Adigezalov Azer Nadir oglining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimining shakllanishida O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasining o‘zaro hamkorligi», 07.00.05 – Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat tarixi; 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2020.3.PhD/Tar298.
Ilmiy rahbar: Nuriddinov Erkin Zuxriddinovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, DSc.11/30.12.2019.Tar/Yu/I/S/24.01 raqamli ilmiy kengash asosida tuzilgan bir martalik Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Raximov Mirzoxid Akramovich, tarix fanlar doktori, professor; Qirg‘izboev Abdug‘appor Karimjonovich, tarix fanlar doktori, professor. 
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi xalqaro munosabatlarning zamonaviy tizimi shakllanishi sharoitlarida O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasining o‘zaro hamkorligi jarayonini kompleks ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlarining siyosiy, tashkiliy-huquqiy asoslari ochib berilgan, ikki davlatga tegishli geosiyosiy va geoiqtisodiy vaziyat ko‘rsatib berilgan, bu munosabatlar mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnoma, strategik sheriklikni yanada mustahkamlash to‘g‘risidagi Deklaratsiya va boshqa siyosiy-huquqiy hujjatlarda aks ettirilganligi aniqlangan;
ikki davlatning mushtarak va milliy manfaatlarga oid siyosiy hamkorligi va uning istiqbollari, shuningdek O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlarining Qorabog‘ va Afg‘onistondagi muammolarini hal etishda o‘xshashlik jihatlari ochib berilgan;
TRASEKA, Boku-Tbilisi-Kars va boshqa keng ko‘lamli transport-kommunikatsion va infratuzilmali loyihalar misolida O‘zbekiston va Ozarbayjon geosiyosiy o‘xshashligi asoslab berilgan, O‘zbekiston va Ozarbayjonning ilgari ko‘rib chiqilmagan xalqaro va mintaqalararo energetik, savdo-iqtisodiy “Sharq-G‘arb”, “Shimol-Janub” yo‘nalishlarida tutgan o‘rni ko‘rsatib berilgan; 
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo va iqtisodiy sohalardagi imkoniyatlar hukumatlararo Qo‘shma komissiyaning faoliyatida asoslab berilgan, bu esa ilgari foydalanilmagan turizm biznesi, ipakchilik va paxtachilik kabi iqtisodiy sohalardagi mavjud muammolarni aniqlash va bartaraf etish imkoniyatini bergan; 
ikki davlatning ilm-fan, texnologiya, madaniyat va sport sohalarida hamkorlik qilish imkoniyatlari aniqlangan, ularning Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) va Turkiy davlatlar kengashidagi ishtiroki hamda madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimining shakllanishida O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasining o‘zaro hamkorligi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
O‘zbekiston tashqi siyosatining Ozarbayjon bilan munosabatlardagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda, madaniyat va ta’lim sohasidagi o‘xshash va farqli jihatlarini ochib berishda, ikki davlatning iqtisodiy, madaniy, transport-kommunikatsiyalari va energetika sohalaridagi hamkorligiga doir dalillarni aniqlashda foydalanilgan va “Globallashuv davrida antropologik inqiroz va uni oldini olish usullari” deb nomlangan mavzusidagi amaliy loyihada aks ettirilgan (2012-2014 yy.) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 5 fevraldagi 89-03-575-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi yirik transport-kommunikatsiya va energetika loyihalari bo‘yicha hamkorlik (TRASEKA va Boku-Tbilisi-Kars) misolida yoritilgan, hamda ikki davlat ta’lim sohasidagi o‘xshash va farqli jihatlarini ochib berishga xizmat qilgan; 
Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi qoshidagi H.Aliev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi va “O‘zbekiston-Ozarbayjon” do‘stlik jamiyati ish foliyatida, davlatlararo hamkorlikka doir madaniy tadbirlarni tashkil etishda va faol xalq diplomatiyasini, shuningdek millatlararo munosabatlar sohasidagi vazifalarni bajarishga va ta’limni rivojlantirishga, Qo‘mitaning millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishning yanada kuchayishiga, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshinchi ustuvor yo‘nalishida foydalanishga xizmat qilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari Qo‘mitasining 2019 yil 2 apreldagi 01-09-483-son ma’lumotnomasi). Natijada, Ozarbayjon halqining tarixiy va madaniy yutuqlarini O‘zbekistonda yanada kengroq targ‘ib qilishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston tarixi” telekanali tomonidan 2020 yil 18 yanvar` kuni xorijiy mamlakatlar madaniyatlarining uzviyligi, qadim tarixi, o‘zaro uyg‘un tomonlari, an’ana, qadriyatlarning o‘xshashligi, bugunga qadar saqlanib kelinayotganligi borasidagi ma’lumotlardan “Xayrli kun” dasturining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2020 yil 6 avgustdagi 02-40-758-son ma’lumotnomasi). Natijada, manbalarga asoslangan tarixiy dalillar, o‘zbek teletomoshabinlarini ozarbayjon xalqining madaniy hayotiga oid yangi, avval tadqiq etilmagan xujjatli va ilmiy ma’lumotlar bilan tanishtirilgan. 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish