Askarov Abror Davlatmirzaevichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Xalq ta’limi xodimlari malakasini masofadan oshirish tizimini takomillashtirish», 13.00.01–Pedagogika nazariyasi va tarixi. Ta’limda menejment (pedagogika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Ped13.

Ilmiy rahbar: Raxmonqulova Nargiz Xodjiakbarovna, pedagogika fanlari doktori, dotsent.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat pedagogika universiteti, DSc.27.06.2017.Ped.26.01.

Rasmiy opponentlar: Mardonov Shukrullo Kuldashevich, pedagogika fanlari doktori, professor; Yuldashev Maqsud Abdullaevich, pedagogika fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: xalq ta’limi xodimlari malakasini masofadan oshirish tizimini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

kasbiy ehtiyojlarga asoslangan xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish kurslari o‘quv mazmunini shakllantirishning mexanizmi kasbiy faoliyatga aloqador parametr va indikatorlarni aniqlashtirish, baholash mezonlarini belgilash, funksional omillarni tizimlashtirish asosida takomillashtirilgan;

munosabat elementlari asosida kasbiy ehtiyojlarni maksimal qanoatlantirish shartiga qaratilgan variativ malaka oshirish o‘quv mavzulari tarkibini aniqlash texnologiyasi ishlab chiqilgan;

xalq ta’limi xodimlari malakasini masofadan oshirish o‘quv me’yorlarini optimallashtirish va sub’ektlarning motivatsion faoliyatini tizimlashtirish asosida o‘quv jarayonining integratsiyalashgan modeli mazmuni, tarkibiy tashkil etuvchilari takomillashtirilgan;

xalq ta’limi xodimlari malakasini masofadan oshirish sharoitida samarali o‘quv faoliyati uchun tinglovchi tayyorgarligi sifatiga qo‘yiladigan kompetensiyaviy talablarning parametrlari va indikatorlari adaptatsiya shartlari asosida aniqlashtirilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Xalq ta’limi xodimlari malakasini masofadan oshirish tizimini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan nazariy-metodologik va amaliy takliflar asosida:

xalq ta’limi xodimlari malakasini masofadan oshirish tizimining tashkiliy-pedagogik bosqichlari mazmuni va o‘quv me’yorlarini optimallashtirishga doir takliflaridan Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 avgustdagi «Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 234-son qarori bilan tasdiqlangan 1, 3, 5-ilovalardagi me’yoriy hujjatlarni tayyorlashda foydalanilgan (Xalq ta’limi vazirligining 2016 yil 11 oktyabrdagi 01-02/1-3-313-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar xalq ta’limi xodimlari malakasini masofadan oshirish tizimining huquqiy, o‘quv-uslubiy asoslarini mustahkamlash, malaka oshirish muassasalarining tashkiliy tuzilmasi tarkibida Masofadan o‘qitishni rivojlantirish markazi va Masofadan o‘qitish hududiy muvofiqlashtirish markazlarini tashkil etish, ishdan ajralmagan holda malaka oshirish o‘quv jarayonini yagona yondashuv asosida olib borish imkonini bergan;

xalq ta’limi xodimlari malakasini masofadan oshirishdagi prinsipial yondashuvlarni aniqlashtirish, sub’ektlar hamkorligi va tinglovchining motivatsion faoliyatini faollashtirishga oid takliflar asosida Xalq ta’limi vazirligining 2016 yil 10 dekabrdagi 281-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Xalq ta’limi xodimlarining masofadan malakasini oshirish to‘g‘risida» nizom ishlab chiqilgan (Xalq ta’limi vazirligining 2016 yil 20 dekabrdagi 01-366-son ma’lumotnomasi). Mazkur nizom XTXMMO tizimini takomillashtirish, kurslar soni va qamrovini oshirish, o‘quv jarayonini izchil tashkillashtirish va olib borish, tinglovchilarni masofadan malaka oshirishga sifatli tayyorlash, ularning o‘quv faolligini baholash texnologiyalarini joriy etish, t`yutorlarning samarali faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishga xizmat qilgan;

xalq ta’limi xodimlarining malaka oshirishga bo‘lgan kasbiy ehtiyojlarini aniqlash, o‘quv mavzu reja va dasturlarini yangilash va tizimlashtirish, variativ o‘quv mavzulari tarkibini tuzishning konseptual modeliga doir bildirilgan takliflari asosida «Xalq ta’limi xodimlarining malaka oshirishga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlash va buyurtmalarni shakllantirish mexanizmi», Xalq ta’limi vazirligining 2016 yil 4 yanvardagi 1-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan masofadan malaka oshirish kurslari tuzilmasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Xalq ta’limi vazirligining 2016 yil 11 oktyabrdagi 01-02/1-3-313-son va 20 dekabrdagi 01-366-son ma’lumotnomalar). XTXMMO tizimi mazmunini takomillashtirish, optimal o‘quv variantlarini tanlashning avtomatlashtirilgan dasturiy mahsulotini ishlab chiqish mazkur hujjatlar asosida amalga oshirilgan.

xalq ta’limi xodimlari malakasini masofadan oshirish tizimi tashkiliy bo‘g‘inlari faoliyati samaradorligini oshirish hamda nazoratini yuritishga oid ilmiy-nazariy takliflari Xalq ta’limi vazirligining 2015 yil 16 fevraldagi «Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti (markaz)larining ustavini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 34-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan me’yoriy hujjatlarda aks etgan (Xalq ta’limi vazirligining 2016 yil 20 dekabrdagi 01-366-son ma’lumotnomasi). Mazkur hujjatlar asosida masofadan o‘qitishni rivojlantirish markazi va Masofadan o‘qitishni hududiy muvofiqlashtirish markazlari faoliyatini takomillashtirish, tegishli funksional vazifalarni belgilash va amalga oshirish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish