lumotnomasi). Natijada, diniy-ma’rifiy ta’lim muassasalari talabalari ongida sog‘lom diniy dunyoqarashni, diniy – ma’rifiy tafakkurida ratsional bilim va tasavvurlarni shakllantirish jarayoni takomillashtirilgan;
hozirgi murakkab, o‘zgaruvchan va tasodiflarga boy davrda muloqotda tipologik yo‘nalganlik bo‘yicha jinsiy determinantlar mavjud emasligini inobatga olgan holda talabada sog‘lom diniy e’tiqodni shakllantirishda ta’lim muassasasi va diniy tashkilotlar o‘rtasidagi (“Muloqot soatlari”, “Etnopsixologiya va din psixologiyasi”fani doirasida, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ) hamkorlikning samarali mexanizmini ishlab chiqish zaruratiga doir amaliy xulosa va tavsiyadan Urganch davlat universiteti,Buxoro davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti va Termiz davlat universitetlari “Psixologiya”, “Pedagogika va psixologiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida “Umumiy psixologiya”, “Ijtimoiy psixologiya”, “Rivojlanish psixologiyasi va pedagogik-psixologiya”, “Etnopsixologiya va din psixologiyasi” kabi fanlarning ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarida qo‘llanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 13 oktyabrdagi 89-03-3884-son ma’lumotnomasi). Natijada, oliy ta’lim muassasalarida tayyorlanayotgan amaliyotchi psixologlar faoliyatida shaxs yo‘nalganligini diagnostikasiga oid ilmiy, o‘quv-metodik ta’minot kuchaytirilgan, bu o‘z navbatida bo‘lg‘usi mutaxassislarning diniy dunyoqarashning shaxslararo munosabatdagi o‘rni to‘g‘risidagi bilim va tasavvurlarini rivojlantirish, yoshlar tarbiyasining ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqishga xizmat qilgan.