Toshmatov Elyor Sobirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Asosni hisobga olgan holda gruntli to‘g‘onlarning kuchlanganlik-deformatsiya holatini baholash”, 05.09.06 – “Gidrotexnika va melioratsiya qurilishi”, 01.02.04–“Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/T2012
Ilmiy rahbarlar:
Mirsaidov Mirziyod Mirsaidovich, O‘zR FA akademigi, texnika fanlari doktori, professor
Sultanov Taxirjon Zakirovich, texnika fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.T.10.02 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik Ilmiy Kengash.
Rasmiy opponentlar: texnika fanlari doktori, professor Yangiev Asror Abdixamidovich, texnika fanlari doktori, professor Matkarimov Paxridin Juraevich.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent arxitektura-qurilish instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi gruntli to‘g‘onlarning asosini hisobga olgan holda kuchlanganlik-deformatsiya va dinamik holatlari hamda mustahkamliklarini baholash usullarini ishlab chiqish va ular yordamida yangi loyihalanayotgan va qurilishi rejalashtirilgan gruntli to‘g‘onlarning mustahkamliklarini bashorat qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
gruntli to‘g‘onlarning asosi bilan birgalikda kuchlanganlik-deformatsiya, dinamik holatlari hamda mustahkamliklarini baholash usuli takomillashtirilgan;
gruntli to‘g‘onning asos bilan birgalikda kuchlanganlik- deformatsiyalanish holatlari va mustahkamligi to‘g‘onning xususiy og‘irligi va suvning gidrostatik bosimini hisobga olgan holda baholangan;
gidrostatik bosim ta’sirida gruntli to‘g‘onning asos bilan birgalikda xususiy tebranish chastotalari va shakllari aniqlangan;
har xil kinematik ta’sirlar natijasida suv omboridagi suvning gidrostatik bosimini hisobga olib to‘g‘onning asos bilan birgalikdagi turg‘un majburiy tebranishlari asosida inshootning kuchlaganlik holati va mustahkamligi baholanib, to‘g‘onda xavfli kuchlanishlar paydo bo‘ladigan uchastkalar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Asosni hisobga olgan holda gruntli to‘g‘onlarning kuchlanganlik-deformatsiya holatini baholash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
gruntli to‘g‘onlarning asosini hisobga olgan holda kuchlanganlik deformatsiyalanish holatlarini baholashning hisoblash usuli «Suvloyiha» davlat unitar korxonasida joriy etilgan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 24 avgustdagi 03/27-2442-son ma’lumotnomasi). Natijada, gruntli to‘g‘onlarning kuchlanganlik deformatsiya holatlari, mustahkamligini baholash imkoniyati yaratilgan;
gruntli to‘g‘onlarning asosini hisobga olgan holda dinamik holatlarini baholashning matematik modeli, hisoblash usuli yangi loyihalanayotgan Pskom suv ombori gruntli to‘g‘oni uchun «Gidroproekt» aksiyadorlik jamiyatida joriy etilgan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 24 avgustdagi 03/27-2442-son ma’lumotnomasi). Natijada, Pskom suv ombori gruntli to‘g‘oni mustahkamligini baholash imkonini beradi;
gruntli to‘g‘onning asosini hisobga olmagan va olgan holda xususiy tebranish chastotasi aniqlash, tebranish shakllari «Water house project» mas’uliyati cheklangan jamiyatda joriy etilgan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 24 avgustdagi 03/27-2442-son ma’lumotnomasi). Natijada, foydalanilayotgan suv omborlari gruntli to‘g‘onlarining mustahkamligini baholash imkoniyati yaratilgan.