Fayziev Olim Raimkulovichning
fandoktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlariga oid qonunchilik hujjatlarini rivojlantirish”, 12.00.02 – Konstitutsiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi (yuridik fanlar). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.DSc/Yu127.
Ilmiy maslahatchi: Husanov Ozod Tillabaevich, yuridik fanlaridoktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkentdavlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.02. 
Rasmiy opponentlar:Tursunov Axtam Salomovich, yuridik fanlari doktori, professor; Muhamedov O‘tkirbek Hazratqulovich, yuridik fanlari doktori, professor;Tul`teev Il`yas Tavasovich, yuridik fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish asoslari va mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan ilmiy-amaliy tavsiyalar va takliflarni ilgari surishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
har bir shaxsning maxsus tuzilgan kollegial organlar (komissiyalar)ga ham murojaat qilish huquqini amalga oshirish mexanizmlarini belgilash, “Fuqarolarning qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish zarurligi asoslab berilgan;
murojaatlarning yagona klassifikatorini ishlab chiqib, uni normativ-huquqiy hujjat bilan tasdiqlash zarurligi asoslab berilgan;
murojaatlarda ko‘tarilayotgan muammolar asosida qarorlar qabul qilishni ta’minlash maqsadida Tizimli tadqiqotlar instituti faoliyatini yo‘lga qo‘yib, mazkur muassasada davlat organlari va tashkilotlarining murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlarini muntazam o‘qitish zarurligi asoslab berilgan;
ommaviy qabullarni tashkil etish va o‘tkazish, ushbu tadbirlar davomida kelib tushgan murojaatlar bilan ishlashni kompleks huquqiy tartibga solish, shu bilan birga, murojaat qiluvchilarni onlayn qabul qilish tizimini ommalashtirish zarurligi asoslab berilgan;
respublika bo‘yicha barcha murojaatlarni umumlashtirish, tahlil qilish va murojaatlar bilan ishlash holatini samarali nazorat qilish, murojaat qiluvchilar tomonidan o‘z murojaatlarining ko‘rib chiqilishini har qanday bosqichda kuzatib borish imkonini beruvchi yagona milliy onlayn platforma (Virtual axborot tizimi) yaratish zarurligi asoslab berilgan;
davlat organlari va tashkilotlarining murojaatlar bilan ishlovchi tarkibiy bo‘linmalarni tashkil etishning minimal normativlari va mezonlarini ishlab chiqish, har bir xodim uchun belgilangan kunlik va oylik mehnat normasining vaqt me’yorlarini aniqlash, bunda minimal shtat birligini bir nafar etib belgilash zarurligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlariga oid qonunchilik hujjatlarini rivojlantirish bo‘yicha olingan lmiy natijalar asosida:
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunning amal qilishi tatbiq etilmaydigan holatlarni ko‘rsatish, asosiy tushunchalar mazmunini yoritish, elektron murojaatlarni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talabini bekor qilish, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi faoliyati, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, murojaatlarga doir masalalar bo‘yicha real vaqt rejimida maslahatlar berish, ayrim murojaatlarni ko‘rib chiqish, murojaatlarni ko‘rmay qoldirish kabi mexanizmlarni belgilash bo‘yicha takliflar 2017 yil 11 sentyabrdagi O‘RQ–445-son “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 1, 3, 9–13, 25 va 29-moddalarini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2020 yil 29 maydagi 05/1-01-113-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi murojaatlar bilan ishlashga doir yangi huquqiy mexanizmlarning amalga kiritilishiga, murojaat qilish jarayonlari soddalashtirilishiga, murojaatlarning ko‘rib chiqilishi va hal etilishi yanada takomillashtirilishiga xizmat qilgan;
ommaviy qabullarni tashkil etish va o‘tkazishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2021 yil 27 fevraldagi AF-210-son farmoyishi bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari tomonidan ommaviy qabullar tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 1–32-bandlari va ilovalarini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2021 yil 2 martdagi 07-1-841-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan tashkil etilayotgan va o‘tkazilayotgan ommaviy qabullarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq aniq huquqiy mexanizmlarning belgilanishiga xizmat qilgan;
normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashda ishlab chiquvchi tomonidan loyihaning huquqiy jihatdan tartibga solish predmetiga taalluqli jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘rganishiga, normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar va boshqa tashkilotlar ularning ijrosi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha huquqni qo‘llash amaliyoti monitoringini hamda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining tahlilini amalga oshirishiga oid takliflar 2021 yil 20 apreldagi O‘RQ–682-son “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasi birinchi qismi ettinchi xatboshisi hamda 53-moddasi ikkinchi qismi matnini bayon etishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 2 iyundagi 12-18-8-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida o‘tkir muammolarning tizimli hal etilishiga, ularning hayotiy va xalqchil bo‘lishiga xizmat qilgan;
chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasining davlat organlariga, tashkilotlarga hamda ularning mansabdor shaxslariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega ekanligini, davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari murojaatlarni ko‘rib chiqish chog‘ida chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ularning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlashga oid takliflar 2021 yil 4 iyundagi O‘RQ–692-son “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasini shakllantirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2021 yil 11 iyundagi 19-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining davlat organlari, tashkilotlari va ular mansabdor shaxslariga murojaat qilish huquqiga ega ekanligini aniq belgilashga, o‘zlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlashga xizmat qilgan;
Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishga, kelgan murojaatlarning ro‘yxatdan o‘tkazilishiga, hal etilishi Konstitutsiyaviy sud vakolatlariga kirmaydigan masalalar bo‘yicha murojaatlar belgilangan tartibda, qo‘yilgan masalalarni hal etish vakolatiga kiritilgan tegishli davlat organlariga, tashkilotlarga va mansabdor shaxslarga besh kunlik muddatdan kechiktirmay yuborilishi kafolatlanishiga oid takliflar 2021 yil 27 apreldagi O‘RQ–687-son “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 31-moddasini bayon etishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudining 2021 yil 21 iyundagi B-n-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi kafolatlanishiga, kelib tushgan murojaatlarning ro‘yxatga olinib, ko‘rib chiqilishini ta’minlashga, hal etilishi Konstitutsiyaviy sud vakolatlariga kirmaydigan masalalar bo‘yicha murojaatlarning qisqa vaqtda tegishli manzilga yuborilishiga xizmat qilgan.

 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish