Abdualiev Nuriddin Habibovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘o‘za qatorlari orasida pol hosil qiladigan qurilma zichlagichining parametrlarini asoslash», 05.07.01 – «Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash» (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/T1465.
Ilmiy rahbar: Bayboboev Nabijon G‘ulomovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash institutining Buxoro filiali.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan muhandislik-qurilish instituti, PhD.03/30.12.2019.T.90.01.
Rasmiy opponentlar: Mansurov Muxtorjon Toxirjonovich, texnika fanlari doktori; Xudoyarov Anvar Nazirjonovich, texnika fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan muhandislik-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi g‘o‘za qatorlari orasida bo‘ylama pol hosil qiladigan qurilma zichlagichining parametrlarini asoslash orqali bo‘ylama pol hosil qilish texnologik jarayonini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
g‘o‘za qator oralarida bo‘ylama pol hosil qiladigan qurilma asosida pol zichligini ta’minlovchi katokning yangi konstruksiyasi ishlab chiqilgan va texnologik ish jarayoni asoslangan;
bo‘ylama polni talab darajasida zichlanishini ta’minlaydigan zichlovchi ishchi qismiga beriladigan tik yuklanish kuchining o‘zgarish konuniyatlarini aniqlovchi analitik ifodalar tuproqning hajmiy ezilish koeffisienti hamda qurilmaning harakat tezligiga bog‘liq ravishda olingan;
polni talab darajasida zichlash uchun zichlovchi katokka beriladigan tik yuklanish (katokning og‘irlik kuchi, prujinaning siquvchi kuchi)ni hisobga olgan holda tuproqning fizik-mexanik xossalari, katokning parametrlari, agregatning harakat tezligi o‘rtasidagi bog‘lanishlarni ifodalovchi analitik matematik modellar olingan;
g‘o‘za qator oralarida bo‘ylama pol hosil qiladigan zichlovchi katokning diametri, konuslik burchagi va katokka beriladigan tik yuklanish kuchlarining ratsional qiymatlari, uning agrotexnik va energetik ish ko‘rsatkichlariga bog‘liq ravishda regression tahlil yordamida aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘za qatorlari orasida bo‘ylama pol hosil qiladigan zichlovchi ishchi organ bilan jihozlangan qurilmaning parametrlarini asoslash bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarda olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan (FAP 01436 «G‘o‘za qator oralarida bo‘ylama pol hosil qiluvchi va zichlovchi qurilma», 2019 y.). Natijada g‘o‘za qator oralarida pol hosil qilishda ish sifati va unumini oshirish hamda energiya-material hajmdorlikni kamaytirish imkoniyatiga ega bo‘lgan zichlovchi ish organ bilan jihozlangan qurilma konstruksiyasini ishlab chiqish imkoniyati yaratilgan;
ishlab chiqilgan pol hosil qilish qurilmasi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari institutining Buxoro filiali o‘quv – ilmiy markazida (Kogon tumani), Buxoro viloyatining Buxoro, Jondor va Vobkent tumanlari fermer xo‘jaliklarida joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 19 avgustdagi № 02/023-3416 son ma’lumotnomasi). Natijada mehnat sarfi 46,2 foizga kamaygan, ish unumi 1,5 martaga oshirishga erishilgan;
g‘o‘za qator oralarida bo‘ylama pol hosil qilish qurilmasining konstruksiyasi “VMKV-Agromash” AJ ga ishlab chiqarishga joriy etish uchun qabul qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 19 avgustdagi № 02/023-3416 son ma’lumotnomasi). Natijada g‘o‘za qator oralarida pol hosil qiladigan takomillashtirilgan qurilmaning sanoat nusxalarini yaratish imkoniyati yaratilgan.