Kuryazova Darmanjan Turaevna
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston moddiy madaniy merosini o‘rganish, saqlash va muzeylashtirishning nazariy-metodologik asoslari», 17.00.06 – Muzeyshunoslik. Tarixiy-madaniy ob’ektlarni konservatsiya qilish, ta’mirlash va saqlash (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.DSc/Tar81.
Ilmiy rahbar: Ismailova Jannat Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi huzuridagi ilmiy daraja beruvchi PhD.02/09.07.2020.Tar.120.01. raqamli ilmiy kengash asosida fan doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Xoliqova Rahbar Ergashevna, tarix fanlari doktori, professor; Salimov Orif Muslimovich, arxitektura fanlari doktori, professor; Ubaydullaeva Barno Mashrabjanovna, tarix fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston moddiy madaniy merosini o‘rganish, saqlash va muzeylashtirishning nazariy-metodologik asoslarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistondagi muzeylar shakllanish bosqichida 1876-1916 yillarda dastlabki 4 ta muzeylarning noixtisoslik faoliyat yuritganligi, 1917-1989 yillarda muzeylar soni 76 taga etganligi, 6 ta ixtisoslik, 14 ta memorial muzey va 3 ta muzey-qo‘riqxona, farmon, qaror va dekretlar qabul qilinganligi kabi tarixiy jarayonda, rivojlanish bosqichida esa 1990-2020 yillarda sohaga oid alohida qonun qabul qilinganligi, 100 dan ziyod 7 ta ixtisoslik muzeylar faoliyati kabi tarixiy jarayonda kechganligi dalillangan;
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi ekspozisiyalarida «Revolyusiya va Sovet davri» siyosati sezilarli darajada aks etganligi, mamlakatimiz tarixiga (Qadimgi davrdan to XX asr boshlarigacha bo‘lgan davr uchun 3 ta bo‘lim, birgina Sovet davri uchun 4 ta bo‘lim) juda kam joy ajratilganligi, Birinchi va Ikkinchi renessans davri allomalaridan faqatgina 6 nafari haqidagi ma’lumotlar ekspozisiyaga qo‘yilganligi arxiv manbalari asosida dalillangan;
jahonda muzeylar moddiy madaniy meros ashyolarini saqlash uslublari nazariy va amaliy jihatdan muzey ashyolarini namlik va hasharotlardan himoya qilish (XVIII a.), fondlar haroratini o‘lchash asbob-uskunalarining qo‘llanilishi (Rus muzeyi, 1901 y.) va tarixiy madaniy meros targ‘ibotining kommunikatsion tizimi ekskursovod lavozimining paydo bo‘lishi (XX asrda), eksponatlar «jonlanishi», bepul mobil` audio gid, eksponatning 3D-modelidan foydalanish kabi tarixiy-tadrijiy rivojlanish bosqichlarda shakllanganligi dalillangan;
O‘rta Osiyoda 1867-1876 yillarda Turkistonga oid turli hujjat, qo‘lyozma va kitoblarning jamlanishi, xalifa Usmon Mushafining Peterburg ommaviy kutubxonasiga jo‘natilishi, Shahrisabz va Kitob bekliklaridan 97 ta qadimiy qo‘lyozmaning olib ketilishi, Xiva xoni kutubxonasidan 300 ga yaqin qo‘lyozma-kitoblar musodara qilinishi, Xiva xoni taxti, muhr, tangalar, etnografik buyumlar markaz muzeylariga olib ketilganligi O‘zbekiston moddiy madaniy meros boyliklarining xorijda jamlanishiga olib kelganligi arxiv manbalari asosida aniqlangan;
Toshkentdagi Mingo‘rik yodgorligi muzeyi, Yunusobod Oqtepasi va Shoshtepa arxeologik ob’ektlarida og‘ir temir konstruksiyalar, avtomobil` yo‘llari va turar joy binolarining ob’ektlarga yaqin qurilishi natijasida vujudga kelgan muammolarni bartaraf etish maqsadida Chilonzor Oqtepa olov ibodatxonasini saqlab qolish taklif loyihasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston moddiy madaniy merosni o‘rganish, saqlash va muzeylashtirish bo‘yicha tadqiqot olib borish davomida olingan ilmiy natijalar asosida:
Rossiya imperiyasi hamda Sovet davrida moddiy madaniy merosni saqlash va muhofazasiga oid ilmiy natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi fondini yangi, ekspozisiyasini ilmiy-uslubiy materiallar bilan boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2020 yil 25 iyundagi 3/1255-1317-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari O‘zbekiston moddiy madaniy merosi, muzey ishi, muzeylar tarixi va moddiy yodgorliklariga oid yangi materiallar asosida keng jamoatchilikka targ‘ib qilishga xizmat qilgan;
muzey fondlarini shakllantirish, muzey ashyolarini majmuaviy tizimda saqlash (konservatsiya va restavratsiya uslublari) va targ‘ib tashviq qilishning o‘ziga xos kommunikatsiya amliyoti bo‘yicha olingan natijalaridan «Ichki ishlar organlari tarixi muzeyi»ni takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2019 yil 23 avgustdagi 2/3779-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning joriy qilinishi muzey ishi, muzeydagi ashyolarni tartibga solish, ularni eskirish jarayonini sekinlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishga xizmat qilgan;
ekskursovodlik faoliyati, muzey ashyolarini hujjatlashtirish va saqlash, muzey eksponatlarini translyatori sifatidagi ahamiyati, muzeylarda moddiy madaniy meros namunalarini saqlash hamda ularni ekspozisiyasini yaratish, muzey ashyolarini to‘plash hamda ekspozisiya mavzusiga oid matnlarni tayyorlashga oid natijalardan «Ichki ishlar organlari tarixi muzeyi»ni takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2019 yil 23 avgustdagi 2/3779-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari muzeyga tashrif buyuruvchilarda O‘zbekistonda Ichki ishlar organlarining takomillashish tarixi haqida ekskursiya matnlarini ishlab chiqishga xizmat qilgan;
O‘zbekistondagi ilk muzeylarning tashkil etilish jarayonlari, unda ilmiy jamiyatlarning roli, sovet davlati hukmronligi yillarida moddiy – madaniy merosga bo‘lgan e’tibor, mustaqillik yillaridagi tarixiy obida, asori – atiqalarni qayta tiklash, bu boradagi hukumat tomonidan qabul qilingan hujjatlarning joriy qilinishga oid natijalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston tarixi» telekanalida namoyish etilgan «Muzeyga sayohat» ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokampaniyasi «O‘zbekiston tarixi» teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2019 yil 29 oktyabrdagi 03/1229-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi O‘zbekistondagi muzeylar tarixini yoritib berishga, moddiy madaniy merosni o‘rganish va muzeylashtirishga oid masalalarni ilmiy nazariy jihatdan targ‘ib qilishga asos bo‘lgan.