Dosbaeva Nargiza Turg‘unpo‘latovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «O‘zbek nasriy adabiyotidan ingliz tiliga tarjimalarning lingvomadaniy tahlili», 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.DSc/Fil135.
Ilmiy maslahatchi: Mamatov Abdi Eshonqulovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.01.10.
Rasmiy opponentlar: Djumabaeva Jamila Sharipovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Usmanova Shoira Rustamovna, filologiya fanlari doktori, professor; Nosirov Abduraxim Abdimutalipovich, filologiya fanlari doktori, dotsent. 
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tilidan ingliz tiliga nasriy tarjimalarda ekvivalentlikka erishishda lingvomadaniy yondashuvning ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek tilidan ingliz tiliga nasriy tarjimadagi lingvomadaniy ekvivalentsizlik hodisasi eksplisit va implisit ifoda qilingan milliy-madaniy xususiyatlar, ekvivalentlikning alohida birliklar darajasida o‘rnatilish talabi, tarjimon shaxsi, vaqtga nisbatan nisbiylik hamda o‘zbek va ingliz tillari o‘rtasidagi sezilarli madaniy tafovutlar kabi ob’ektiv va sub’ektiv omillar tufayli vujudga kelishi dalillangan;
tarjimada lakunani bartaraf qilishga qo‘yiladigan asosiy talab  uning lingvomadaniy komponentini eksplikatsiya qilishdan iborat bo‘lishi, mazkur jarayon “semik tahlil” va “to‘ldirish” metodlari orqali samarali amalga oshirilishi isbotlangan;
o‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjimada xos so‘zlarning etnografik, ijtimoiy, onomastik kabi lingvomadaniy xususiyatlari asosida ekvivalentlikka erishishda xos so‘zning kontekstdagi muhimlik darajasi, lingvomadaniy tabiati, asliyat va tarjima tillari lisoniy tizimlarining imkoniyatlari, tarjima o‘quvchisining madaniyati kabi omillarni hisobga olgan holda leksik transformatsiyalash zarurligi asoslangan;
o‘zbek tili frazeologik birliklari tarjimasidagi lingvomadaniy ekvivalentlik hodisasi etalon obraz, milliy-madaniy va uslubiy konnotatsiya, ko‘p ma’nolilik kabi xususiyatlarini inobatga olib o‘girish asosida vujudga kelishi dalillangan;
o‘zbek tilidan ingliz tiliga bevosita tarjima yo‘nalishida til va madaniyat uzviy bog‘liqligi shartlari asosida muqobil tiklangan lakuna, xos so‘z va frazeologik birliklar lingvomadaniy ekvivalentlikni ta’minlashdagi muhim omillar sifatida xizmat qilishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek nasriy adabiyotidan ingliz tiliga tarjimalarning lingvomadaniy tahlili bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
o‘zbek tilidan ingliz tiliga nasriy tarjimadagi lingvomadaniy ekvivalentsizlik hodisasining eksplisit va implisit ifoda qilingan milliy-madaniy xususiyatlar, ekvivalentlikning alohida birliklar darajasida o‘rnatilish talabi, tarjimon shaxsi, vaqtga nisbatan nisbiylik hamda o‘zbek va ingliz tillari o‘rtasidagi madaniy tafovutlar kabi ob’ektiv va sub’ektiv omillari xususidagi xulosalardan 2015-2018 yillarda Namangan davlat universitetida bajarilgan 561624-EPP-1-UK-EPPKA2-CBHE-SP-ERASMUS+CBHE (2015-3722/001-001-raqamli “Internationalisation and Modernisation of Education and Processes in the Higher Education of Uzbekistan − IMEP  (O‘zbekiston oliy ta’limi jarayonini modernizatsiyalash va xalqarolashuvini rivojlantirish) mavzusidagi Erasmus+ capacity building loyihasining NamDUga tegishli bo‘lgan ish jarayonida (work packages which belong to NamSU) foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 8 iyundagi 89-03-1226-son ma’lumotnomasi). Natijada oliy ta’lim jarayonini modernizatsiyalash va xalqarolashuvini rivojlantirishga qaratilgan vazifalarni amalga oshirish borasida loyiha doirasida yaratilgan ilmiy-metodik tavsiyalar mazmuni mukammallashtirilgan;
tarjimada lakunaning lingvomadaniy komponentini eksplikatsiya qilish, ushbu jarayonning “semik tahlil” va “to‘ldirish” metodlari orqali samarali amalga oshirilishiga doir ilmiy asoslangan natijalaridan Namangan davlat universitetida 2013-2015 yillarda Norvegiyaning Oslo Akersxus amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan “Oliy ta’limda madaniyatlararo muloqot va tarjimashunoslik” mavzusidagi CPEALA-2012/10033 raqamli xalqaro loyiha rejasida ko‘zda tutilgan vazifalarni bajarishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 8 iyundagi 89-03-1226-son ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiyadan olingan ilmiy asoslangan xulosalar loyiha doirasida o‘tkazilgan seminar-treyninglar mazmunini boyitishga, ikki xalqning milliy mentalitetiga xos xususiyatlarni aniqlashga xizmat qilgan;
o‘zbek tili frazeologik birliklari tarjimasida lingvomadaniy ekvivalentlikka erishishda etalon obraz, milliy-madaniy va uslubiy konnotatsiya, ko‘p ma’nolilik kabi xususiyatlarini inobatga olib o‘girishga  doir nazariy va amaliy xulosalardan Andijon davlat universitetida 2017-2020 yillarda bajarilgan OT-F1-18 “Ommaviy lisoniy madaniyatni shakllantirish metodlari va metodologiyasini ishlab chiqish” davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasidagi fundamental loyihasi rejasida nazarda tutilgan vazifalarni bajarishda, jumladan, loyihaning madaniyatlararo muloqot jarayonida yuzaga chiqadigan lingvomadaniy xususiyatlarni tadqiq qilish bilan bog‘liq vazifasini bajarishda  foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 8 iyundagi 89-03-1226-son ma’lumotnomasi). Natijada muloqotning lingvomadaniy xususiyatlariga oid yangicha qarashlar yuzaga kelgan; 
o‘zbek nasriy adabiyotidan ingliz tiliga qilingan tarjimalarda lingvomadaniy komponentli leksikaning ingliz tilidagi alohida leksik birlik va kontekst darajasida so‘z ma’nosini ochib beruvchi sharh shaklidagi muqobil variantlarini aniqlashga oid natija va xulosalardan Namangan viloyat teleradiokompaniyasining “Oltin zamin” radiosida efirga uzatilgan “Til −millat ko‘zgusi” eshittirishida foydalanilgan (Namangan viloyat teleradiokompaniyasining 2020 yil 26 noyabrdagi 08-02-602-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu eshittirish uchun tayyorlangan materialning ta’sirchanligi, rang-barangligi ortgan, mazmunan mukammallashgan, ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan;
o‘zbek tilidan ingliz tiliga bevosita tarjima yo‘nalishida til va madaniyat bog‘liqligi shartlari asosida muqobil tiklangan lakuna, xos so‘z va frazeologik birliklar lingvomadaniy ekvivalentlikni ta’minlashdagi muhim omillar ekanligini asoslovchi xulosalardan Istanbul Tijorat universiteti (Turkiya respublikasi) Ijtimoiy-gumanitar fakul`tetining Ticaret TÖMER kurslarida Amaliy tarjima, Tarjima nazariyasi va tarixi kabi fanlarni o‘qitishda, amaliy tarjima darslari jarayonida foydalanilgan (Istanbul Tijorat universitetining 2021 yil 17 maydagi ma’lumotnomasi). Natijada taklif etilgan materiallar tarjima jarayonidagi tillarga doir milliy-madaniy xususiyatlar muammosini echishga va ularni tarjima qilish usullarini yoritib berishga, tarjimadagi lingvomadaniy jihatlarni o‘rganishga asos bo‘lib xizmat qilgan.  

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish