Sodiqov Davron Sodiq o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ipak qurtini yuqori namlikda boqish intensiv usulini ishlab chiqish va sun’iy dastalarning samaradorligini asoslash”, 06.02.04 – Ipakchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Qx548.
Ilmiy rahbar: Nasirillaev Baxtiyar Ubaydullaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.36/30.01.2020.Qx.103.01.
Rasmiy opponentlar: Ismatullaeva Dilorom Adilovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Jumaniyozov Mansurbek Shomurotovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tut ipak qurtini yuqori namlik va doimiy optimal harorat sharoitida parvarishlashning yangi usuli hamda yangi konstruksiyadagi so‘kichak va sun’iy dastalar samarasini ilmiy jihatdan asoslash hisoblanadi.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tut ipak qurti sanoat duragaylarining lichinkalar o‘sib rivojlanish dinamikasiga 80-85% yuqori namlik omilini ta’sir darajasi aniqlangan;
bahor va yoz mavsumlarida yangi tipdagi uch yarusli qurt boqish qurilmasining namlik saqlash imkoniyati ilmiy jihatdan asoslangan;
75-85% optimal namlik va 23-25 °S haroratni ta’minlovchi intensiv qurt parvarishlash rejimining lichinka yoshlari bo‘yicha me’yorlari ishlab chiqilgan;
yuqori namlikni ozuqa konversiyasi va bargdan foydalanish koeffisientiga ta’siri aniqlangan;
yangi konstruksiyadagi sun’iy dastalarni qurtlar bilan 1,17 koeffisientga to‘lishi va pilla o‘rash jarayonida pillalar navdorligini o‘zgarish chegaralari aniqlangan;
qurtlarni yuqori namlik sharoitida parvarishlash hamda 100 ta qurt uchun buklama va 96 ta yacheykali sun’iy dastalardan foydalanish asosida pilla hosilini oshirish imkoniyatlari isbotlangan;
“Tut ipak qurtini yuqori namlikda boqish intensiv texnologiyasi va sun’iy dastalardan foydalanish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma” nomli tavsiyanoma ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tut ipak qurtining duragaylarini yuqori namlik va optimal harorat  sharoitida parvarishlashning yangi usulini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
Ipak qurtining yuqori namlik rejimida parvarishlash uchun yaratilgan yangi qurt boqish so‘kichagi va “Tut ipak qurtini yuqori namlikda boqish intensiv texnologiyasi va sun’iy dastalardan foydalanish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma” nomli yangi texnologiya Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumani “Sho‘ro‘zak Porloq Yulduzi” fermer xo‘jaligida joriy etilgan (“O‘zbekipaksanoat” uyushmasining 2021 yil 26 martdagi 4-2/541-son ma’lumotnomasi). Natijada parvarishlangan 2 quti xorijiy ipak qurtining har bir qutisidan 9,5 kg qo‘shimcha sanoat pillasi tayyorlanib, bir quti hisobidan 441000 so‘m iqtisodiy samaradorlik olingan, sof foyda 197400 so‘mga teng bo‘lib, rentabellik darajasi 81,0 % ni tashkil etgan;
Yaratilgan yangi tipdagi qurt boqish moslamasi va qurt boqish agrotexnikasi Sirdaryo viloyatining Hovas tumani “Davlatbek Fazliddin” fermer xo‘jaligida, 2 quti horij duragay qurtlarini parvarishlash jarayonida joriy etilgan (“O‘zbekipaksanoat” uyushmasining 2021 yil 26 martdagi 4-2/541-son ma’lumotnomasi). Natijada iqtisodiy samaradorlik 463050 so‘mni, sof foyda 165595,5 so‘mni tashkil etib, rentabellik darajasi 55,7 % ga oshishiga erishilgan;
Yaratilgan yangi konstruksiyadagi buklama va yacheykali dastalar horij sanoatbop duragay qurtlarining 2 qutisini pilla o‘rashi uchun Jizzax viloyatining “Do‘stlik Agropilla” MChJ ga qarashli “Abdumutal Mirsulton” fermer xo‘jaligida  joriy etilgan (“O‘zbekipaksanoat” uyushmasining 2021 yil 26 martdagi 4-2/541-son ma’lumotnomasi). Natijada bir quti qurtdan 11,5 kg qo‘shimcha navli pilla olishga erishilgan.  Navdor pillaning ulushi 25,0 foizga oshishi orqali iqtisodiy samaradorlik 529480 so‘mni, sof foyda 160480 so‘mni tashkil etgan, rentabellik darajasi 47,0 % ga ko‘tarilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish