Caidaxmedova Odinaxon Ibroximjon qizining falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
 
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tabiiy tartib gipotezasining o‘zbek tili uchun talqini”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Fil1036.
Ilmiy rahbar: Azimova Iroda Alisherovna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01. 
Rasmiy opponentlar: Abdushukurov Baxtiyor Bo‘ranovich, filologiya fanlari doktori, professor; Sayidiraximova Nasiba Sayidmaxamadovna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tilining ona tili hamda ikkinchi til sifatida o‘zlashtirilishida qo‘shimchalar tartibini hamda qo‘shimchalar tartibini yuzaga keltiruvchi va unga ta’sir etuvchi lingvistik hamda ekstralingvistik omillarni aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek tilida tajriba-kuzatuv materiallari asosida qo‘shimchalarni o‘zlashtirish tartibi aniqlangan va sintaktik (qo‘shimchaning asosga qo‘shilib, kesimlik hosil qilishi yoki qilmasligi), semantik (ma’noning bir yoki birdan ortiq ekanligi), shakliy murakkablik (morfemaning asos tarkibida yakka yoki yondosh qo‘shimchalar bilan birgalikda kelishi) hamda qo‘shimchaning qo‘llanish chastotasi tartibni yuzaga chiqaruvchi omillar sifatida aniqlangan;
qo‘shimchalarning ona tili elementi sifatida o‘zlashtirilishida dastlab otga qo‘shilib, avval hukm ifodalay oladigan morfemalar o‘zlashtirilishi, o‘zbek tilini ona tili sifatida o‘zlashtirayotgan bolalarning nutqida dastlab ba’zi turlovchi, keyinroq esa tuslovchi qo‘shimchalarning paydo bo‘lishi, bola nutqida zamon shakllari paydo bo‘lguniga qadar o‘rin-payt, jo‘nalish hamda egalik qo‘shimchasining voqelanishi dalillangan;
o‘zbek tilida -di o‘tgan zamon qo‘shimchasi boshqa zamon shakllaridan avvalroq o‘zlashtirilishi, bolalar nutqida fe’lni o‘tgan zamonda tuslashga moyillik kuzatilishi, zamonni belgilashda birinchi duch kelinadigan holat hozirgi va o‘tgan davr orasidagi qarama-qarshilik bo‘lishi va bola, asosan, o‘tmishdagi harakatlarni belgilashi asoslangan;
o‘zbek tilini ikkinchi til sifatida o‘zlashtirayotgan turli til egalarining qo‘shimchalarni o‘zlashtirish tartibi o‘xshash ekani tajriba-kuzatuv materiallari orqali dalillangan, qo‘shimchalar o‘zlashtirilishining boshlang‘ich bosqichida ona tilining ta’siri sezilarli darajada yuqori bo‘lmasligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tabiiy tartib gipotezasining o‘zbek tili uchun talqini yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
tadqiqot predmeti sifatida belgilangan qo‘shimchalarning ketma-ketligi hamda qo‘shimchalarni o‘zlashtirish tartibiga oid xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2020 yil 15 may 125-sonli buyrug‘i asosida e’lon qilingan UNICEF bilan hamkorlikdagi “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish” loyihasining 1-bosqichi: Ona tili, O‘zbek tili va Adabiyot fanlarining o‘quv-metodik materiallarini ishlab chiqishda keng foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining 2021 yil 2 iyuldagi 01/11-01/01-928-son  ma’lumotnomasi). Natijada, Ona tili, O‘zbek tili va Adabiyot fanlarining o‘quv-metodik materiallari yangi ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyigan;
o‘zbek tilidagi qo‘shimchalarning lingvistik tahlili, qo‘shimchalarni o‘zlashtirish tartibiga ta’sir qiluvchi semantik, shakliy murakkablik va qo‘shimchaning qo‘llanish chastotasi kabi xususiyatlarga oid ilmiy xulosalardan 2017-2020 yillarda bajarilgan “Development of the interdissiplinary Master program on Computional Linguistics at Central Asian Universities” nomli ERASMUS CLASS loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 6 sentyabrdagi 01/4-1463-son ma’lumotnomasi). Natijada, Loyiha doirasida bajarilgan sillabuslar hamda tayyorlangan darslik qo‘shimchalarning lingvistik tahlili bilan to‘ldirilishiga asos bo‘lgan;
bola nutqida faol qo‘llanuvchi qo‘shimchalar, o‘zbek tilini chet tili sifatida o‘zlashtirayotgan chet ellik talabalar nutqidagi qo‘shimchalarning lingvistik tahlili haqidagi ilmiy-nazariy ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida “O‘zbekiston” telekanali orqali efirga uzatilgan ilmiy-ma’rifiy ko‘rsatuvlar, xususan, “Oydin hayot live”, “Ta’lim va taraqqiyot” ko‘rsatuvlarini tayyorlashda samarali foydalanilgan (O‘zbekiston teleradiokompaniyasining 2021 yil 5 iyuldagi 02-13-1130-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu teleko‘rsatuvlarning mazmuni ilmiy dalillar bilan boyitilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish