Uzakova Go‘zal Sharipovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Aholi punktlarida tabiiy resurslardan foydalanish va ularni muhofaza qilishning huquqiy tartibi», 12.00.06. – Tabiiy resurslar huquqi. Agrar huquq. Ekologik huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Yu69.
Ilmiy maslahatchi: Usmonov Muhammadi Baxritdinovich, yuridik fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Xolmo‘minov Jumanazar Toshtemirovich, yuridik fanlar doktori, professor; Safarov Djaxongir Ismailovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Nurmatov Mirg‘olib Mirzaevich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi aholi punktlarida tabiiy resurslardan foydalanish va ularni muhofaza qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish hamda uni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
dehqon xo‘jaligi foydalanishida bo‘lgan er uchastkasi yoki uning bir qismini boshqa yuridik yoki jismoniy shaxsga vaqtincha foydalanishga berishning qonuniy tartibini belgilash zarurati mavjudligi ilmiy-huquqiy jihatdan asoslantirilgan;
rekreatsiya zonalarini tashkil etishda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ishtirok etishi zarurligi asoslab berilgan;
O‘zbekiston Respublikasining yosh fuqarolariga Tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashining birgalikda berilgan tavsiyasiga ko‘ra dehqon xo‘jaligi yuritish maqsadida er uchastkalari berish tartibining qonunchilikda belgilanishi aholi punktlarida tomorqa erlaridan foydalanish samaradorligining oshishiga xizmat qilishi asoslantirilgan;
mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarining bosh reja loyihalari ishlab chiqilishi bilan bir vaqtda qishloq (ovul) aholi punktlarini batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish jarayonida yondosh mahallalarni shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemasini ham ishlab chiqish zarurati er-huquqiy va shaharsozlik-huquqiy jihatdan asoslab berilgan;
tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun er uchastkalarini auksion orqali doimiy foydalanishga berishda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi organlari tomonidan ekologik ekspertizadan o‘tkaziladigan ob’ektlarni qurishga er uchastkasini tanlash materiallari bo‘yicha xulosa berish uchun to‘lov undirilmasligining qonunchilikda belgilanishi “yashil iqtisodiyot”ning rivojlanishiga xizmat qilishi asoslantirilgan;
o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish (buzib tashlash)ni tashkil etish sohasida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda uning hududiy organlarining vakolatli organ sifatida qonunchilikda belgilanishi aholi punkti erlaridan foydalanishda er va shaharsozlik qonun hujjatlarida belgilangan talablar bilan bir qatorda ekologik-huquqiy talablarga ham rioya qilinishi zarurligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Aholi punktlarida tabiiy resurslardan foydalanish va ularni muhofaza qilishning huquqiy tartibi bo‘yicha olingan ilmiy natijalari asosida:
dehqon xo‘jaliklari o‘ziga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga berilgan er uchastkalarini yoki ushbu er uchastkalarining bir qismini qishloq xo‘jaligi mahsulotini etishtirish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslarga vaqtincha foydalanishga taraflarning kelishuvi asosida berishi haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 29 sentyabrdagi “Qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan erlardan va o‘rmon fondi erlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-639-son qonunining 4-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan. Ushbu taklif O‘zbekiston Respublikasi “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi 604-I-sonli Qonunining 9-moddasini ettinchi qismida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2021 yil 11 yanvardagi 04/4-05-3-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amalga oshirilishi fuqarolarning erdan noqonuniy foydalanishining oldini olishga va tomorqa erlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
rekreatsiya zonalari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining birgalikdagi taqdimnomasiga binoan mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari bilan tashkil etilishi haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 2004 yil 3 dekabrda qabul qilingan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi 710-II-sonli Qonunining 38-moddasini ikkinchi qism bilan to‘ldirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2021 yil 11 yanvardagi 04/4-05-3-son ma’lumotnomasi). O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining rekreatsiya zonalarini tashkil etishda ishtirok etishi mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirishga xizmat qilgan;
Tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashining birgalikda berilgan tavsiyasiga ega bo‘lgan yosh fuqarolarga dehqon xo‘jaligi yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga er uchastkasi berilishi to‘g‘risidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 21 dekabrdagi O‘RQ-506-son “Qishloq xo‘jaligida ekin maydonlaridan samarali foydalanish mexanizmi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunining 2-moddasi hamda 4-moddasida foydalanilgan. Ushbu taklif O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 30 apreldagi Er kodeksi 55-moddasining birinchi qismi hamda O‘zbekiston Respublikasi “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi 604-I-sonli Qonunining 8-moddasida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasining 2019 yil 12 fevraldagi 04/4-05-20-son ma’lumotnomasi). Yosh fuqarolarga dehqon xo‘jaligi yuritish maqsadida er uchastkalarining berilishi yoshlarning ish bilan ta’minlanishi va mulkiy huquqlarining kafolatlanishiga xizmat qilgan;
mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarining bosh reja loyihalari ishlab chiqilishi bilan bir vaqtda qishloq (ovul) aholi punktlarining batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish jarayonida yondosh mahallalarni shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemasini ham ishlab chiqishga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 31 iyuldagi 639-son qarorining 2-bandi to‘rtinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 6 yanvardagi 12/21-01-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amalda tatbiq etilishi qishloqlar ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishga asos bo‘lgan;
tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun er uchastkalarini auksion orqali doimiy foydalanishga berishda hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi organlari tomonidan ekologik ekspertizadan o‘tkaziladigan ob’ektlarni qurishga er uchastkasini tanlash materiallari bo‘yicha xulosa berish uchun to‘lov undirilmasligini belgilashga oid takliflardan Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 dekabrdagi 1023-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun er uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali berish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 4 va 9-bandlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 6 yanvardagi 12/21-01-son ma’lumotnomasi). Bunday to‘lovning undirilmasligi qurilish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga muayyan imtiyozlar belgilashga asos bo‘ladi va ushbu sohada “yashil qurilish”ni rivojlantirishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda uning hududiy organlariga o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish (buzib tashlash)ni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organlari maqomini berish haqidagi taklifidan Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 iyuldagi 467-son “Aholi punktlarini qurishda shaharsozlik va er to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga, shuningdek tadbirkorlik maqsadlari uchun er ajratish tartibini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni aniqlash hamda bartaraf etish (buzib tashlash)ni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 4-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 6 yanvardagi 12/21-01-son ma’lumotnomasi). O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga bunday vakolatning berilishi o‘zboshimchalik bilan er uchastkalarini egallash bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish va ularni bartaraf etish samaradorligining oshishiga xizmat qilgan.