Davlyatova El`vira Muradovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mustaqillik davri o‘zbek tilidagi G‘arbiy Evropa o‘zlashmalarning madaniyatlararo tadqiqi”, 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Fil1398.
Ilmiy rahbar: Bakirov Poyon Uralovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/31.03.2021.Fil.78.04 raqamli ilmiy kengash asosida tuzilgan bir martalik kengash.
Rasmiy opponentlar: Djusupov Maxanbet, filologiya fanlari doktori, professor; Pardaev Azamat Baxromovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat  universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi zamonaviy o‘zbek tilida G‘arbiy Evropa tillaridan o‘zlashgan so‘zlarni madaniyatlararo muloqot nuqtai nazaridan ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
hozirgi o‘zbek tilida G‘arbiy Evropa tillaridan so‘z o‘zlashish jarayoni orqali shu tillardan o‘zlashgan startap,  autlet, STEAM, xab, feedback, brend kabi so‘zlarning o‘zbek tili lug‘at boyligini oshirganligi va madaniyatlararo aloqa jarayonlarida foydalanilayotganligi dalillangan;
hozirgi o‘zbek tili tizimida o‘zlashmalarning fonetik-grafik yaqinlashuvi G‘arbiy Evropa tillari tovushlarining o‘zbek tili tovushlari moslashuvi asosida so‘z yasalish (e-, kiber-, nano -,) va semantik (izohli tarjima, determinologizatsiya) jihatdan o‘zbek tili qonun-qoidalariga muvofiqlashuvi ochib berilgan;
G‘arbiy Evropa tillaridan hozirgi o‘zbek tiliga o‘zlashgan so‘zlarning madaniyatlararo muloqot mazmuni jihatidan “moliya va iqtisod”, “jamiyat va siyosat”, “sport”, “kompyuter texnologiyalari va internet”, “madaniyat va ta’lim”, “reklama”  kabi mavzuiy komplekslari muloqot jarayonida kommunikativ vazifalarni bajarayotganligi dalillangan; 
G‘arbiy Evropa tillaridan strukturaviy, semantik va yarimkal`kalash asosida o‘zbek tili lug‘at boyligini boyitadigan global tarmoq, yo‘l xarita, nanomahsulot, kiberkenglik, onlayn rejim kabi mahsuldor o‘zlashgan so‘zlar kirib kelganligi aniqlangan.  
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G‘arbiy Evropa tillaridan o‘zlashgan so‘zlarni  madaniyatlararo muloqot jihatidan o‘rganish tadqiqi natijalari asosida:
dissertatsiyada qo‘llanilgan va tadqiqotlar davomida takomillashtirilib, ilmiy asoslangan usullar va nazariy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpog‘iston gumanitar  fanlar ilmiy-tadqiqot institutida bajarilgan F1-GOO2 raqamli "Zamonaviy qoraqalpoq tilidagi funksional so‘z yasalishi" fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpog‘iston gumanitar  fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2020 yil 15 dekabrdagi 040/1-son ma’lumotnomasi). Natijada boshqa tillardan so‘z o‘zlashtirish asosida hosil bo‘lgan yasama so‘zlar tahlilidan foydalanish natijasida loyiha bo‘yicha bajarilgan tadqiqotning mukammal bo‘lishiga erishilgan;
G‘arbiy Evropa so‘z boyligini o‘zlashtirish jarayoni bilan bog‘liq ilmiy-nazariy xulosalar 50-05 / 89 raqamli "Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik-barqarorlik omili, madaniy meros, urf-odatlar, qadriyatlarini "Tojik madaniyat markazi" orqali keng targ‘ib qilish”  nomli davlat grantida qo‘llanilgan (Surxondaryo viloyati tojik milliy madaniy markazining 2020 yil 22 noyabrdagi 3-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqot  materiallari  o‘zbek tilida qo‘llaniladigan  yasama so‘zlar, grammatik va leksik-semantik vositalardan foydalanish natijasida muomala jarayonlarida to‘g‘ri qo‘llanilishi amalga oshirilgan;
dissertatsiyaning asosiy nazariy qarashlari Pol`sha Respublikasidagi Gdan`sk universiteti Ingliz va Amerika tadqiqotlari instituti ingliz va nazariy tilshunoslik fakul`tetining o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan va “Introduction to Linguistics” (“Tilshunoslikka kirish”), “Linguistics and Cultural Relativity” (“Tilshunoslik va madaniy nisbiylik”) fanlarini o‘qishda foydalanilgan hamda ingliz tili va adabiyoti o‘qituvchisi (PhD) Dorota Sil`viya Majevichning ma’ruzalari mazmunini boyitishga xizmat qilgan (O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 4 fevraldagi 89-03-648-son  ma’lumotnomasi). Natijada G‘arbiy Evropa tillarining boshqa tillarga ta’siri haqidagi o‘quv jarayonlariga taalluqli ma’ruzalar faktik materiallar jihatdan boyitilgan;
dissertatsiyaning asosiy nazariy qoidalari: madaniyatlararo aloqa; tillar va madaniyatlarning o‘zaro ta’siri; xorijiy tillar leksikasi: predmet-tematik tasnif, tuzilmaviy jihatlari 2019 yil 5-10 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan “Baxshichilik san’ati” xalqaro festivalida  gid-tarjimonlarni tayyorlashga asos bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish qo‘mitasi va Surxondaryo viloyati turizmni rivojlantirish qo‘mitalari tomonidan 2019 yil 24-25 avgust kunlari tashkil etilgan "O‘zbekiston buyuk yo‘llar va sivilizatsiya chorrahasida: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar" forumini,  2019 yil 21-22 sentyabrdagi "Open South International Business Forum II" xalqaro biznes-forumlarni o‘tkazishga asos bo‘ldi (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2021 yil 4 fevraldagi 89-03-648-son ma’lumotnomasi). Natijada gid-tarjimonlarni tayyorlash samaradorligini oshirishga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish