Jumanov Muratbay Arepbaevichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yashash muhitining antropogen transformatsiyasi sharoitida Janubiy Orolbo‘yi umurtqali hayvonlari», 03.00.06–Zoologiya (biologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/B14.

Ilmiy maslahatchi: Shernazarov Elmurad, biologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Zoologiya instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.29.08.2017.V.52.01.

Rasmiy opponentlar: Pozilov Abduvaeit, biologiya fanlari doktori; Xolboev Faxriddin Raxmonqulovich, biologiya fanlari doktori, professor; Jabborov Abdurashid Rayimovich, biologiya fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Janubiy Orolbo‘yi turli ekotizimlaridagi er usti umurtqalilar bioxilma-xilligining miqdor va sifat tarkibini inventarizatsiya qilish hamda antropogen transformatsiyalangan yashash muhit sharoitlariga ekologik moslashuvini aniqlashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

sudralib yuruvchilarning 33, qushlarning 317 va sut emizuvchilarning 67 turidan tarkib topgan Janubiy Orolbo‘yi umurtqali hayvonlarining zamonaviy tur xilma-xilligi aniqlangan;

ilk marotaba Qizilqum, Ustyurt, quyi Amudaryo hududlaridagi hayvon guruhlarining miqdor indeksi aniqlangan hamda Janubiy Orol ekologik inqirozi yashash muhiti sharoitiga moslashuvi isbotlangan;

O‘zbekistonda Sudoch`e ko‘llar tizimida flamingo Phoenicopterus roseusning uya quruvchi katta koloniyasi va ularning rivojlanish biologiyasi xususiyatlari aniqlangan;

ilk bor Orol dengizining qurigan tubida ekilgan saksovulzorlar ornitofaunasining shakllanishi ochib berilgan;

Orol dengizi qurishining umurtqalilar tur xilma-xilligining qisqarishi, genofondning kuchsizlanishi, ommaviy hayvon turlarining ko‘p yillik son siklining buzilishiga ta’siri isbotlangan;

ekologik inqirozning turli davrlarida Qizilqum va Ustyurtdagi mayda sut emizuvchilarning poliestral turlarida serpushtlikning pasayishi aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Yashash muhitining antropogen transformatsiyasi sharoitida Janubiy Orolbo‘yi umurtqali hayvonlari yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:

kamyob va yo‘qolib borayotgan umurtqali hayvon turlarini saqlab qolish bo‘yicha olingan natijalar tabiatni muhofaza qilish amaliyotiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining 2017 yil 17 iyundagi IX-01/12-1084-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2017 yil 5 iyuldagi 03/11-1590-son ma’lumotnomalari). Ilmiy natijalar Janubiy Orolbo‘yi mintaqasidagi umurtqali hayvon turlari xilma-xilligini aniqlash hamda ovlanadigan, kamyob va yo‘qolib ketayotgan turlarning davlat kadastrini tuzish imkonini bergan;

o‘rmon fondi erlarida yashaydigan ovlanadigan hayvonlarning bosh sonini aniqlash va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha natijalar o‘rmon xo‘jaliklari faoliyatiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasining 2017 yil 14 iyuldagi 133-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar xo‘jalik hududlarida ommaviy ovlanadigan hayvonlar (yovvoyi cho‘chqa, bo‘ri, chiyabo‘ri, tulki, qushlardan yovvoyi g‘oz, o‘rdak va qashqaldoq) bosh sonini turg‘un saqlab qolish imkonini bergan;

insonlarda o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni tarqatadigan kemiruvchilarga mansub turlarning sonini boshqarish yo‘llari sog‘liqni saqlash faoliyatiga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2017 yil 18 iyuldagi 01/278-son ma’lumotnomasi). Natijalar kemiruvchilarning populyasiyalar sonini boshqarish va xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemik holatning barqarorligini ta’minlash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish