Aminov Bobir Bomuradovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy qoidalar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Markaziy Movarounnahr qabrtosh bitiklari va ulardagi tarixiy shaxslar genealogiyasi (XV-XIX asrlar)”, 07.00.08 –Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/Tar136.
Ilmiy maslahatchi: Karimova Surayyo Ubaydullaevna, tarix fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, DSc.02/30.12.2019.Tar.44.01.
Rasmiy opponentlar: Bo‘riev Omonullo, tarix fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Muhamedov Ne’matilla, tarix fanlari doktori, dotsent; Allaeva Nigora, tarix fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Markaziy Movarounnahr XV-XX asrlar qabrtosh bitiklari asosida tarixiy shaxslar nasabnomalarini tiklash, o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Samarqand shahri, Samarqand va Qashqadaryo viloyatidagi hukmdor sulolalar, aslzoda xonadonlar, qadimgi zodagon oilalar, ulamo ahli, tasavvuf tariqatlarining pirlariga izzat-ikrom va ehtirom ko‘rsatish hamda ularni yodga olish maqsadida, bu shaxslarning qarindoshlari va yaqin kishilari, ular uchun maqbaralar, sag‘analar qurganligi, qisqa va ta’sirga ega matnlar tushirilgan hamda nasl-nasab zanjiri bitilgan qabrtoshlar o‘rnatganligi, bu erlarda nekropollar, mozorlar va me’moriy-yodgorlik majmualari alohida turuvchi qabrtoshlar bilan birga shakllangan bo‘lib, ular vositasida aslzoda, sharif oilalar, urug‘-aymoqlar va klanlar shajarasi hamda nasl-nasab zanjirini to‘ldirish va tuzish mumkinligi, qabrtosh bitiklar matnlari uchun o‘lim, dafn, foniy dunyodan boqiy dunyoga o‘tish, istig‘for so‘rash mazmuni aks etgan Qur’on oyatlari, hadislar, hikmatlar, duolar va marsiyalar maxsus ravishda kitobat etilishi natijasida aniqlangan va qisqa tarixiy matnlar va sanalar qatorida bitik mualliflari qabrtosh yozuvini o‘zlari tuzganliklari, qisqa va to‘la nasabnomalar bilan to‘ldirganliklari o‘z isbotini topgan;
barlos urug‘i nasl-nasab zanjiriga ayrim to‘ldirishlar va o‘zgartirishlar kiritilgan, bu urug‘ va Amir Temur hamda uning to‘g‘ridan to‘g‘ri avlodlari o‘rtasidagi qon-qarindoshlik munosabatlari dalillar bilan to‘ldirilgan, Amir Temur va Temuriylar shajarasiga oid ayrim ma’lumotlar berilgan, barlos urug‘i va Temuriylar vakillarining Shahrisabz shahri hamda uning tevarak-atrofidagi hududlarda, shuningdek Samarqand shahridagi yodgorlik-me’moriy majmualarida mavjud qabrlari, dafn etilgan joylari aniqlangan;
Shayboniylar sulolasi shohlar xonadoniga mansub shaxslar Samarqand, Buxoro va Yassidagi oilaviy dahmalarda so‘nggi qo‘nimgohlarini topganligiga qaramay, bu xonadonning ta’sirga ega vakili Burunduq Sulton (vaf.1545), ishqiya shayxlari muridi - Katta Langar shayxlari maqbarasi yonida dafn etilganligi o‘z isbotini topgan;
qabrtoshlardagi bitiklar asosida Oltin O‘rda xonining To‘qay-Temuriylar (Ashtarxoniylar, Joniylar) sulolasiga mansub Man Qishloq b. Juvoxning XVI asrning birinchi choragida Miyonkolga ko‘chib kelishi mazkur yangi sulola birinchi vakilining Movarounnahrda, ilgari ko‘rsatilgan davrga nisbatan bir necha o‘n yillar avval paydo bo‘lganligi va Ashtarxoniylar xonadoni nasl-nasab tarixi va xonadon tarixini to‘ldirishga xizmat qiluvchi hamda ashtarxoniy Nodir Muhammadning ikki farzandi: Safiya bonu va Bahrom sultonlarga tegishli bo‘lgan stelalar aniqlangan;
Dor at-tilovat majmuasidagi Qutluq Muhammad ibn Xojam Berdi biy qabrtoshi hamda Mang‘itlar sulolasi davri manbalari asosida Mang‘itlarning Sharqiy Qashqadaryoga ko‘chib o‘tishi va o‘zining so‘nggi manzili, ya’ni dafn eri sifatida Shahrisabzdagi sobiq barloslar qabristonini tanlashi, shuningdek o‘zlarining murshidi bo‘lgan Mirim shayx Eski Langardagi qabri atrofida dafn etilganligi aniqlangan;
Termiz sayyidi Ja’far b. Ibrohim Musoning XVI-XVIII asrlarda yashagan avlodlari - musaviya, mirakoniy sayyidlarining Shohi Zinda, Yozdah Imom va Dor at-tilovat majmualarida dafn etilganliklari, shuningdek Kasbiyda yashagan va Sulton Mir Haydar majmuasida dafn etilgan sulton sodot Amir Shamsiddin Haydar (vaf.1364) va kasbagiy (kasbaviy), nasafiy (naxshabiy) nisbali Kasbiy hamda Nasaf sayyidlari ota-bobosi va ajdodi Amir Haydar Kasbaviy (vaf. 1271) ekanligi isbotlangan;
Shohi Zinda majmuasining alohida oilaviy xilxonalarida dafn etilgan hamda Samarqandda yashab o‘tgan xojalar xonadoniga mansub Xoja Ibodulloh, Xoja Muin, Xoja Omon ibn Xoja Zamon (vaf. 1671/1672), Xoja Solih, Xoja Abdulloh avlodlari orasida, asosan ularning qizlariga bag‘ishlangan va qisqacha nasabnomalari bitilgan qabrtoshlar, shuningdek Qashqadaryo viloyatining mashhur qishloqlari (Eski Langar, Xoja Imkonagiy, Xoja Asfaroz, Katta Langar va boshq.)da yashagan xojalar va ularning bir-birlari bilan qon-qarindoshlik munosabatlari asoslangan;
Naqshbandiya, ishqiya, yasaviya-azizon tariqatlari shayxlari va namoyandalari genealogiyasi haqida asoslangan faktlar, ular uchun o‘rnatilgan qabrtosh bitiklaridagi ma’lumotlar orqali isbotlangan va ishoqiylar, naqshbandiya-mujaddidiya, ishqiya, yasaviya-azizon tariqatlari shayxlari nasabnomalari asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XV-XX asrlar Markaziy Movarounnahr qabrtosh epigrafikasi va tarixiy shaxslar genealogiyasini o‘rganish natijasida ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Qabrtosh bitiklardagi tarixiy dalillar Shahrisabz shahridagi Amir Temur nomli moddiy madaniyat tarixi muzeyidagi muzey ashyolari va eksponatlarini ilmiy tavsiflash hamda aniqlashda, shuningdek Amir Temur, Temuriylar, barloslar, Shayboniylar, Ashtarxoniylar va Mang‘itlar tarixi, genealogiyasini yangi ma’lumotlar asosida yoritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2019 yil 11 iyuldagi 01-12-10-2794-son ma’lumotnomasi). Natijalar Temuriylar, barloslar, Shayboniylar, Ashtarxoniylar va Mang‘itlar tarixi va genealogiyasi masalalarini yoritishga hamda XV-XX asrlar tarixiy shaxslari nasl-nasab zanjirini tiklashga asos bo‘lgan;
Shahrisabz Oqsaroyidagi bitiklar asosida islimiy va geometrik naqshu-nigorlar hamda bino devoridagi arabiy yozuvlar bilan mutanosib koshinburrish naqshu-nigorlar hamda bezakli koshinburrish materiallarning saroy ichki hovlisi sahnida ishlatilishi xususidagi fikr-mulohazalar e’tiborga olinib, buning natijalaridan Oqsaroy mozaik polini konservatsiya va restavratsiyasi bo‘yicha hamkorlikdagi o‘zbek-fransuz loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2019 yil 11 iyuldagi 01-12-10-2794-son ma’lumotnomasi). Natijalar Oqsaroy epigrafikasiga chambarchas bog‘liq islimiy va naqshli mozaik va mayolik koshinlarning bitiklar bilan uyg‘unlashgan holda o‘rganishga xizmat qilgan;
manbashunoslik hamda tarixning yordamchi tarmoqlariga nisbatan ishlab chiqilgan ilmiy-nazariy metodlar tarix fakul`tetlarining “Tarix”(jahon mamlakatlari bo‘yicha), “Arxivshunoslik” bakalavriat yo‘nalishidagi talabalari uchun “Manbashunoslik”, epigrafik yodgorliklar va Temuriylar davri manbalari tadqiqi bilan bog‘liq amalga oshirilgan ishlardan O‘zbekistonning davlat muassasalari tarixi darsligini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 28 iyundagi 434-son buyrug‘i). Tadqiqot natijalarining joriy etilishi Amir Temur va Temuriylar tarixini yangi dalillar bilan to‘ldirishga, Temuriylar xonadoniga mansub hukmdorlarning nasl-nasabi, mansabi, lavozimi, martabalarini aniqlashga xizmat qilgan.