Ganieva Orzigul Xayridinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Jon Steynbek hamda Odil Yoqubov asarlarida inson va jamiyat munosabatlarining tasvirlanishi», 10.00.04 – Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Fil1135.
Ilmiy rahbar: Bakaeva Muhabbat Kayumovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Axmedov Oybek Saparbaevich, filologiya fanlari doktori, professor; Rajabov Dilshod Zaripovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat chet tillar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Jon Steynbek hamda Odil Yoqubovning roman va qissalari asosida XX asr Amerika va o‘zbek realistik nasrida inson va jamiyat munosabatlari yoritilishining poetik tamoyillari, ijtimoiy-psixologik omillari, badiiy-uslubiy talqin xususiyatlari, yozuvchilarning mahorati, qahramonlar tasviri bilan bog‘liq mushtarak va o‘ziga xos jihatlarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
har ikkala muallif ijodi badiiy konsepsiyasining mushtarak jihati baxt, boylik, kelajakka umid, muhabbat, do‘stlik, sadoqat, diyonat, sabr, matonat, adolat, iroda, halollik, poklik kabi ijobiy motivlar, hasad, korrupsiya, qayg‘u, sotqinlik, xiyonat, loqaydlik kabi salbiy mavzularning qiyoslangan asarlar markaziy chizig‘ini tashkil etishida namoyon bo‘lishi isbotlangan;
shakliy-uslubiy yo‘nalish nuqtai nazaridan Jon Steynbek ijodida oddiy xalq taqdiriga befarq bo‘lmaslik, “tabiiy inson” (“natural person”) konseptini qahramonlarda mujassam etish tamoyilining yetakchiligida namoyon bo‘ladigan naturalizm an’analarining, Odil Yoqubov ijodida lirik-romantik va izchil realistik uslubning kesishuvida voqelangan ko‘povozli (polifonik) tasvir elementlarining ustuvorligi dalillangan;
Jon Steynbek ijodiy davrining yuksalish, kul`minatsiya va pasayish bocqichlari real zamon va makon universumi (borlig‘i) da ijtimoiy-siyosiy holat, yozuvchi shaxsiy dunyoqarashidagi fitriy va mohiyatan o‘zgarishlar kabi omillar ta’sirida asarlarda tasvirlangan qo‘rquv, ochlik, zo‘ravonlik, tabiat ofatlari, iqtisodiy inqiroz, uning oqibatlarini ifodalash orqali shartlanishi asoslangan;
Jon Steynbek va Odil Yoqubov asarlarida inson va jamiyat munosabatlariaro ziddiyat ichki ruhiy konflikt (qahramon qalbidagi kurashlar, hissiyotlar to‘qnashuvi), ijtimoiy konflikt (turli guruhlar o‘rtasidagi ziddiyatlar), oilaviy konflikt (oila a’zolari o‘rtasidagi mojarolar), shaxsiy-intim konflikt (shaxs va boshqalar manfaati o‘rtasidagi kurash) kategoriyalarida namoyon bo‘lishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Jon Steynbek hamda Odil Yoqubov asarlari poetik xususiyatlari, inson va jamiyat munosabatlari tasvirlanishida mualliflar mahoratini aniqlash jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
Jon Steynbek hamda Odil Yoqubov asarlarining badiiy xususiyatlari asar voqealarining ijtimoiy-hayotiy, psixologik asoslari, inson taqdirida jamiyatning o‘rni va roli tasviriga xos mushtarak hamda farqli jihatlar, asarlarda inson va jamiyat munosabati talqini va tasviriga aloqador poetika masalalariga doir xulosalardan F1-XT-0-19919A-1-118 raqamli “O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Navoiy davlat pedagogika institutining 2021 yil 25 avgustdagi 88872680/04-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida qiyoslangan asarlarda inson va jamiyat munosabatlariaro ziddiyat turli konflikt kategoriyalarida namoyon bo‘lishi hamda ularning falsafiy-mifologik xususiyatlariga doir poetik masalalari takomillashtirilgan;
XX asr Amerika hamda o‘zbek adabiyotida tasvirlangan jamiyatning ijtimoiy-axloqiy muammolari, an’analari va ularning rivojlanishi, Jon Steynbek hamda Odil Yoqubov asarlarida inson, uning ruhiy kechinmalari, ichki dunyosining asosiy omillari va qahramonlarning xarakteri shakllanishida jamiyatning rolini tasvirlash bilan bog‘liq xulosalardan SUZ800-14-GR064 raqamli “Ingliz va Amerika adabiyotidan o‘zbek tiliga she’riy tarjima va qiyosiy she’rshunoslik muammolari” (“The problems of poetic translation from American and English literature into Uzbek and comparative versification”) mavzusidagi grant loyihasida foydalanilgan (Buxoro davlat universitetining 2021 yil 25 maydagi 05-01-0057-son ma’lumotnomasi). Natijada g‘oya va ob’ektiv mazmunning qahramon xarakterida mujassamlanishiga, qiyosiy tahlil va uslubiy tarjima metodlari yordamida ingliz, amerika milliy she’riyatlarigagina xos bo‘lgan poetik turlarning o‘zbek tilida qayta yaratilishi yo‘llari asoslanishiga erishilgan;
Jon Steynbek hamda Odil Yoqubov qissa va romanlarida inson, uning jamiyatga munosabati, ijtimoiy illatlarning inson taqdiriga salbiy ta’siri, ikki millat ijodkorlarining inson xarakteri shakllanishida jamiyat ta’sirini ifodalashidagi mushtaraklik bo‘yicha ilgari surilgan g‘oyalarning asoslanishiga doir xulosalardan Lal Baxadur Shastri nomidagi hind madaniyat markazida “Typological similarities of the works “The Pearl” and “Mukaddas” (“Sacred”)” mavzuida qilingan ma’ruzada foydalanilgan (Hindiston elchixonasi Lal Baxadur Shastri nomidagi hind madaniyat markazining 2020 yil 2 martdagi 38/314-son ma’lumotnomasi). Natijada markaz mutaxassislarining ingliz va o‘zbek tillarida yaratilgan asarlar badiiy xususiyatlari haqidagi bilimlar bazasini yanada kengaytirishga asos bo‘lib xizmat qilgan;
Jon Steynbek hamda Odil Yoqubovning asarlarida inson va jamiyat orasidagi ziddiyatlar, qahramonlarning jamiyatga singishdagi muammolari, oqibatda vujudga keladigan yolg‘izlik, qalb kemtikligi, insoniylikning emirilishi, xudbinlikning avj olishi kabi masalalarning ifoda etilishi bilan bog‘liq xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining “Assalom, Buxoro”, “Sakkizinchi mo‘’jiza” kabi turkum ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining 2020 yil 7 sentyabrdagi 1/219-son ma’lumotnomasi). Natijada teletomoshabinlarning kitobxonlikka qiziqishini oshirishga, ularning hozirgi kunda inson va jamiyat munosabatlaridagi munozarali jarayonning amerika va o‘zbek adabiyotidagi badiiy talqiniga xos xususiyatlar haqidagi ilmiy tasavvur-tushunchalarini boyitishga erishilgan.