Mo‘minov Azizbek Ziyoviddinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda ekologik turizmning rivojlanish jarayonlari (1991-2020 yillar)”, 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Tar269.
Ilmiy rahbar: Bobojonova Dilorom Bobojonovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Oblomurodov Naim Xalimovich, tarix fanlari doktori, professor; Raximov Mirzoxid Akramovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1991-2020 yillarda O‘zbekistonda ekoturizmning rivojlanish jarayonlari, uning tarixiy ildizlari, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi o‘rni va tabiatni asrashdagi ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonda ekoturizmning shakllanish va rivojlanish jarayonlari ekoturizm turizmning alohida tarmog‘iga aylanganligi (1991-1999 yy.), sohada raqobat muhiti yaratilganligi (1999-2016 yy.) va zamonaviy yondashuvlar asosida ekoturizm yetakchi tarmoqlardan biri sifatida iqtisodiy va ijtimoiy muammolar echimida muhim o‘rin tutayotganligi (2016 yildan boshlab) kabi uchta bosqichda kechganligi dalillangan;
ekoturizmning regional rayonlashtirish prinsiplari asosida amalga oshirilishi tarmoqni Orolbo‘yi mintaqasi, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, Nanay-Chodak tog‘li rekreatsion markazi singari tabiiy landshaftlar bo‘yicha rivojlantirilishiga imkon berayotganligi asoslangan;
tarmoq salohiyatini rivojlantirishda xorijiy investisiyalar va mahalliy tadbirkorlarning faol jalb etilishi hududlarning iqtisodiy salohiyati va daromadlari bazasini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, turistlar oqimini ko‘paytirish, shuningdek,milliy turizm mahsulotlarini jahon bozorida faol targ‘iboti barobarida tizimni tarixiy, madaniy, ziyorat kabi turizm turlari bilan bog‘liq holda rivojlantirishga xizmat qilayotganligi dalillangan;
Zomin milliy tabiat bog‘ida Yaponiya, So‘qoq qo‘riqxonasida AQSh kabi davlatlarning dam olish hududlarini rejalashtirish, loyihasini tuzish, yo‘lak-so‘qmoqlarni aniqlash, tabiat bilan yaqindan munosabatga kirishish, bu boradagi bilimlarni oshirish, sohaga jamoatchilikni jalb etish kabi tajribalarining qo‘llanilishi milliy park va tabiat qo‘riqxonalarida xalqaro ekoturizm modellarini joriy etishga zamin yaratganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston Respublikasining soliq tizimi tarixi oid ilmiy xulosa va takliflardan:
O‘zbekistonda ekoturizmning shakllanish va rivojlanish jarayonlarining uchta muhim bosqichi aniqlanib, birinchisi (1991–1999 yillar)da ekoturizm turizmning alohida tarmog‘iga aylanganligi; ikkinchisi (1999–2016 yillar)da sohada raqobat muhiti yaratilganligi va uchinchi bosqichda (2016 yildan boshlab) zamonaviy yondashuvlar asosida ekoturizm yetakchi tarmoqlardan biri sifatida iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni echimida muhim o‘rin tutayotganligi bo‘yicha natijalardan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasining mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy sohani rivojlantirish bo‘yicha dasturida tadqiqotchining ilmiy natijalaridan foydanilgan (O’zLiDePning 2020 yil 14 dekabrdagi 01-27/604-son dalolatnomasi). Natijada iqtisodiyotni yuksaltirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha qonunchilik tashabbuslarini ilgari surishga xizmat qilgan;
ekoturizm imkoniyatlarini o‘rganishda regional rayonlashtirish prinsiplari asosida amalga oshirilishi tarmoqni Orolbo‘yi mintaqasi, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, Nanay-Chodak tog‘li rekreatsion markazi singari tabiiy landshaftlar bo‘yicha rivojlantirilishiga imkon berganligiga oid natijalardan turizm sohasi bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlash hamda hamkorlikda mazkur soha xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha seminar-treninglarni tashkil etishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 11 yanvardagi 89-03-136-son dalolatnomasi). Natijada oliy ta’lim tizimida III bosqich “Turizm (faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalariga “Ekologik turizm” fani bo‘yicha mavjud ta’lim resurslarining ma’lumotlar bazasini yanada boyitishga, ilmiy maqolalar hamda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tarqatma materiallarni tayyorlashga xizmat qilgan;
so‘nggi yillarda tarmoq salohiyatini rivojlantirishda xorijiy investisiyalar va mahalliy tadbirkorlarni faol jalb etilishi ekoturizm resurslarini ko‘paytirish, suv omborlarining turizm namoyishi ob’ekti va dam olish zonalari sifatida tashkil etilishi tizimni tarixiy, madaniy, ziyorat kabi turizm turlari bilan bog‘liq holda rivojlantirishga xizmat qilganligiga oid ilmiy natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi tomonidan ekoturizmni rivojlantirish maqsadida tabiat qo‘riqxonalarida ekoturistik mashrutlar tashkil etiladigan loyihalarda tadqiqotchining foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasining 2021 yil 10 martdagi 04/4-05-20-son dalolatnomasi). Natijada alohida qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish, O‘zbekistonda ekoturizmning tabiat qo‘riqxonalari va rezervatsiyalari turini rivojlantirish borasida amalga oshiriladigan ishlar huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qilgan;
ekoturizm industriyasini rivojlantirishning konsepsiyasi asosida sohada transformatsion jarayonlarga olib kelgan ekologik siyosatning tashkiliy-huquqiy asoslari va strategik yo‘nalishlarini ishlab chiqilishi ekoturistik resurslardan turizm maqsadida foydalanish, milliy park va tabiat qo‘riqonalarida xalqaro ekoturizm modellarini joriy etishga zamin yaratayotganligiga oid natijalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini tuzish va tayyorlashda foydanalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Oʻzbekiston” teleradiokanali” DUK qoshidagi “Oʻzbekiston tarixi” telekanalining 2021 yil 16 fevraldagi 02-10-229-son ma’lumotnomasi). Natijada ekoturizmning asosiy masalasi: hozirgi va kelajak avlodlarning ekologik xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun tabiatdan turistik yo‘nalishda oqilona foydalanishga xizmat qilgan.