Sasmakov Sobirdjan Anarmatovichning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Hujayralarning rekombinant oqsillar olish va biologik faollikni tekshirish maqsadida genetik transformatsiyasi», 02.00.10 – Bioorganik kimyo (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.DSc/V151.
Ilmiy maslahatchi: Azimova Shaxnoz Sadikovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘simlik moddalari kimyosi instituti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bioorganik kimyo instituti, DSc.02/30.12.2019.K/V.37.01.
Rasmiy opponentlar: Axunov Ali Axunovich, biologiya fanlari doktori, professor; Dalimova Surayyo Nigmanovna, biologiya fanlari doktori, professor; Raxmanberdieva Rano Karimovna, kimyo fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent farmatsevtika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Pichia pastoris achitqi hujayralari va tut ipak qurti (Bombyx mori) lichinkalarida rekombinant PreS2-S, S va MIS-Myuller ingibirlovchi substansiyasi oqsillarini olish, shuningdek antibiotiklarga chidamli mikroorganizmlar shtammlarini yaratish va moddalarning antibakterial hamda zamburug‘larga qarshi faolliklarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Gepatit V virusi (HBV) yuza antigenini Pres2-S (865 n.j.) Pichia pastoris achitqilarida kodlovchi rPIC3.5-Pres2-S va rPIC9- Pres2-S rekombinant plazmidalari klonlashtirilgan;
klonlashtirilgan rekombinant plazmidalar asosida Pres2-S oqsilini ekspressiyalovchi yangi rekombinant GS115 Pichia pastoris achitqi shtammlari olingan.
ilk bor Pichia pastoris rekombinant pPIC9-Pres2-S va pPIC9-S shtammlarini ko‘paytirishning texnologik shart-sharoitlari aniqlangan;
ilk bor Pichia pastoris achitqi hujayralaridan rekombinant Pres2-S va S oqsillarini ajratib olish hamda tozalash usullari ishlab chiqilgan;
ilk bor tut ipak qurti - Bombyx mori lichinkalarida rekombinant MIS - Myuller ingibirlovchi substansiyasini kodlaydigan rekombinant pBacPAK-8-Polh-MIS plazmidasi klonlashtirilgan va uning asosida rekombinant bakulovirus yaratilgan; 
ilk bor rekombinant MIS oqsilining sintezi mahalliy tut ipak qurti lichinkalarida amalga oshirilgan. PAAG elektroforez va immunobloting tahlillari asosida rekombinant MIS oqsili tegishli molekulyar og‘irlik 70 kDa (monomer) va odam MIS oqsiliga xos bo‘lgan antigenlik xususiyatlarini namoyon etishi aniqlangan;
klonlash yordamida Escherichia coli bakteriyasi va Pichia pastoris achitqilarining ma’lum antibiotiklarga nisbatan rezistent shtammlari olingan;
tabiiy va sintetik kelib chiqishga ega jami 350 dan ortiq namunaning, jumladan O‘zbekiston florasiga mansub 90 xildan ortiq o‘simlikdan ajratib olingan ekstraktlar, efir moylari, individual moddalar va ularning sintetik hosilalarining antibakterial va zamburug‘larga qarshi faolligi aniqlangan;
1,11-bis- (6,7-dimetoksi-1,2,3,4-tetragidroizoxinolin-1-il) undekan Candida albicans zamburug‘ shtammi, Cnicus sp., Potentilla asiatica o‘simliklarining ekstraktlari gram-musbat va gram-manfiy bakteriya shtammlari, jumladan ampisillin va kanamisinga rezistent shtammlarga nisbatan yaqqol ifodalangan faollik namoyon etishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Pichia pastoris, Bombyx mori va bakteriya hujayralarining rekombinant oqsillar olish va biologik faollikni tekshirish maqsadida genetik transformatsiyasini tadqiq qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tut ipak qurti (Bombyx mori) lichinkalarida yuqori unum bilan rekombinant oqsil sintezini ta’minlovchi zotni aniqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligidan ixtiroga patent olingan (UZ №IAP 20160473). Natijada, mahalliy zotga mansub tut ipak qurti lichinkalaridan biotexnologiya sanoatida foydalanish imkoniyati yaratilgan;
zamburug‘ga qarshi faollikka ega bulgan 1,11-bis-(6,7-dimetoksi-1,2,3,4-tetragidroizoxinolin-1-il) undekan uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligidan ixtiroga patent olingan (UZ №IAP 05940, 2019 y.). Natijada, ushbu birikmaning tibbiyotda zamburug‘larga qarshi vosita sifatida foydalanish imkoniyati yaratilgan;
rekombinant PreS2-S oqsilini kodlovchi nukleotidlar ketma-ketligi NCBI GenBank ID MT023508 (Biotexnologiya ma’lumotlari milliy markazi, AQSh, https://www.ncbi.nlm.nih.gov/nuccore/MT023508.1/) va EMBL-EBI LR745788 (https://www.ebi.ac.uk/) xalqaro ma’lumotlar bazasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Natijada, keltirilgan ma’lumotlar analogik oqsillarning qiyosiy tahlilini xalqaro miqyosda amalga oshirish imkonini bergan;
Pichia pastoris achitqisida rekombinant S oqsilini kodlovchi gen ketma-ketligi NCBI GenBank ID MT023509 (Biotexnologiya ma’lumotlari milliy markazi, AQSh, (https://www.ncbi.nlm.nih.gov/nuccore/MT023509.1/) va EMBL-EBI LR746134 (https://www.ebi.ac.uk/) xalqaro ma’lumotlar bazasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Natijada, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlarda analogik oqsillarning aminokislota ketma-ketligini, hamda antigenlik xususiyatlarini qiyosiy tahlil qilish imkonini bergan;
rekombinant MIS oqsilini kodlovchi nukleotidlar ketma-ketligi NCBI (Biotexnologiya ma’lumotlari milliy markazi, AQSh) xalqaro ma’lumotlar bazasiga kiritilgan va GenBank ID 2480761 Seq3 MZ556958 identifikatori bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Natijada, ushbu ma’lumotlar analogik oqsillarning qiyosiy tahlilini dunyo miqyosida amalga oshirishga imkoniyat yaratgan;
rekombinant S oqsilini sintezlovchi Pichia pastoris achitqi shtammi Mikrobiologiya instituti sanoat ahamiyatiga ega mikroorganizmlar kolleksiyasiga saqlash uchun topshirilgan va unga pasport olingan (kolleksiya qaydi №SKB-186, 05.03.2020 y.). Natijada, respublika sanoat ahamiyatiga ega mikroorganizmlar kolleksiyasi yangi shtamm produsent bilan boyitish imkonini bergan;
tabiiy birikmalar: o‘simlik manbalari, tuzilishi va biologik xususiyatlari bo‘yicha butun dunyo ilmiy ma’lumotlari to‘planib xalqaro Springer nashriyotida 2 tomlik (1070 bet) to‘plam – Handbook- “Natural Compounds: Plant Sources, Structure and Properties” ISBN: 978-1-4614-0540-5; 2013; (New York: Springer). Triterpene glycosides. V.5, Part 1. P.1-532 and Part 2. P.533-1070. https://doi.org/10.1007/978-1-4614-0541-2 chop etilgan bo‘lib, unda tabiiy birikmalar, xususan triterpenli glikozidlarning fizik-kimyoviy va biologik xossalari jamlangan. Natijada, ushbu ma’lumotlardan dunyo miqyosida foydalanish imkoniyati yaratilgan;
tabiiy va sintetik kelib chiqishga ega birikmalarning antibakterial va zamburug‘larga qarshi faolligini o‘rganish bo‘yicha ilmiy natijalar yuqori impakt-faktorga ega 40 dan ortiq xorijiy ilmiy jurnallarda qo‘llanilgan: (Antibiotics, 2020, 9(8), 441, IF=4.639; Journal of Ethnopharmacology 2020, 250, 112466, IF=4.360; Toxins, 2019, 11(10), 598, JCR IF=4.54; Molecules, 2021, 26(11), 3193, IF=4.411; Frontiers in microbiology 2020, 11, 424, IF=5.640, Natural product research, 2021, 35(4), 696-701, IF=2.158 va boshqalar). Natijada, antibakterial va zamburug‘larga qarshi faollik bo‘yicha skrining natijalarining qo‘llanilishi biologik faol moddalar bo‘yicha ma’lumotlarni qo‘lga kiritish va o‘simlik ob’ektlari kimyoviy tarkibini maqsadli aniqlash imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish